O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY SAYLOV KOMISSIYASINING RAISI ZAYNIDDIN NIZAMXODJAYEVNING MATBUOT ANJUMANIDAGI NUTQI

10.07.2023

4764

msk_yangiliklari_in

MSK Matbuot markazi

2023-yil 10-iyul,

soat: 11:00

Aziz Vatandoshlar!

Hurmatli anjuman ishtirokchilari! 

Xonimlar va janoblar!

 

Kecha, 9-iyul kuni muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo‘lib o‘tdi. 

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi xalqaro mezonlar va standartlar asosida milliy saylov qonunchiligimizga, unda belgilangan ochiqlik, oshkoralik, shaffoflik, erkinlik va adolat kabi umumeʼtirof etilgan demokratik prinsiplarga to‘la mos holda, ko‘tarinki ruhda o‘tkazildi.

 

To‘rtta siyosiy partiya va ularning nomzodlari o‘rtasida o‘tgan Prezident saylovi O‘zbekistonda erkinlik va demokratiya amalda mustahkamlanib borayotganining yorqin namoyishidir!

 

So‘nggi yillarda mamlakatimiz milliy saylov qonunchiligida jiddiy o‘zgarishlar yuz berdi. Nufuzli xalqaro ekspertlar taʼkidlaganidek, O‘zbekistonda saylov qonunchiligini izchil takomillashtirish hamda saylovlarni o‘tkazish amaliyoti sifat jihatidan yangi, yanada yuksak pog‘onaga ko‘tarildi.

 

Ayni paytda, O‘zbekiston tarixida ilk bor o‘tkazilgan muddatidan ilgari Prezident saylovini nisbatan qisqa vaqt ichida yuqori saviyada tashkil etilishi va xalqaro talablar darajasida o‘tkazilishi mamlakatimiz saylov tizimi va mutasaddi tashkilotlarning yuksak salohiyati va qobiliyatini namoyon etdi. 

 

Bu galgi Prezident saylovi joriy yilning 30-aprel kuni umumxalq referendumida qabul qilingan yangilangan Konstitutsiya talablari asosida o‘tdi.

 

Mamlakatimizning yangilangan Konstitutsiyasi fuqarolarning saylash va saylanish huquqini yanada keng va to‘la taʼminlash hamda milliy saylov tizimini takomillashtirishga qaratilgan yangi moddalar bilan boyitildi. 

 

Shuni alohida taʼkidlashni istardimki, O‘zbekistonning barcha hududlarida fuqarolar saylovda faol ishtirok etdi va erkin ovoz berdi. Fursatdan foydalanib, mamlakatimizning barcha saylovchi-fuqarolariga saylovdagi faol ishtiroki uchun samimiy minnatdorlik bildiraman.

 

Prezident saylovini nufuzli xalqaro tashkilotlar, jumladan, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik Tashkilotining Parlament Assambleyasi hamda Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi va MDH Parlamentlararo Assambleyasi, Turkiy davlatlar tashkiloti, Turkiy davlatlar Parlament Assambleyasi hamda Islom hamkorlik tashkiloti kabi o‘n beshta xalqaro tashkilotdan va 47 ta xorijiy davlatdan jami 800 nafarga yaqin xalqaro kuzatuvchi hamda 1 400 nafar mahalliy va xorijiy mamlakatlarning ommaviy axborot vositalari vakillari bevosita kuzatib va yoritib bordi.

 

Shuningdek, saylovda ishtirok etgan siyosiy partiyalardan va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan 53 ming 677 nafar vakillar saylovni bevosita kuzatib bordi.

 

Hurmatli matbuot anjumani ishtirokchilari!

 

Saylovchilar ro‘yxatiga kiritilgan 19 mln 593 ming 838 nafar saylovchidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida chet ellarda ovoz bergan vatandoshlarimiz bilan birga hisoblaganda, 15 million 651 ming 405 nafar saylovchi ishtirok etdi. Bu saylovchilar umumiy sonining 79 butun yuzdan 88 foizidan iboratdir. 

 

Bunda Jizzax viloyati saylovchilari respublikada eng yuqori faollikni ko‘rsatdilar, yaʼni 85 butun yuzdan 28 foiz.

 

Eng past ko‘rsatgich Toshkent shahrida, yaʼni 72 butun yuzdan 97 foizni tashkil qildi.

 

Dastlabki maʼlumotlarga ko‘ra, muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga saylov o‘tkazuvchi saylov uchastkalarining barchasida saylov byulletenlari sanab chiqilgan.

 

Siyosiy partiyalar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ko‘rsatilgan nomzodlar saylovchilarning quyidagi miqdordagi ovozini oldi:

 

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan nomzod Ulug‘bek Ilyosovich Inoyatov – 629 ming 116 ovoz yoki 4 butun yuzdan 2 foiz;

 

O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan nomzod Robaxon Anvarovna Mahmudova – 693 ming 634 ovoz yoki 4 butun yuzdan 43 foiz;

 

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan nomzod Shavkat Miromonovich Mirziyoyev – 13 million 625 ming 55 ovoz yoki 87 butun yuzdan 5 foiz;

 

O‘zbekiston Ekologik partiyasidan nomzod Abdushukur Xudoyqulovich Hamzayev – 585 ming 711 ovoz yoki 3 butun yuzdan 74 foiz.

 

Haqiqiy emas deb topilgan saylov byulletenlari soni 117 ming 889 ta yoki nol butun yuzdan 76 foizni tashkil qildi.

 

Saylov kodeksiga ko‘ra, ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning yarmidan ko‘pining ovozini, yaʼni 50 foizdan ortiq ovoz olgan nomzod Prezident etib saylangan, deb hisoblanadi.

 

Ushbu maʼlumotlarga tayanib, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan nomzod Shavkat Miromonovich Mirziyoyev saylovchilarning eng ko‘p – 87 butun yuzdan 5 foiz ovozini olib, muqobillik asosida o‘tgan saylovda ishonchli g‘alaba qozonganini va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylanganini maʼlum qilamiz.

 

Markaziy saylov komissiyasi nomidan Shavkat Miromonovichni ushbu ishonchli g‘alaba bilan samimiy muborakbod etishga ijozat etgaysizlar!

 

Prezidentlikka o‘tkazilgan saylov bo‘yicha saylovga doir qonunchilik talablari qo‘pol ravishda buzilganligi holatlari haqida xabar va maʼlumotlar tushmadi.

 

Fursatdan foydalanib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligi sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni milliy saylov qonunchiligimiz hamda umumeʼtirof etilgan demokratik tamoyillarga mos, yuksak tashkiliy darajada o‘tkazish ishiga o‘zining munosib hissasini qo‘shgan Markaziy saylov komissiyasi, barcha okrug va uchastka saylov komissiyalari aʼzolariga, vazirliklar, idoralar, tashkilotlar, boshqa mutasaddilarga minnatdorlik bildiraman.

 

Ayniqsa, saylov jarayonlarini xolisona va tezkor yoritilishida, sifatli tahliliy maʼlumotlarni saylovchilarga keng tarqatishda jonbozlik ko‘rsatgan ommaviy axborot vositalari vakillariga, jurnalist va blogerlarga alohida eng samimiy minnatdorchiligimizni bildiramiz.

 

Eng asosiy, o‘zining yuksak huquqiy va siyosiy madaniyatini namoyon etib saylovda faol ishtirok etgan buyuk O‘zbekiston xalqiga tashakkur aytamiz.

 

Eʼtiboringiz uchun rahmat!

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur