YXHTGA AʼZO DAVLATLARDA SAYLOVLARNI KUZATISH BOʻYICHA MILLIY KOORDINATORLARNING NAVBATDAGI YIGʻILISHI

23.01.2024

1969

msk_yangiliklari_in

Markaziy saylov komissiya Raisining oʻrinbosari B.Kuchkarov 2023-yil 2-3-fevral kunlari Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosining (YXHT DIIHB) Varshava shahridagi (Polsha) tashkilotga aʼzo ishtirokchi davlatlarda saylovlarni kuzatish boʻyicha milliy koordinatorlar yigʻilishida ishtirok etdi.

 

Yigʻilishni DIIHB direktori Matteo Mekachchi ochib berdi.

 

Qayd etilishicha, DIIHB mustaqil va xolis xalqaro kuzatuvga ehtiyoj bor deb hisoblagan mamlakatlarga saylovni kuzatish boʻyicha oʻz missiyalarini yuboradi. Saylovlarni kuzatish boʻyicha DIIHB missiyalari saylovlarda asosiy huquq va erkinliklarga qay darajada rioya etilayotganligini baholaydi hamda missiyaning saylovlarni kuzatishda uzoq muddatli, keng qamrovli, izchil va tizimli metodologiyasi bevosita tenglik, universallik, siyosiy plyuralizm, ishonchlilik, oshkoralik va hisobdorlik bilan tavsiflanadi. DIIHB saylovga oid qonun hujjatlarini qaytadan koʻrib chiqish, texnik ekspertizani taqdim etish va fuqarolar kuzatuvchilari guruhlari faoliyatiga koʻmak berish orqali hokimiyatlarning saylov jarayonlarini takomillashtirish va Byuro saylovni kuzatish missiyalarining tavsiyalarini amalga oshirish borasidagi saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatlaydi.

 

Yigʻilish kun tartibida kuzatuvchilarni safarbar etish va saralab olish amaliyoti, ularning saylov, referendumni kuzatishda bevosita ishtirok etishi, shuningdek, saylovlarni kuzatish boʻyicha milliy koordinatorlar rolini oshirishga oid qator masalalar oʻrin oldi.

 

Seksiya yigʻilishlarida milliy koordinatorlar DIIHB missiyalarida 2022-yilda amalga oshirilgan ishlar sarhisobini hamda boʻlajak saylovlar taqvimi va joriy yilgi kuzatuv tadbirlarini muhokama qildilar.

 

Shuningdek, koordinatorlarning qisqa va uzoq muddatli kuzatuvchilarni tayyorlash ishlarida qoʻshadigan hissasi masalalari ham muhokama qilindi. Ishtirokchilarga DIIHBning 2023-yilgi saylov kuzatuvchilari uchun oʻquv faoliyati toʻgʻrisida maʼlumotlar berildi.

 

Uchrashuvda Oʻzbekiston Respublikasi vakillarining xorijiy davlatlardagi saylovlarni xalqaro kuzatishda samarali ishtirokini tashkil etish yuzasidan fikr almashildi. Markaziy saylov komissiyasi raisi oʻrinbosari B. Kuchkarov taʼkidlaganidek, mamlakatimizda xalqaro hamkorlik, jumladan, saylov qonunchiligi va saylov amaliyotini takomillashtirish masalalarida ochiqlik siyosati izchil davom ettirilmoqda.

 

1999-yildan buyon Byuro missiyalarini saylovlarni kuzatishga taklif qilish orqali DIIHB bilan faol hamkorlik qilib kelinmoqda. Oʻz navbatida, Oʻzbekiston vakillari ham xalqaro kuzatuvchi sifatida YXHT DIIHBning saylovni kuzatish missiyalarida ishtirok etmoqdalar. Oʻzbekistonning 27 nafar vakillari YEXHT DIIHBning qisqa va uzoq muddatli kuzatuvchilarni tayyorlash boʻyicha oʻquv-treninglarida tahsil olgan. Shulardan 9 nafari qisqa muddatli va 18 nafari uzoq muddatli kuzatuvchi sertifikatiga ega.

 

YXHTga aʼzo ishtirokchi davlatlarda saylovlarni kuzatish boʻyicha milliy koordinatorlar yigʻilishiga DIIHBning Saylovlar boʻyicha boʻlimi raislik qildi.

 

Markaziy saylov komissiyasi