O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Raisi Zayniddin NIZAMXODJAEVning O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari va mahalliy kengashlar deputatlari saylovlari bo‘yicha saylov kompaniyasi boshlanganligini e’lon qilishga bag‘ishlangan BRIFINGDAGI NUTQI

26.07.2024

1417

msk_yangiliklari_in

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Raisi Zayniddin NIZAMXODJAEVning

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari va mahalliy kengashlar deputatlari saylovlari bo‘yicha saylov kompaniyasi boshlanganligini e’lon qilishga bag‘ishlangan

BRIFINGDAGI NUTQI

 

Toshkent shahri,                                                                             2024-yil 26-iyul

Simpoziumlar saroyi                                                                         soat 11:30

 

 

Assalomu alaykum, hurmatli brifing ishtirokchilari!

 

Hurmatli Xonimlar va janoblar!

 

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi hozirgina o‘zining majlisida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovlariga doir muhim qarorlarni qabul qildi.

 

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 128-moddasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesiga, viloyatlar, tumanlar, shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlariga saylovlar tegishincha ularning konstitutsiyaviy vakolat muddati tugaydigan yilda – oktyabr oyi uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasida o‘tkaziladi.

 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi hamda mahalliy Kengashlar deputatlari besh yil muddatga saylanadi. Amaldagi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi hamda mahalliy Kengashlarga deputatlar saylovlari 2019-yili o‘tkazilgan.

 

Demak, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 128-moddasiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi hamda mahalliy Kengashlar deputatlari saylovlari 2024-yil 27-oktyabr, yakshanba kuni o‘tkaziladi.

 

 

Saylovning mamlakat hayotidagi alohida o‘rnini e’tiborga olib, ushbu jarayonga fuqarolarni keng jalb etish maqsadida 27-oktyabrdagi saylov “Mening tanlovim – obod Vatanim” shiori ostida o‘tkaziladi.

 

Markaziy saylov komissiyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va Saylov kodeksida belgilangan muddatlardan kelib chiqib, bugundan, ya’ni 2024-yil 26-iyuldan O‘zbekiston Respublikasi Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovlari bo‘yicha saylov kampaniyasiga start berilib, Kalendar reja tasdiqlandi.

 

Hurmatli brifing ishtirokchilari!

 

Ta’kidlash joizki, bu yilgi saylovlar mazmunan yangi bo‘lishi bilan bir qatorda, saylovlarda raqamli texnologiyalar imkoniyatlaridan keng foydalanish rejalashtirilmoqda.

 

Birinchidan, O‘zbekiston tarixida ilk bor Oliy Majlis Qonunchilik palatasi saylovlari aralash saylov tizimi, ya’ni majoritar-proporsional tizim asosida o‘tkaziladi.

 

Deputatlarning 75 nafari majoritar tizim asosida, ya’ni saylovchilar o‘zlari tanlagan nomzodga ovoz berish yo‘li bilan, qolgan 75 nafari esa, proporsional tizim bo‘yicha siyosiy partiyalarga berilgan ovozlar asosida saylanishadi.

 

Ikkinchidan, barcha darajadagi saylov komissiyalari faoliyati, ularning saylov jarayonlari ishtirokchilari bilan o‘zaro munosabatlari to‘liq raqamlashtirildi. Saylov tartibotlaridagi byurokratiya, ortiqcha vaqt sarfi va hujjatlar harakati qisqartirildi.

 

Endilikda Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan hamkorlikda milliy saylov tizimiga “E-Saylov” axborot tizimining joriy etilgani bu yilgi saylovlardagi muhim yangiliklardan yana biridir.

 

Uchinchidan, saylov qonunchiligi ilg‘or demokratik standartlarga mos ravishda tubdan takomillashtirildi. Jumladan, saylov organlarining Markaziy saylov komissiyasi boshchiligidagi yangi tizimi joriy etildi, siyosiy partiyalar tomonidan deputatlikka nomzodlarni ko‘rsatishda ayollarning ulushi kamida 40 foiz bo‘lishi belgilandi.

 

Bundan tashqari, deputatlikka nomzod saylanish uchun saylovchilarning nisbiy ko‘pchiligi ovozini olish lozimligi belgilandi. Unga ko‘ra, nomzod tegishli saylov okrugida boshqa nomzodlarga nisbatan ko‘proq ovoz to‘plagan taqdirda deputat bo‘lib saylanishi mumkin bo‘ladi va shu orqali takroriy ovoz berishni tashkil etish talab etilmaydi.

 

To‘rtinchidan, saylov Yangilangan Konstitutsiya mustahkamlagan kuchli parlamentarizm va joylarda vakillik organlarining vakolatlari sezilarli darajada kuchaytirilgan sharoitda o‘tmoqda.

 

Xususan, Qonunchilik palatasining mutlaq vakolatlari amaldagi 5 tadan 12 taga, Senatda esa, 12 tadan 18 taga ko‘paytirildi. Parlamentning ijro etuvchi, sud, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va maxsus xizmatlar faoliyati ustidan nazorat funksiyalari kengaytirildi.

 

Hokimlarning xalq deputatlari Kengashlariga rahbarlik qilishi bekor qilindi. Davlat hayotining muhim masalalarini hal etishda vakillik organlarining rolini oshirish maqsadida avval hokimlar vakolatida bo‘lgan 33 ta vakolatlar mahalliy Kengashlarga o‘tkazildi. Bu esa partiyalar va nomzodlar o‘rtasida faol raqobat muhitini shakllanishiga xizmat qiladi.

 

2024-yil 27-oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar, tuman va shahar Kengashlariga saylovlar bo‘lib o‘tadi.

 

Ushbu saylovlarda Konstitutsiyamiz va xalqaro saylov standartlariga binoan O‘zbekistonning oliy davlat vakillik va qonun chiqaruvchi organi hamda mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarining tarkibi yangilanishi ta’minlanadi.

 

O‘zbekiston Respublikasining milliy saylov qonunchiligi va amaliyotining tizimli ravishda demokratik andozalarga hamohang tarzda takomillashtirilib kelinayotgani fuqarolarning saylov huquqini keng va to‘la ta’minlash borasida sifat o‘zgarishlarini amalga oshirishga xizmat qilmoqda.

 

2023-yilning 18-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga saylov va referendum o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun buning yaqqol dalilidir.

 

Xalq deputatlari viloyatlar, tuman va shahar Kengashlariga saylovlar hududiy bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha besh yil muddatga o‘tkaziladi. Ushbu Kengashlardagi deputatlik o‘rinlari soni aholi sonidan kelib chiqqan holda belgilanadi.

Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzod ko‘rsatish huquqiga siyosiy partiyalar ega.

 

Siyosiy partiya saylov kampaniyasi boshlanganligi e’lon qilingan kundan kamida to‘rt oy oldin O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan ro‘yxatga olingan va o‘zining saylovda ishtirok etishini qo‘llab-quvvatlovchi kamida qirq ming saylovchining imzosini to‘plagan holda deputatlikka nomzodlar ko‘rsatishi mumkin.

 

Qonunchilik palatasi deputatlari saylovi bo‘yicha Markaziy saylov komissiyasi tomonidan saylov kampaniyasi boshlanganligi e’lon qilingandan keyin, saylovda ishtirok etish istagini bildirgan holda murojaat qilgan siyosiy partiyalarga belgilangan namunadagi imzo varaqalarining blankalari beriladi.

 

Xalq deputatlari viloyatlar, tuman va shahar Kengashlariga saylovlarda ishtirok etishga ijozat olish va deputatlikka nomzodlar ko‘rsatish uchun siyosiy partiyalar tomonidan saylovchilarning qo‘llab-quvvatlovchi imzolarini to‘plash talab etilmaydi.

 

Bitta ma’muriy-hududiy tuzilmada (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyat, Toshkent shahri) siyosiy partiya qirq ming saylovchining ko‘pi bilan sakkiz foiz imzosini to‘plashi mumkin.

 

Siyosiy partiyalar taqdim etgan imzo varaqalarining to‘g‘ri to‘ldirilganligi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan besh kunlik muddatda tekshiriladi.

 

Markaziy saylov komissiyasi imzo varaqalari to‘g‘ri to‘ldirilganligini tekshiruvchi ekspert guruhini tuzadi.

 

Qonunchilik palatasi hamda mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzodlar ko‘rsatish saylovga oltmish besh kun qolganida boshlanadi va saylovga qirq besh kun qolganida tugaydi.

 

Nomzodlarni ro‘yxatga olish saylovga o‘ttiz besh kun qolganida tugallanadi.

 

Deputatlikka nomzod sifatida ro‘yxatga olish uchun qo‘yiladigan talablar Saylov kodeksida belgilab qo‘yilgan.

 

Qonunchilik palatasiga deputatlikka nomzodlar ko‘rsatish siyosiy partiyalarning yuqori organlari tomonidan amalga oshiriladi.

Siyosiy partiyalar:

 

bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha deputatlikka yetmish besh nafar nomzod, ya’ni har bir saylov okrugidan bittadan deputatlikka nomzod ko‘rsatadi;

 

partiya ro‘yxati bo‘yicha yetmish besh nafardan kam bo‘lmagan, yuz nafardan ko‘p bo‘lmagan deputatlikka nomzod ko‘rsatadi.

 

Bir mandatli saylov okruglarida ayni bir shaxs faqat bitta saylov okrugidan deputatlikka nomzod etib ko‘rsatilishi mumkin.

 

Partiya ro‘yxatiga kiritilgan nomzodlar ushbu siyosiy partiyaning a’zolari yoki partiyasiz bo‘lishi mumkin. Boshqa siyosiy partiyaning a’zolari ushbu ro‘yxatga kiritilishi mumkin emas. Bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha ko‘rsatilgan nomzodlar partiya ro‘yxatiga kiritilishi mumkin emas.

 

Gap mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzodlar haqida borar ekan, bunda ham siyosiy partiyalarning tegishli organlari tomonidan nomzodlar ko‘rsatilishini ta’kidlashimiz o‘rinli bo‘ladi.

 

Siyosiy partiyalar tegishli hududda joylashgan har bir saylov okrugidan mahalliy Kengashlar deputatligiga bittadan nomzod ko‘rsatishga vakolatlidir.

 

Xabaringiz bor, saylov qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarga binoan, ayollarning saylanish huquqiga doir imkoniyatlari yanada kengaytirildi.

 

Jumladan, endilikda Qonunchilik palatasiga ayollarning salmog‘i bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha, shuningdek partiya ro‘yxati asosida siyosiy partiyadan ko‘rsatilgan deputatlikka nomzodlar sonining kamida qirq foizini tashkil etishi kerak. Bunda partiya ro‘yxatidagi ketma-ketlikda kamida har besh nafar nomzodning ikki nafari ayol kishi bo‘lishi lozim.

 

Ayollarning salmog‘i siyosiy partiyadan ko‘rsatilgan mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzodlar umumiy sonining kamida qirq foizini tashkil etishi shart.

 

O‘zbekistonda saylov jarayonlariga raqamli texnologiyalarni joriy etish - doimiy e’tibor qaratilayotgan eng muhim yo‘nalishlardan biridir.

 

Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati, Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimining so‘nggi yillarda o‘tkazilgan saylovlarda muvaffaqiyatli qo‘llanilgani shular jumlasidandir.

 

Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan hamkorlikda milliy saylov tizimiga “E-Saylov” axborot tizimining joriy etilgani, qayd etilganidek, bu yilgi saylovlardagi muhim yangilik hisoblanadi.

 

“E-Saylov” axborot tizimi orqali saylov komissiyalarining siyosiy partiyalar, nomzodlar, kuzatuvchilar va ommaviy axborot vositalari bilan deyarli 60 turdagi munosabatlari to‘liq elektron tarzda amalga oshiriladi.

 

Mazkur tizimda 400 mingga yaqin saylov jarayoni ishtirokchilari, jumladan saylov komissiyalari a’zolari, deputatlikka nomzodlar, kuzatuvchilarga oid katta ma’lumotlar bazasi shakllanadi.

 

Axborot tizimidan 32 ming nafar saylov jarayoni ishtirokchilari professional tarzda foydalanishadi. Foydalanuvchilar bilan 40 turdagi SMS-xabarnomalar orqali muloqot o‘rnatiladi.

 

“E-Saylov” axborot tizimida fuqarolar uchun ham saylovga oid axborotlarni olishda bir qator qulayliklar joriy etilgan. Xususan, axborot tizimi saylovchilar va saylov uchastkalariga oid statistik ma’lumotlarni olish, barcha turdagi saylovlar bo‘yicha deputatlikka nomzodlar haqida axborotga ega bo‘lish, interaktiv xaritalarda deputatlikka nomzodlar va ularning tarjimayi holi bilan tanishish imkonini beradi.

 

Ma’lumki, mamlakatimizda saylov komissiyalari tizimi ham davr talabi va demokratik tamoyillar asosida yanada takomillashtirildi. Jumladan, saylov organlarining Markaziy saylov komissiyasi boshchiligidagi yangi tizimi joriy etildi.

 

Endilikda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovini o‘tkazuvchi komissiyalar tizimi quyidagilardan iborat:

 

 

·     Markaziy saylov komissiyasi;

 

-     hududiy saylov komissiyalari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi;

 

-     tuman va shahar saylov komissiyalari;

 

-     xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga saylov o‘tkazish bo‘yicha okrug saylov komissiyalari;

 

-     uchastka saylov komissiyalari.

 

Markaziy saylov komissiyasi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari tomonidan to‘qqiz nafar a’zodan iborat tarkibda tuzildi va barcha a’zolari doimiy asosda faoliyat yuritmoqda.

 

Markaziy saylov komissiyasining a’zolari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining tavsiyasiga ko‘ra Qonunchilik palatasi hamda Senat tomonidan saylanadi.

 

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi saylovga kamida sakson kun qolganida hududiy saylov komissiyalarini tuzadi.

 

Markaziy saylov komissiyasining 2024-yil 29-maydagi “Viloyatlar va Toshkent shahar hududiy saylov komissiyalarini tuzish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq mamlakatimiz tarixida birinchi marta viloyatlar va Toshkent shahar hududiy saylov komissiyalari tuzildi.

 

Hududiy saylov komissiyalari viloyatlar va Toshkent shahri chegaralarida tuzildi.

 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida Qonunchilik palatasi deputatlari saylovlariga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish bilan bog‘liq hududiy saylov komissiyalarining vakolatlarini Qoraqalpog‘iston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi amalga oshiradi.

 

Hududiy saylov komissiyalari a’zolarining umumiy soni – 267 nafar (56 foizi – erkaklar, 44 foizi – ayollar).

 

Hududiy saylov komissiyasi saylovga kamida yetmish besh kun qolganida tuman, shahar saylov komissiyalarini tuzadi.

 

Okrug saylov komissiyasi tegishli hududiy saylov komissiyasi tomonidan saylovga kamida yetmish kun qolganida tuziladi.

 

Uchastka saylov komissiyasi tegishli hududiy saylov komissiyasi tomonidan saylovga kamida qirq kun qolganida tuziladi.

 

Saylovlarni yuqori saviyada tashkil etishda saylov komissiyalari a’zolarining milliy saylov qonunchiligi va amaliyoti hamda xalqaro saylovga oid standartlar bo‘yicha bilim va amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlash muhim ahamiyatga ega.

 

Markaziy saylov komissiyasi tomonidan 2024-yil 27-may kuni tasdiqlangan va ijrosiga jadal kirishilgan Saylov komissiyalari a’zolarining malakasini oshirishni tashkil etish konsepsiyasi ana shunday maqsadga xizmat qiladi.

 

Konsepsiya doirasidagi o‘qitish ishlari uch yo‘nalish va ikki bosqichda amalga oshiriladi. Mashg‘ulotlarda zamonaviy axborot texnologiyalaridan keng foydalaniladi. Ayni paytda, malakali ekspertlar tomonidan tayyorlangan o‘quv-uslubiy materiallar, jumladan, qo‘llanmalar, ma’ruza matnlari, topshiriq savollari, test, taqdimot, infografika, video-dars va boshqa materiallar tinglovchilar e’tiboriga havola etiladi.

 

Ayni kunlarda mazkur Konsepsiyada belgilangan vazifalarning ijrosini ta’minlash borasidagi ishlar izchillik bilan davom ettirilmoqda. 

 

Saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida saylovoldi tashviqoti alohida ahamiyat kasb etadi. Saylovoldi tashviqoti deputatlikka nomzodlarni ro‘yxatga olish uchun belgilangan oxirgi kunning ertasidan, ya’ni 22-sentyabrdan e’tiboran boshlanadi.

 

Saylov kuni va ovoz berishga bir kun qolganida tashviqotga yo‘l qo‘yilmaydi.

 

Tashviqot ommaviy axborot vositalari, telekommunikatsiya, Internet jahon axborot tarmog‘i, bosma, ko‘rgazmali, audiovizual va boshqa tashviqot materiallarini (plakatlar, varaqalar va boshqa materiallarni) chiqarish hamda tarqatish, saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazish orqali amalga oshiriladi.

 

Markaziy saylov komissiyasi va barcha darajadagi saylov komissiyalari o‘z ishini hamisha ochiqlik, oshkoralik va shaffoflik tamoyillariga binoan tashkil etib kelmoqda.

 

Buning yaqqol dalili - Markaziy saylov komissiyasi huzurida Matbuot markazi faoliyatining yo‘lga qo‘yilganidir. Bugun uning ish boshlaganiga o‘zingiz guvoh bo‘lib turibsiz. Ta’kidlash zarurki, Matbuot markazining hududiy bo‘linmalari ham tashkil etiladi.

 

Mamlakatimiz parlamenti va mahalliy Kengashlarga bo‘lib o‘tadigan saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish bilan bog‘liq jarayonlarni, jumladan, saylovchilarning ovoz berish jarayonini siyosiy partiyalarning, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining, xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlarning kuzatuvchilari, jurnalistlar, shu jumladan, xorijlik jurnalistlar, kuzatib boradi.

 

Saylov qonunchiligiga binoan, saylov kuniga qadar yoki saylov kuni 18 yoshga to‘lgan O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari saylovda ovoz berish huquqiga ega.

 

O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida istiqomat qilayotgan yoki bo‘lib turgan O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi saylovda ishtirok etishga to‘la haqlidir.

 

Milliy saylov qonunchiligimizga binoan, saylov kuni o‘z yashash joyida bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lmagan saylovchi muddatidan oldin ovoz berish huquqiga ega.

 

Muddatidan oldin ovoz berish saylovga o‘n kun qolganida boshlanadi va saylovga uch kun qolganida tugallanadi.

 

Muddatidan oldin ovoz berish joriy yilning 16 – 23-oktyabr kunlari bo‘lib o‘tadi.

 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovida ovoz berish joriy yilning 27-oktyabr kuni soat 8:00 dan 20:00 gacha o‘tkaziladi.

 

Uchastka saylov komissiyasida soat 20:00 da ovoz berish tugaganligi e’lon qilinadi va saylov byulletenlar bo‘yicha ovozlar sanab chiqiladi.

 

Hurmatli brifing ishtirokchilari!

 

Markaziy saylov komissiyasi xolis va mustaqil konstitutsiyaviy organ sifatida bo‘lajak saylovga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish bilan bog‘liq barcha tadbirlarni milliy qonunchilik, xalqaro saylov standartlariga to‘la muvofiq holda ochiq va oshkora o‘tkazilishini ta’minlash bo‘yicha barcha choralarni ko‘radi.

 

Saylov jarayonlarini yoritishda ommaviy axborot vositalari xodimlari o‘zining faol hissasini qo‘shib kelayotgani uchun barchangizga samimiy minnatdorligimizni bildiramiz. Umid qilamizki, hamkorligimiz saylovlar yakuniga yetgunicha va undan keyin ham izchil davom etadi.

 

E’tiboringiz uchun rahmat!

 

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur