O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatligiga siyosiy partiyalar tomonidan ko‘rsatilgan nomzodlarni ro‘yxatga olish

20.09.2024

640

msk_yangiliklari_in

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatligiga siyosiy partiyalar tomonidan ko‘rsatilgan nomzodlarni ro‘yxatga olish

 

Toshkent shahri,                                                                                                              2024-yil 20-sentyabr

                                                                           Simpoziumlar saroyi                                                                                                            soat: 12:30

 

Assalomu alaykum, hurmatli jurnalistlar!

Hurmatli anjuman ishtirokchilari!

 

Mamlakatimizda joriy yilning 27-oktyabr, yakshanba kuni “Mening tanlovim – obod Vatanim” shiori ostida bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari sayloviga tayyorgarlik ishlari o‘zining qizg‘in pallasiga kirmoqda.

 

So‘zimning avvalida alohida qayd etmoqchimanki, ushbu muhim siyosiy tadbirga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish borasidagi barcha ishlarning saylov qonunchiligiga qat’iy rioya qilingan holda o‘tkazilishi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tizimli ravishda muvofiqlashtirilib borilmoqda.

 

Bunda barcha darajadagi saylov komissiyalari faoliyati, ularning saylov jarayonlari ishtirokchilari bilan o‘zaro munosabatlari to‘liq raqamlashtirilgani muhim ahamiyat kasb etmoqda.

 

Komissiyamizning bugun, ya’ni 20-sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan navbatdagi majlisida ham muhim masalalar ko‘rib chiqildi.

 

Ushbu jarayon haqida ma’lumot berishdan avval 2023-yilning 18-dekabridagi “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga saylov va referendum o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonunga binoan Qonunchilik palatasi deputatlari saylovi bu yil saylovning aralash, ya’ni majoritar va proporsional tizimi asosida o‘tkazilishiga yana bir bor e’tiboringizni qaratmoqchiman.

 

Boshqacha aytganda, bu yil parlamentning quyi palatasiga saylanadigan bir yuz ellik deputatning yetmish besh nafari bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha saylovchilarning bevosita nomzodlarga bergan ovozlariga muvofiq saylanadi.

 

Qolgan, yetmish besh nafari esa yagona saylov okrugi bo‘yicha siyosiy partiyalarga berilgan ovozlarga mutanosib ravishda siyosiy partiyalar tomonidan ko‘rsatilgan nomzodlar ro‘yxati (ya’ni partiya ro‘yxati) asosida saylanadi.

 

Eslatib o‘taman, Komissiyamizning shu yil 10-avgust kuni bo‘lib o‘tgan majlisida Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini o‘tkazish bo‘yicha bir mandatli saylov okruglarini tuzishga doir masala ko‘rib chiqilib, yetmish beshta bir mandatli saylov okrugini tuzish to‘g‘risida qaror qabul qilingan edi.

 

Saylov kampaniyasida ishtirok etishiga ijozat berilgan beshta siyosiy partiya tomonidan bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatligiga ko‘rsatilgan jami 375 nafar nomzod ro‘yxatga olindi.

 

Ayni paytda, yagona saylov okrugi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatligiga mazkur beshta siyosiy partiya tomonidan ko‘rsatilgan jami 500 nafar nomzodlar ro‘yxati ro‘yxatga olindi. Ma’lumki, yagona saylov okrugi bo‘yicha 75-100 nafar deputatlikka nomzod partiya ro‘yxatiga binoan ko‘rsatilishi mumkin.

 

Tariximizda birinchi marta beshta siyosiy partiya tomonidan barcha darajadagi deputatlik o‘rinlariga 100 foiz nomzodlar ko‘rsatildi.

 

Xususan, siyosiy partiyalar tomonidan bu yil Qonunchilik palatasiga jami 875 nafar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat va Toshkent shahar Kengashlariga 3 625 nafar, xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlariga jami 24 850 nafar nomzodlar, ya’ni barcha saylov okruglarida nomzodlar to‘liq ko‘rsatilishi imkoniga ega bo‘ldi.

 

Bunda, “E-saylov” interaktiv portalining ishga tushgani ham muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Bu tizim orqali siyosiy partiyalar nomzodlarning qonunchilik talablariga mosligi holati bo‘yicha saylov komissiyalari bilan tezkor ishlash imkoniyatiga ega bo‘ldi.

 

Mamlakatimiz milliy saylov tizimida ilk bor joriy etilgan
“Ye-saylov” tizimi saylovga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida o‘zining qulayligini to‘la namoyon etmoqda. Mazkur interaktiv portalning qulayligi shundaki, saylov komissiyalari tomonidan ro‘yxatga olingan jami 29 350 nafar deputatlikka nomzodlarning mobil telefonlariga ular tegishli vakillik organi saylovi bo‘yicha deputatlikka nomzod etib ro‘yxatga olinganliklari, “Ye-saylov” tizimi yordamida ishonchli vakillarini ro‘yxatdan o‘tkazishi mumkinligi va saylovoldi tashviqoti boshlanishi va muddatlari to‘g‘risida xabarnomalar yuboriladi.

 

Bundan tashqari, saylovoldi tashviqoti davrida deputatlikka nomzodlarga 10 ga yaqin saylov jarayoni bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa SMS xabarnomalari ham yuboriladi. Shuningdek, siyosiy partiyalardan kuzatuvchilar, nomzodlarning ishonchli vakillari “Ye-saylov” tizimi orqali ro‘yxatdan o‘tkaziladi hamda ularning guvohnomalari tizimda avtomatik tarzda shakllanib, ularga yuboriladi. Avvalgidek saylov komissiyalariga borishlari shart emas.

 

Qonunchilik palatasi deputatligiga siyosiy partiyalardan ko‘rsatilgan nomzodlar orasida ayollar soni 391 nafarni yoki 44,7 foizni tashkil etdi. Bu saylov tariximizdagi eng yuqori ko‘rsatkichdir.

 

Avvalgi saylovlarga qaraganda nomzodlar ham ancha yoshargan. Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlarning o‘rtacha yoshi 47,2 yosh. Ulardan 44,2 foizi
45 yoshgacha bo‘lganlar, 44,3 foizi – 45-60 yoshdagilardir. Nomzodlar orasida eng yoshi 25 yosh.

 

Nomzodlarning 99,3 foizi oliy ma’lumotli.

 

Nomzodlar orasida iqtisodchilar – 20,2 foiz, pedagoglar – 27,9 foiz, muhandislar – 7,9 foiz, shifokorlar – 9,1 foiz, huquqshunoslar – 16,5 foiz, tadbirkor, fermer va boshqa soha vakillari 18,4 foizni tashkil etadi.  

 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Xalq deputatlari viloyatlar, Toshkent shahar hamda tumanlar (shaharlar) Kengashlariga har bir partiyadan nomzodlar ro‘yxatga olingan bo‘lib, deputatlik mandati uchun 28 475 nafar nomzodlar kurash olib boradi.

 

Nomzodlarning 42,5 foizini xotin-qizlar tashkil etadi.

 

Nomzodlarning o‘rtacha yoshi 44,4 yoshni tashkil etib, ulardan 54,9 foizi 45 yoshgacha bo‘lganlar, 36,4 foizi – 45-60 yoshdagilardir.

 

Viloyat Kengashiga nomzodlar orasida eng yoshi 24 yosh, tuman Kengashiga nomzodlar orasida eng yoshi 21 yosh.

 

Nomzodlarning 90,3 foizi oliy ma’lumotli.

 

Nomzodlar orasida pedagoglar – 36 foiz, iqtisodchilar – 15,8 foiz, muhandislar – 9,6 foiz, shifokorlar – 9,4 foiz, huquqshunoslar – 3,3 foiz, tadbirkor, fermer va boshqa soha vakillari 25,9 foizni tashkil etadi.

 

Parlament va mahalliy kengashlar deputatligiga nomzodlar orasida mamlakatimizda yashayotgan aksariyat millat va elatlarning vakillari ham bor. Jumladan, nomzodlarning 973 nafari tojik, 588 nafari qozoq, 146 nafari turkman, 141 nafari qirg‘iz, 67 nafar rus va boshqa millatlarni tashkil etadi.

 

Nomzodlarni ko‘rsatishda siyosiy partiyalar inklyuzivlikka ham alohida e’tibor qaratganini kuzatish mumkin. Jumladan, Qonunchilik palatasi saylovi bo‘yicha deputatlikka nomzodlar orasida jami 11 nafar va mahalliy Kengashlar saylovi bo‘yicha deputatlikka nomzodlar orasida jami 605 nafar nogironligi bo‘lgan shaxslar mavjud. Bunday yuqori darajadagi inklyuzivlik birinchi marotaba kuzatilmoqda.

 

Hurmatli anjuman ishtirokchilari!

 

Markaziy saylov komissiyasining bugungi majlisida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlar deputatlari saylovida ishtirok etuvchi siyosiy partiyalar va deputatlikka nomzodlarning saylov kampaniyasi davridagi saylovoldi tashviqoti to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi.

 

Qaror bilan Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlar deputatlari saylovi bo‘yicha deputatlikka nomzodlarning va siyosiy partiyalarning saylovoldi tashviqoti 2024-yil 22-sentyabrdan boshlanishi belgilandi.

 

Saylovoldi tashviqoti davrida siyosiy partiyalar va deputatlikka nomzodlarning ommaviy axborot vositalarida chiqishlari siyosiy partiyalarga saylovda ishtirok etishi uchun ijozat berilgan navbatini inobatga olib, quyidagi tartibda amalga oshiriladi:

 

birinchi – Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi;

 

ikkinchi – O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi;

 

uchinchi – O‘zbekiston Ekologik partiyasi;

 

to‘rtinchi – O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi;

 

beshinchi – O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi.

 

Markaziy saylov komissiyasining qarori bilan davlat markaziy va hududiy teleradiokanallari hamda gazetalarida deputatlikka nomzodlar va siyosiy partiyalar uchun saylovoldi tashviqoti davrida bepul efir vaqti hajmi hamda nashr maydoni hajmi ajratildi. Unga ko‘ra:

 

– MTRKning “O‘zbekiston 24”, “O‘zbekiston”, “Yoshlar”, “Mahalla”, “Madaniyat va ma’rifat” telekanallarida va “O‘zbekiston 24”, “O‘zbekiston”, “Yoshlar”, “Mahalla” radiokanallarida siyosiy partiyalarga tashviqot ishlarini olib borish, ularning oliy organlari yig‘ilishlari, maqsad va vazifalari bilan saylovchilarni keng tanishtirish maqsadida har bir partiyaga 1-haftada 60 daqiqa, 2-haftada 45 daqiqa, 3-5-haftalarda 30 daqiqadan efir vaqti ajratish;

 

– siyosiy partiyalarning roliklari efirga yagona 150 soniyalik blokda (har bir partiya uchun 30 soniyadan) har bir kanalda bir kunda 4 martadan uzatish;

 

– MTRKning 14 ta hududiy teleradiokanallari siyosiy partiyalar bilan kelishgan holda, “praym-taym” vaqtlarda, ketma-ketlik va vaqt tengligini ta’minlagan 150 daqiqadan, jami 2 100 daqiqa efir vaqti, shuningdek roliklar uchun har bir partiyaga kuniga 2 daqiqadan jami 66 daqiqa efir vaqti ajratish;

 

– “Yangi O‘zbekiston”, “Правда Востока”, “Xalq so‘zi”, “Народное слово” gazetalarida tashviqot davriga har bir partiya 4,5 sahifadan, “Овози тожик”, “Нурлы жол” gazetalarida 2 sahifadan bepul nashr maydoni ajratish;

 

– Respublikasi bo‘yicha 25 ta mahalliy gazetalarda hajmi va davriyligidan kelib chiqib, bepul nashr maydoni ajratish belgilandi.

 

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, Markaziy saylov komissiyasining 2024-yil 2-iyuldagi qarori bilan saylovoldi tashviqotini olib borish bo‘yicha nizom tasdiqlangan bo‘lib, mazkur nizomda ilk marotaba sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda saylovoldi tashviqoti materiallarini tayyorlash va tarqatish masalalari tartibga solingan.

 

Xususan, siyosiy partiyalar va deputatlikka nomzodlar sun’iy intellekt yordamida tayyorlangan tashviqot materillarida ushbu materiallarda sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanib tayyorlanganligi haqida ma’lumotlar ko‘rsatish;

 

har qanday shaxsning tasvirga va uning ovoziga bo‘lgan huquqlarini, shuningdek, boshqa shaxsiy nomulkiy huquqlarini buzmaslik;

 

biror-bir shaxsning tasviri va ovozi, shuningdek boshqa shaxsga doir ma’lumotlaridan foydalanilganda ushbu shaxsning oldindan roziligini olish kabi qoidalarga amal qilish kerak.

 

Ommaviy axborot vositalari saylovoldi tashviqoti davrida bepul ajratiladigan efir vaqti va nashr maydoni doirasida deputatlikka nomzodlarning va siyosiy partiyalarning saylovoldi tashviqoti davrida chiqishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratishi belgilandi.

 

Yangiliklar dasturlarida va boshqa axborot materiallarida Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlar deputatlari saylovida ishtirok etuvchi siyosiy partiyalar va deputatlikka nomzodlarning saylov kampaniyasi davrida saylovoldi tadbirlarini yoritishda tenglik prinsipiga rioya etiladi.

 

Saylov qonunchiligiga muvofiq siyosiy partiyalar va deputatlikka nomzodlarga davlat va nodavlat ommaviy axborot vositalarida, shuningdek internet nashrlarda efir vaqti yoki chop etish maydoni pulli asosda ham ajratilishi mumkin.

 

Efir vaqti, chop etish maydoni uchun ommaviy axborot vositalari tomonidan belgilanadigan to‘lov shartlari va boshqa talablar barcha siyosiy partiyalar va deputatlikka nomzodlar uchun teng va bir xil bo‘lishi kerak.

 

Shu bilan birga, siyosiy partiyalar saylovoldi tashviqotini olib borishning turlari, shakllari va usullarini hamda davlat byudjetidan shu maqsadlar uchun ajratilgan mablag‘lardan foydalanishni mustaqil belgilaydilar.

 

E’tiboringiz uchun rahmat!

 

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur