MSK Matbuot markazi
2023-yil 30-aprel
soat: 18:00
Hurmatli anjuman ishtirokchilari!
Xonimlar va janoblar!
Bugun kun davomida Sizlarga ovoz berish jarayoni va ovoz beruvchi fuqarolarning ishtiroki to‘g‘risida maʼlumotlarni yetkazib bormoqdamiz. Hozir navbatdagi maʼlumotlarni eʼtiboringizga havola qilamiz.
Joylardan 17:00 ga qadar olingan maʼlumotlarga ko‘ra O‘zbekiston hududidagi 19 million 414 ming 914 nafar referendumda ovoz berish huquqiga ega fuqarolarimizdan 15 mln 802 ming 95 nafari yoki 81,39 (sakson bir butun yuzdan o‘ttiz to‘qqiz) foizi ovoz berdi.
Hozirga qadar Vladivostok, Tokio, Seul, Kvandju, Pekin, Shanxay, Guandjou, Kuala-Lumpur va Singapur shaharlaridagi referendum uchastkalarida ovoz berish jarayonlari yakunlandi. Ushbu referendum uchastkalarida ovoz berish natijalarini aniqlash, byulletenlarni sanash jarayonlari boshlangan.
Toshkent vaqti bilan soat 17:00 da AQSHning Vashington va Nyu-Yorkdagi referendum uchastkalarida ovoz berish boshlandi.
Boshqa xorijiy mamlakatlarda tuzilgan referendum uchastkalarida ovoz berish jarayoni davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz xorijiy davlatlardagi referendum uchastkalarida 307 ming 895 nafar fuqarolar ovoz beruvchi fuqarolar ro‘yxatiga kiritilgan.
Markaziy saylov komissiyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasining referendumiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonlarida referendum natijalariga taʼsir qilmaydigan ayrim kamchiliklar aniqlandi.
Jumladan, ayrim referendum uchastkalarida ovoz beruvchilarning ro‘yxatlari o‘z vaqtida barcha tanishib chiqishi uchun stendga joylashtirilmaganligi yoki rais va kotibi tomonidan imzolanmagan hamda komissiya muhri bilan tasdiqlanmaganligi, ko‘zi ojiz fuqaro ovoz berish uchun o‘z vaqtida Brayl alifbosi asosida tayyorlangan trafaret taqdim etilmaganligi, yashirin ovoz berish kabinasiga oila aʼzolari bilan birgalikda kirib ovoz berishga urinish holatlari bo‘ldi.
Shu bilan birga, bugun Internet va ayrim ijtimoiy tarmoqlarda referendum jarayoniga oid kamchiliklar to‘g‘risida ayrim maʼlumotlar tarqaldi. Ular orasida afsuski asoslanmagan axborotlar ham yo‘q emas.
Masalan, 14-Toshkent referendum okrugi 129-referendum uchastkasida bir ayolning ikki marotaba ovoz berayotgan fotosurati tarqalgan. Komissiya aʼzolari tomonidan bu holat o‘rganilganda, shu jumladan, kameralardagi yozuvlar ko‘tarib ko‘rilganda u haqiqatga to‘g‘ri kelmasligi maʼlum bo‘ldi.
Shu sababli, barchani, ayniqsa OAVlarni maʼlumotlar tarqatishda xolis va obyektiv bo‘lishga chaqirib qolamiz.
Hurmatli referendum jarayonining ishtirokchilari: kuzatuvchilar va ommaviy axborot vositalari vakillari, referendum tashkilotchilari.
Qariyib 2 soatdan so‘ng, yaʼni soat 20:00 da mamlakatimiz hududidagi 10 ming 758 ta referendum uchastkalarining barchasida fuqarolarning ovoz berish jarayonlari to‘liq yakunlanadi va natijalarni aniqlash jarayoni boshlanadi.
Ochiqlik va oshkoralik bilan o‘tayotgan mazkur referendumda fuqarolarimizning har bir ovozi inobatga olinishi shart.
Referendumda ovoz berish natijalari haqqoniyligini taʼminlashning eng samarali yo‘li bu – jamoatchilik nazoratidir.
Shuning uchun referendum jarayoni barcha ishtirokchilaridan ovozlarni sanab chiqish jarayonida qonun talablariga qatʼiy amal qilgan holda, bu jarayonni qatʼiyat bilan amalga oshirishlarini so‘rab qolamiz.
Eʼtiborlaringiz uchun rahmat!