Dunyodagi eng yirik bir kunlik saylov –Indoneziyada umumiy saylovlar

13.02.2024

1580

msk_yangiliklari_in

Joriy yil 14-fevral kuni Indoneziya Respublikasida navbatdagi umumiy saylovlar oʻtkazilishi rejalashtirilgan.

 

Mazkur saylovlar mamlakatda ikkinchi bora bir vaqtning oʻzida prezident va vitse-prezident juftligi, Xalq vakillari kengashi va Hududlar vakillari kengashi deputatlari hamda 38 ta viloyat va 514 munitsipalitetlarning (regentliklar – viloyatning toʻgʻridan-toʻgʻri boʻysinuvidagi maʼmuriy birlik va shaharlar) mahalliy kengashlari deputatlari saylanishi koʻzda tutilgan.

Mamlakat saylovlarining yana bir oʻziga xosligi, yuqorida aytib oʻtilganidek, saylovchilar prezident va vitse-prezident juftligiga birdaniga ovoz beradi. Vitse-prezident davlat rahbariga oʻz vazifalarini amalga oshirishda koʻmaklashadi va maʼlum sabablarga koʻra prezident mamlakatga rahbarlik qila olmasa uning vazifasini oʻtaydi.

 

Amaldagi Prezident Jokko Vidodo 2014-yilda Prezident etib saylangan. Soʻnggi 2019-yildagi saylovlarda ikkinchi muddatga saylangan boʻlib, bu galgi saylovlarda Konstitutsiyadagi koʻzda tutilgan cheklovlar sababli ishtirok eta olmaydi.

 

2024-yildagi saylov dunyodagi eng yirik bir kunlik saylov boʻlishi kutilmoqda. Uni oʻtkazish uchun mamlakat boʻylab 820 161 ta, xorijda 3 075 ta saylov uchastkalari tashkil etilib, ularda 204 mln 897 ming 222 nafar indoneziya fuqarosi saylovchilar roʻyxatiga, jumladan 1 mln 750 ming 474 kishi xorijdagi saylov uchastkalari roʻyxatlariga kiritilgan.

 

Mamlakatdaga saylovlarning yana bir oʻziga xosligi bu saylovchilar tomonidan ovoz berish byulletenida oʻz tanlovini mix bilan teshgan holda qoldirishida. Buni 2024-yilgi umumiy saylovlar uchun tanlangan ramzlarida (ing. mascot) ham koʻrish mumkin.

Indoneziyadagi saylovlarning oʻlchamiga nafaqat ovoz beruvchilar soni, balki saylov tashkilotchilarining soni ham ishora qiladi. Jami saylovlarni tashkil etish va oʻtkazishda 7 mln 986 ming 280 nafar tashkilotchilar, shularning 6 mln 53 ming 469 nafari turli darajadagi saylov komissiyalarii aʼzolari hamda 1 mln 932 ming 811 nafari saylov komissiyalariga koʻmaklashuvchi xodimlardan iborat.

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur