Mazmunan yangi va texnologik saylovlarga start berildi

26.07.2024

2625

msk_yangiliklari_in

Bugun, 26 iyul kuni Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisi va bir qator tadbirlari bo‘lib o‘tdi.

 

Joriy yilda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari Kengashlari saylovini Konstitutsiya va qonunlarga to‘la muvofiq holda yuqori saviyada o‘tkazish kun tartibining asosiy masalasi bo‘ldi.

 

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 128-moddasiga ko‘ra, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari Kengashlari saylovi ularning vakolat muddati tugaydigan yil oktyabr oyining uchinchi o‘n kunligi birinchi yakshanbasida o‘tkazilishi belgilangan.

 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari Kengashlari deputatlarining vakolat muddati 2024 yilda tugashini inobatga olib, saylovlar joriy yilning 27 oktyabrida o‘tkazilishi va saylov kampaniyasi 26 iyuldan boshlanishi haqida Markaziy saylov komissiyasining qarori qabul qilindi.

 

 

Qayd etish kerakki, ushbu saylovlar Konstitutsiyamizda belgilab berilgan mutlaqo yangi ijtimoiy-siyosiy muhitda o‘tkazilayotganligi alohida ahamiyat kasb etadi.

 

Majlisda ta’kidlanganidek, bu saylovlarning o‘ziga xosligi quyidagilarda namoyon bo‘ladi.

 

Birinchidan, O‘zbekiston tarixida ilk bor Oliy Majlis Qonunchilik palatasi saylovlari aralash saylov tizimi, ya’ni majoritar-proporsional tizim asosida o‘tkaziladi.

 

Deputatlarning 75 nafari bevosita majoritar tizim asosida, ya’ni saylovchilar o‘zlariga maqbul nomzodlarga ovoz berishi yo‘li bilan, qolgan 75 nafari esa, proporsional tizim bo‘yicha siyosiy partiyalarga berilgan ovozlar asosida saylanishadi.

 

Ikkinchidan, barcha darajadagi saylov komissiyalari faoliyati, ularning saylov jarayonlari ishtirokchilari bilan o‘zaro munosabatlari to‘liq raqamlashtirildi. Endilikda saylov tartibotlaridagi byurokratiya, ortiqcha vaqt sarfi va hujjatlar harakati qisqartirildi.

 

Uchinchidan, saylov qonunchiligi ilg‘or demokratik standartlarga mos ravishda tubdan takomillashtirildi. Jumladan, saylov organlarining Markaziy saylov komissiyasi boshchiligidagi yangi tizimi joriy etildi, siyosiy partiyalar tomonidan deputatlikka nomzodlarni ko‘rsatishda ayollarning ulushi kamida 40 foiz bo‘lishi belgilandi. Bundan tashqari, deputatlikka nomzod saylanishi uchun saylovchilarning nisbiy ko‘pchiligi ovozini olishi belgilandi. Unga ko‘ra, nomzod tegishli saylov okrugida boshqa nomzodlarga nisbatan ko‘proq ovoz to‘plagan taqdirda deputat bo‘lib saylanishi mumkin bo‘ladi va shu orqali takroriy ovoz berishni tashkil etish talab etilmaydi.

 

To‘rtinchidan, saylov Yangilangan Konstitutsiya mustahkamlagan kuchli parlamentarizm va joylarda vakillik organlarining vakolatlari sezilarli darajada kuchaytirilgan sharoitda o‘tadi. Xususan, Qonunchilik palatasining mutlaq vakolatlari amaldagi 5 tadan 12 taga, Senatda esa, 12 tadan 18 taga ko‘paytirildi. Parlamentning ijro etuvchi, sud, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va maxsus xizmatlar faoliyati ustidan nazorat funksiyalari kengaytirildi. Hokimlarning xalq deputatlari Kengashlariga rahbarlik qilishi bekor qilindi. Davlat hayotining muhim masalalarini hal etishda vakillik organlarining rolini oshirish maqsadida avval hokimlar vakolatida bo‘lgan 33 ta vakolatlar mahalliy Kengashlarga o‘tkazildi.

 

Majlisda mazkur saylov mamlakatimizda demokratik davlatchilikning yorqin namunasi, fuqarolarimizning saylash va saylanish, davlat organlarini demokratik tarzda shakllantirishda ishtirok etishga bo‘lgan konstitutsiyaviy huquqlarini ro‘yobga chiqarishda muhim ahamiyatga ega ekanligi alohida ta’kidlandi.

 

Saylovda Qonunchilik palatasining 150 nafar deputati, Senatning 56 nafar a’zosi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi 65 nafar deputati, viloyatlar va Toshkent shahar, 208 ta tuman (shahar) Kengashlari deputatlari saylanadi. Shunga ko‘ra, 30 mingga yaqin nomzodlar, 90 mingga yaqin ularning ishonchli vakillari saylov jarayonida faol ishtirok etishi hamda 120 mingdan ortiq saylov komissiyalari a’zolari tashkilotchi sifatida, 70 mingdan ortiq mahalliy va xorijiy (xalqaro) kuzatuvchilar ishtiroki kutilmoqda.

 

Saylovning mamlakat hayotidagi alohida o‘rnini e’tiborga olib, ushbu jarayonda fuqarolarni keng jalb etish maqsadida Markaziy saylov komissiyasi tomonidan 27 oktyabrdagi saylov “Mening tanlovim – obod Vatanim” shiori ostida o‘tkazilishi e’lon qilindi.

 

Tadbir doirasida saylovning texnologik yangiligi sifatida ishga tushirilgan “E-saylov” axborot tizimining taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi.

 

 

“E-saylov” axborot tizimi orqali saylov komissiyalarining siyosiy partiyalar, nomzodlar, kuzatuvchilar va ommaviy axborot vositalari bilan deyarli 60 turdagi munosabatlari to‘liq elektron tarzda amalga oshiriladi.

 

Axborot tizimi boshqa elektron platformalar bilan integratsiya qilingan bo‘lib, saylovdagi ko‘pgina tartib-taomillar inson omilisiz to‘liq avtomatlashtirilgan tarzda amalga oshiriladi.

 

Mazkur tizimda 400 mingga yaqin saylov jarayoni ishtirokchilari, jumladan saylov komissiyalari a’zolari, deputatlikka nomzodlar, kuzatuvchilarga oid katta ma’lumotlar bazasi shakllanadi. Axborot tizimidan 32 ming nafar saylov jarayoni ishtirokchilari professional tarzda foydalanishadi. Foydalanuvchilar bilan 40 turdagi SMS-xabarnomalar orqali muloqot o‘rnatiladi.

 

“E-saylov” axborot tizimida fuqarolar uchun ham saylovga oid axborotlarni olishda bir qator qulayliklar joriy etilgan. Xususan, axborot tizimi saylovchilar va saylov uchastkalariga oid statistik ma’lumotlarni olish, barcha turdagi saylovlar bo‘yicha deputatlikka nomzodlar haqida axborotga ega bo‘lish, interaktiv xaritalarda deputatlikka nomzodlar va ularning tarjimai holi bilan tanishish imkonini beradi.

 

Majlisda qayd etilganidek, “E-saylov” axborot tizimi saylovlarni texnologik va ochiqlik jihatdan mutlaqo yangi bosqichga olib chiqmoqda.

 

Ta’kidlash kerakki, Saylov kodeksining 37-moddasiga ko‘ra, Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzod ko‘rsatish huquqiga siyosiy partiyalar ega.

 

Saylovda ishtirok etish uchun siyosiy partiyalar saylov kampaniyasi boshlanganligi e’lon qilingan kundan kamida to‘rt oy oldin Adliya vazirligi tomonidan ro‘yxatga olingan bo‘lishi va partiyaning saylovda ishtirok etishini qo‘llab-quvvatlovchi kamida 40 ming saylovchining imzosini to‘plashi lozim.

 

Bundan tashqari, komissiya majlisida saylovni o‘tkazish bilan bog‘liq tadbirlarni saylov qonunchiligida belgilangan muddatlarda bosqichma-bosqich o‘tkazilishini ta’minlash yuzasidan kalendar reja tasdiqlandi. Majlisda ta’kidlanganidek, Markaziy saylov komissiyasi xolis va mustaqil konstitutsiyaviy organ sifatida bo‘lajak saylovga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish bilan bog‘liq barcha tadbirlarni milliy qonunchilik, xalqaro saylov standartlariga to‘la muvofiq holda ochiq va oshkora o‘tkazilishini ta’minlash bo‘yicha barcha choralarni ko‘radi. 

 

Majlisda shuningdek, Markaziy saylov komissiyasi huzurida Matbuot markazi tashkil etildi.

 

Markaziy saylov komissiyasi

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur