Oʻzbekiston Respublikasi delegatsiyasi Indoneziya Respublikasi umumiy saylovlar kuzatishda ishtirok etdi

14.02.2024

3209

msk_yangiliklari_in

Indoneziya Respublikasi Umumiy saylov komissiyasining taklifiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisi oʻrinbosari B. Kuchkarov boshchiligidagi delegatsiya Indoneziya Respublikasining umumiy saylovlarini kuzatishda ishtirok etdi.

 

       

Kuzatuvchilar “Indoneziya saylovlariga tashrif dasturi” doirasida joriy yilning 13-fevral kuni Saylov tizimlari xalqaro jamgʻarmasi (IFES), Erkin saylovlar uchun Osiyo tarmogʻi (ANFREL) va Indoneziya Umumiy saylov komissiyasi hamkorligida tashkil etilgan “Oʻzaro bogʻliqlik: demokratiya, texnologiya va saylovlar haqqoniyligini” mavzusidagi konferensiyada hamda xalqaro kuzatuvchilar uchun saylov uchastkasida ovoz berish jarayonini yoritib beruvchi brifingda ishtirok etishdi.

 

     

Konferensiyaning mavzusi bugungi kunda texnologiyalarning inson hayotidan, shu jumladan saylovlarni tashkil etishda inkor etib boʻlmas darajada katta ahamiyat kasb etayotganining yana bir isboti. Kоnferensiyada “Jadal texnologik oʻzgarishlar davrida saylovlar haqqoniyligini taʼminlash”, “Saylovlarga oid dezinformatsiyaga qarshi kurashish tashabbuslari”, “Texnologiyalar va saylovlar haqqoniyligi” hamda “Raqamli sohada demokratiyani himoya qilish” kabi mavzularda fikr almashildi.

 

   

Tashrif dasturi davomida xorijiy kuzatuvchilar Umumiy saylov komissiyasining binosiga tashrif buyurdilar. U yerda Komissiya raisi X.Asyari kuzatuvchilarni Komissiyaning faoliyati bilan yaqindan tanishtirdi hamda joriy saylovlarga tayyorgarlik koʻrish jarayonlari toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berdi.

 

 

Shu kunning oʻzida saylov uchastkasida ovoz berish jarayonini yoritib beruvchi brifing tashkil etildi va unda uchastka saylov komissiyasining saylovchilar bilan ishlash tartibi Umumiy saylov komissiyasi kotibiyati xodimlari tomonidan bosqichma-bosqich namoyish etildi. Soʻng, mutasaddilar ishtirok etuvchilarni qiziqtirgan savollarga javob berishdi. Xususan, uchastka saylov komissiyalarining ish vaqti ishtirokchilarni eʼtiborini tortdi. Taʼkidlanishicha, uchastka saylov komissiyalari soat 07:00 da faoliyatini qasamyod qilishdan boshlab, soat 13:00 da ovoz berishni yakunlaydi. Shu vaqt agar saylov uchastkasida navbatini kutayotgan saylovchi boʻlsa unga ovoz berish imkoniyati yaratilib, soʻng saylov uchastkasi yopiladi va ovozlarni sanash jarayoni boshlanadi. Eʼtiborlisi, tadbirda saylov uchastkalaridagi taqsimotga koʻra ulardagi saylovchilar roʻyxatida 300 nafargacha saylovchi kiritilganligi taʼkidlandi.

 

   

Saylov kuni mahalliy qonunchilikka koʻra umummiliy bayram kuni tashkil etilishi yoki shu kunni dam olish kuni etib eʼlon qilinishi belgilangan. Bu safar mamlakat prezidentining alohida qarori bilan 14-fevral 2024-yil mamlakat boʻylab dam olish kuni etib belgilandi.

 

14-fevral – ovoz berish kuni oʻzbekistonlik kuzatuvchilar Jakarta shahrida joylashgan bir qator saylov uchastkalarida boʻlib, ovoz berish hamda ovozlarni sanab chiqish jarayoni bilan bevosita tanishdilar. Kuzatuv jarayonida saylov organlari masʼullari va ovoz berishga kelgan fuqarolar bilan saylov jarayonlari, nomzodlar, siyosiy partiyalar va saylovning tashkiliy jihatlariga bogʻliq masalalar haqida suhbatlashib, ularning fikrlarini oʻrgandilar. Oʻz navbatida, saylovda saylovchilar faol ishtirok etgani taʼkidlash lozim.

 

Mazkur saylovlarning yana bir oʻziga xos jihati bu saylov uchastkalarida xar bir ovoz beruvchiga 4 tadan 5 tagacha saylov byulletenlari berilib, ular orqali prezident va vitse-prezident juftligi, milliy qonun chiqaruvchi organning ikki palatasi hamda maʼmuriy birlikdan kelib chiqqan holda mahalliy vakillik organlariga oʻtkazilayotgan saylovlarda ovoz beriladi.

 

Nomzodlarning va siyosiy partiyalarning guvohlari (kuzatuvchilari) saylov uchastkasida ovoz berishning barcha bosqichlarini diqqat bilan kuzatib, saylovda ishtirok etgan saylovchilar sonini va ovozlar sanab chiqish jarayonida oʻz nomzodlari toʻplagan ovozlarni belgilab borishdi.

 

   

 

 

Kuzatuv yakunida delegatsiya aʼzolari xorijiy kuzatuvchilar bilan saylovlar oʻtkazilish borasida fikr almashish maqsadida tashkil etilgan yakuniy brifingda ishtirok etishdi. Indoneziyadagi umumiy saylovlarning oʻtkazilishi yuzasidan xorijiy kuzatuvchilar ijobiy fikrlarini bildirib, saylovlarni yuqori tashkiliy darajada oʻtgani taʼkidladilar.

 

     

MARKAZIY SAYLOV KOMISSIYASI

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur