Joriy yil 8-iyun kuni Markaziy saylov komissiyasida YXHT DIIHBning muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovlarni kuzatish bo‘yicha missiyasining asosiy guruh vakillari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda MSK Raisi Z.Nizamxodjayev missiya rahbari elchi Ursula Yuzefa Gachek, uning o‘rinbosari Aliksiy Lichkovax hamda missiya ekspertlari Anna Melikyan va Masha Yanushevichlar bilan muloqot olib bordi.
Uchrashuv chog‘ida Markaziy saylov komissiyasi raisi Z.Nizamxodjayev shu kunlarda muddatidan ilgari Prezident saylovi kampaniyasi tobora qizg‘in pallaga kirib borayotgani, bu masʼuliyatli jarayon Markaziy saylov komissiyasi tomonidan Saylov kodeksida belgilangan tartiblarga binoan izchillik bilan muvofiqlashtirib borilayotganini taʼkidlab o‘tdi.
Jumladan, muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazish bo‘yicha Kalendar rejasiga muvofiq saylovlarni o‘tkazuvchi 14 ta okrug va 10 ming 784 ta uchastka saylov komissiyalari shakllantirilganligi, Markaziy saylov komissiyasining Matbuot markazi va tezkor axborot markazi faoliyati yo‘lga qo‘yilganini, bugungi kunga qadar 229 nafar ommaviy axborot vositalari vakillarining akkreditatsiyadan o‘tkazilganligi va hamkor tashkilotlar bilan birgalikda boshqa qator ishlar amalga oshirilayotgani taʼkidlandi.
Shuningdek, saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarga oshkoralik berish maqsadida tadbirlarning tartibi, bosqichlari va muddatlari haqidagi axborotlar eng avvalo saylovchilarga hamda siyosiy partiyalarga Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-sayti va boshqa ommaviy axborot vositalari orqali tezkorlik bilan yetkazilayotgani xususida so‘z yuritildi.
Uchrashuvda YXHT DIIHBning O‘zbekistonda o‘tkazilgan saylovlarni kuzatish missiyalarining xulosalari bo‘yicha hisobotlaridagi tavsiyalarni milliy qonunchiligimizga va amaliyotimizga implementatsiya qilish, saylovlarga oid huquqiy bazani takomillashtirish borasida olib borilayotgan ishlarga alohida to‘xtalib o‘tildi.
Missiya rahbari elchi Ursula Yuzefa Gachek taʼkidlaganidek, DIIHB missiyasining asosiy guruh vakillari tajribali ekspertlardan, shu jumladan, siyosiy, huquqiy, media hamda saylov sohasidagi tahlilchilar, DIIHB xodimlari va maslahatchilaridan iborat bo‘ladi.
Shuningdek, asosiy guruh ekspertlaridan tashqari missiya tarkibiga uzoq va qisqa muddatli kuzatuvchilar ham qo‘shilishini hamda YXHT DIIHB o‘rtasida samarali hamkorlikning mustahkamlanib borilayotganidan mamnun ekanligini taʼkidlab o‘tdi.