Demokratik saylov kampaniyalarini o‘tkazish bo‘yicha majburiyatlarni bajarish

06.10.2023

2859

msk_yangiliklari_in

2023-yilning 2-13-oktabr kunlari Varshava shahrida (Polsha) YXHT mintaqasida inson huquqlari va asosiy erkinliklari sohasidagi holatlarni muhokama qilishga bag‘ishlangan “Insoniy o‘lchovlar” konferensiyasi bo‘lib o‘tmoqda.

 

Bu yilgi Varshava konferensiyasi YXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (DIIHB) ko‘magida Shimoliy Makedoniyaning YXHTdagi amaldagi raisligida o‘tkazilmoqda.

 

Konferensiya YXHTga aʼzo davlatlar, soha bo‘yicha hamkorlar, YXHT institutlari va boshqa ijroviy tuzilmalar, shuningdek, hukumatlararo tashkilotlar va fuqarolik jamiyati vakillari hamda boshqa manfaatdor vakillar ishtirok etishmoqda. Konferensiya dasturi demokratik institutlar, qonun ustuvorligi, bag‘rikenglik, diskriminatsiya qilmaslik, asosiy erkinliklar va gumanitar masalalarni qamrab oluvchi YXHTning insoniy meʼyorlari bo‘yicha keng ko‘lamli majburiyatlarini ko‘rib chiqishni o‘z ichiga oladi.

 

 O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi tarkibida Markaziy saylov komissiyasining doimiy aʼzosi G. Raximova ham Varshava konferensiyasida ishtirok etdi.

 

Konferensiya sakkizta tematik plenar majlisni o‘z ichiga oladi. 3-oktabr kuni “Demokratik institutlar” mavzusidagi birinchi yalpi majlis bo‘lib o‘tdi.

 

Yig‘ilishda BMTning Saylovga ko‘maklashish departamenti rahbari Marten Xalff, Chernogoriya parlamentining Gender tenglik qo‘mitasining sobiq raisi Bojena Yelushich, Qirg‘iziston parlamenti aʼzosi Dastan Bekeshevlar taqdimot qildilar.

 

Sessiya ishida ishtirokchi-davlatlar demokratik institutlar va demokratik saylovlar o‘tkazish bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarishda duch keladigan muammolar, turli aholi qatlamlariga ko‘maklashish va kamchilik guruhlari ishtirokini oshirish vositalari ko‘rib chiqildi.

 

Xususan, YXHTga aʼzo davlatlar demokratik va erkin saylovlarni inson huquqlari bo‘yicha tegishli standartlarga to‘liq mos holda o‘tkazish majburiyatini olgani qayd etildi. Ular DIIHBga saylovlarni kuzatish va ular bo‘yicha tavsiyalarni amalga oshirishda ishtirokchi davlatlarga yordam berish vazifasini yukladilar.

 

O‘tgan yilgi saylovlarni kuzatish natijalari shuni ko‘rsatadiki, YXHTga aʼzo davlatlar saylov jarayonida texnologik integratsiyaga eʼtiborni kuchaytirish, siyosiy kampaniyalar uchun ijtimoiy media platformalaridan foydalanishni oshirish va saylov kampaniyasini moliyalashtirish bilan bog‘liq masalalar hamda dezinformatsiya va maʼlumotlarning tarqalishi kabi bir qator umumiy muammolarni hal qilishmoqda. Biroq, ayrim davlatlar mojarolar va ular bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlar natijasida demokratik saylovlarni tashkil etishda muammolarga duch kelmoqda.

 

Nogironligi bo‘lgan shaxslarning saylov huquqlarini taʼminlash, saylovlarda xotin-qizlar, erkaklar, yosh saylovchilarning teng ishtirokini taʼminlash bilan bog‘liq ko‘p yillik muammolarga alohida eʼtibor qaratildi. Demokratik institutlar jamiyatning xilma-xilligini aks ettirishi, har bir fuqaroning siyosiy va ijtimoiy hayotda teng ishtirokini taʼminlashi kerakligi taʼkidlandi.

 

Yalpi majlisda so‘zga chiqqan G. Raximova O‘zbekiston YXHT doirasida demokratik saylovlar kampaniyasini o‘tkazish bo‘yicha o‘z zimmasiga olgan barcha majburiyatlarni bajarayotganini taʼkidladi. Buni joriy yilda bo‘lib o‘tgan Konstitutsiyaviy referendum va muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi yana bir bor tasdiqladi.

 

G. Raximova YXHT DIIHB missiyasi tavsiyalariga konstruktiv munosabatda bo‘lganini qayd etib, referendum va navbatdan tashqari prezidentlik saylovlari yakunlari bo‘yicha O‘zbekistonga berilgan yuksak baho uchun Byuroga minnatdorlik bildirdi.

 

MSK aʼzosi yig‘ilish ishtirokchilariga bugungi kunda O‘zbekistonda saylov tizimi va qonunchilikni yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, shuningdek, YXHT DIIHB saylovni kuzatish bo‘yicha missiyalari tavsiyalariga muvofiq takomillashtirish jarayoni ketayotgani haqida maʼlumot berdi.

 

Yalpi majlis davomida YXHTga aʼzo davlatlarga saylovlar davomida duch keladigan muammolarni hal etish bo‘yicha ilg‘or tajriba almashish bo‘yicha aniq tavsiyalar berildi.

 

Varshava konferensiyasi YXHT DIIHB tomonidan tashkil etilgan qator parallel uchrashuvlar, shuningdek, ishtirokchi davlatlar va nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari tomonidan chaqirilgan qo‘shimcha uchrashuvlarni o‘z ichiga oldi.

 

Shunday qilib, “Demokratik institutlar” mavzusidagi birinchi yalpi majlisda YXHT DIIHB “Saylov boshqaruvini kuzatish bo‘yicha qo‘llanma” taqdimotini o‘tkazdi.

 

                                   

 

Qayd etilishicha, ushbu nashr saylovlarni kuzatish metodologiyasining ushbu sohadagi yanada takomillashtirilganligini anglatadi va DIIHBning saylov va referendumni kuzatish missiyalari, cheklangan kuzatuv missiyalari, baholash missiyalari va ekspertlar hayʼati faoliyati hamda saylov organi faoliyatini har tomonlama, tizimli va izchil baholash kabi barcha muhim maʼlumotnoma materialini taqdim etadi.

 

Taqdimot tashkilotchilari ushbu Qo‘llanma saylovni boshqarish organlari, siyosiy partiyalar, fuqarolik jamiyati institutlari va xalqaro tashkilotlar kabi mavzuga qiziqqan kengroq auditoriya uchun ham foydali vosita bo‘lishiga umid bildirishdi.

 

Fikr almashish jarayonida G. Raximova ham maʼruza qildi.

 

Markaziy saylov komissiyasi

 

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur