08.03.2025

325

msk_yangiliklari_in

Muhtarama onaxonlar!

 

Qadrli opa-singillar!

 

Sizlarni go‘zal va betakror Vatanimizga bahor nafasi kirib kelgan ushbu farahli kunlarda ezgulik, go‘zallik va oilaviy qadriyatlar bayrami  8-mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni bilan chin dildan, samimiy muborakbod etishdan g‘oyat mamnunmiz!

 

Bu bayram buvilarimizga, onalarimizga, opa-singillarimizga, qizlarimizga mehr-muruvvatimizni yanada oshiradigan, ularning sha’niga eng samimiy va ezgu tilaklarimizni, chuqur hurmat-ehtiromimizni izhor etadigan quvonchli ayyomdir.

 

Milliy davlatchiligimizning qadimiy va boy tarixida ayollar hech qachon davlat va jamiyatning Yangi O‘zbekistondagi kabi yuksak e’zoz-e’tibori va g‘amxo‘rligiga sazovor bo‘lmagan. Mamlakatimiz milliy saylov tizimini rivojlantirishga faol hissa qo‘shayotgan xotin-qizlarimizning saflari tobora kengayib borayotgani ana shunday doimiy g‘amxo‘rlikning amaldagi yuksak samaralaridandir.

 

2024-yili 27-oktyabr kuni o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar, tumanlar, shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlari sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishda bunday yuksak e’tibor yana bir bor namoyon bo‘ldi.

 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylangan deputatlarning 38 foizini xotin-qizlar tashkil etgani fikrimizning dalilidir. Bu O‘zbekiston tarixida eng yuqori ko‘rsatkichdir. 

 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi va hududiy saylov komissiyalari a’zolarining 41 foizini, tuman va shahar saylov komissiyalari a’zolarining 43 foizini, okrug saylov komissiyalari a’zolarining 48 foizini ayollar tashkil etdi. Uchastka saylov komissiyalarida ish yuritgan ayollarimizning safi esa yanada keng - 53,6 foizdir.

 

Ushbu raqamlar zamirida davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan Yangi O‘zbekistonda inson qadrini ulug‘lash avvalo aziz va mukarrama ayollarimizni ulug‘lashdan boshlanadi degan ezgu tamoyil asosida xotin-qizlarning siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy faolligini oshirish, huquq va manfaatlarini ta’minlash, gender tenglikni qaror toptirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli buyuk islohotlarning ulkan samaralari mujassamdir. 

 

Muhtarama onaxonlar, qadrli opa-singillar!

 

Barchangizga avvalo, mustahkam sihat-salomatlik, oilaviy baxt va uzoq umr tilaymiz. Hayotingizdan, xonadoningizdan hech qachon fayzu baraka arimasin. Go‘zal Vatanimizning ravnaqi yo‘lidagi xayrli ishlaringizda hamisha yuksak muvaffaqiyatlar yor bo‘lsin!     

 

O‘zbekiston Respublikasi

Markaziy saylov komissiyasi jamoasi

 

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur