22.03.2023

2480

msk_yangiliklari_in
O‘zbekistonda gender tengligi va xotin-qizlarning siyosiy jarayonlardagi ishtiroki tobora ortib bormoqda. Shubhasiz, bu holat saylov jarayonlarida ham kuzatilmoqda.

O‘zbekistonda so‘nggi yillarda gender tenglik masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi.

Bugungi kunga kelib sohaga oid 25 ta qonun hujjatlari qabul qilindi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tarkibida Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, Respublika xotin-qizlar jamoatchilik kengashi kabi yangi tuzilmalarning tashkil etilishi O‘zbekistonda ayollar huquqlari, gender tengligini ta’minlashning yagona yaxlit mexanizmiga aylandi.

Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston tarixida ilk marotaba milliy parlamentda xotin-qizlar soni Birlashgan Millat Tashkiloti tomonidan belgilangan tavsiyalarga mos darajaga yetdi.

Mamlakatimiz parlamenti xotin-qizlar soni bo‘yicha dunyodagi 190 ta milliy parlament o‘rtasida 37-o‘ringa ko‘tarildi.

Davlatimizda ayollarning huquqlari va gender tengligini ta’minlash borasida olib borilayotgan islohotlarning davomi sifatida joriy yilda bo‘lib o‘tgan  Senatning XV yalpi majlisida qabul qilingan  “O‘zbekistonda 2030 yilga qadar gender tenglikka erishish strategiyasi”ni ko‘rishimiz mumkin.

Ushbu hujjat O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi, “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi qonuni, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan mamlakatni rivojlantirishning ustuvor vazifalari hamda 2030 yilgacha bo‘lgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsadlar va boshqa qonun hujjatlariga muvofiq ishlab chiqilgan. Shuningdek, mazkur Strategiya Pekin Deklarasiyasi, Xotin-qizlar huquqlari kamsitilishining barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi Konvensiya hamda BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlarini bajarishga ko‘maklashadi.

Gender tenglikka erishish strategiyasi asosan xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlashning qator ustuvor yo‘nalishlarida amalga oshiriladi.

Shuni alohida qayd etish kerakki, mazkur hujjatda saylov huquqlarini amalga oshirishda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni yaratish – ustuvor yo‘nalishlardan biri. Xususan, Strategiyaning “Gender strategiyasini amalga oshirishning ustuvor yo‘nalishlari” nomli 4-bobining 1-paragrifi “Saylov huquqlarini amalga oshirishda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash” deb nomlangan.

Strategiyada bu maqsadlarga erishishda qanday zarur tadbirlar ko‘zda tutilmoqda?

Birinchidan, siyosiy partiyalarning saylov jarayonlariga xotin-qizlarni va erkaklarni teng asosda jalb qilish, xotin-qizlarni tayinlanadigan rahbarlik lavozimlariga tavsiya qilishga oid faoliyatini rag‘batlantirish;

Ikkinchidan, siyosiy partiyalar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga saylovlarda nomzod ko‘rsatishda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar yaratilganligini monitoring qilish;

Uchinchidan, xotin-qizlarning siyosiy faolligini oshirish orqali ularga nisbatan jamiyatda shakllangan salbiy qarashlarni o‘zgartirish;

To‘rtinchidan, xotin-qizlar va erkaklarning davlat hokimiyati vakillik organlariga saylash va saylanish huquqlariga to‘liq rioya etilishini tahlil qilib borish;

Beshinchidan, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining, saylov hamda referendumlar o‘tkazish bo‘yicha viloyat, tuman, shahar, okrug, uchastka saylov komissiyalarining tarkibini shakllantirishda xotin-qizlar va erkaklar vakillarining tengligini ta’minlashdan iborat.

Yuqoridagi tadbirlardan kelib chiqqan holda, Markaziy saylov komissiyasi tomonidan saylovning barcha bosqichlarida xotin-qizlar va erkaklarning teng asosda ishtirok etishini kuzatuvchi 11 ta Indikatorlar ishlab chiqildi va bu yilgi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi kampaniyasidan boshlab amaliyotga tatbiq qilinmoqda.

Ushbu indikatorlar qanday ko‘rsatkichlar bilan ta’riflanadi?

Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatidagi saylovchilarning 10 399 854 nafari yoki 52,4% ayollardan iborat bo‘ldi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyalarining 266 nafar a’zosidan 103 nafari (39%)ni hamda uchastka saylov komissiyalarining 142 044 nafardan 76 070 nafari (46,4%)ni ayollar tashkil qiladi. Hozirgi kunda Markaziy saylov komissiyasining 21 nafar a’zosidan 7 nafari (33,3%) ayollardir.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarning 74 nafar ishonchli vakillaridan 15 nafari (20%)ni, siyosiy partiyalarning 53 717 nafar kuzatuvchilaridan 22 420 nafari (42%)ni ayollar tashkil etdi.

Bundan tashqari, saylov uchastkalarida ovoz berish jarayonini Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan ham kuzatuvchilar kuzatib bordi, ularning 10 733 dan 3 834 nafarini yoki 36 foizni xotin-qizlar tashkil qildi.

Prezident saylovi kampaniyasi davrida umumiy hisobda 1672 nafar mahalliy va xorijiy OAV vakillari akkreditasiyadan o‘tkazildi.  Ularning  476 nafarini (28,5%) aynan ayollar tashkil etganligi saylov jarayonlarini yoritishga ham ayol-qizlarning qiziqishi baland ekanligidan dalolatdir.

Yuqoridagi raqamlardan ko‘rinib turibdiki, xotin-qizlarning saylov jarayonlarida nafaqat ishtirokchi sifatida, balki tashkilotchi sifatida ham o‘rni ortib bormoqda.

2021 yil 25 oktyabrda Saylovni kuzatuvchilar xalqaro missiyasi (YeXHT ning DIIHB va PA, Yevroparlament) e’lon qilgan Dastlabki natijalar va xulosalar to‘g‘risidagi Bayonotida aynan ushbu ko‘rsatkichlar alohida qayd etilgan.

Shu bilan birga, Strategiyaga muvofiq, aynan bu borada belgilangan vazifalarni bajarish orqali quyidagi natijalarga erishish nazarda tutilmoqda:

Birinchidan, yuqori va quyi tizimdagi davlat organlarining rahbarlik lavozimlariga xotin-qizlarni tayinlash amaliyoti kengaytiriladi;

Ikkinchidan, siyosiy partiyalarni rag‘batlantirish orqali xotin-qizlar saylov jarayonlariga keng jalb qilinadi.

O‘zbekistonda 2030 yilga qadar gender tenglikka erishish strategiyasi qarorlar qabul qilish va ijro etishning barcha sohalarida hamda bo‘g‘inlarida xotin-qizlar va erkaklar o‘rtasida tenglik tamoyilini tatbiq etishga keng qamrovli yondashuvni nazarda tutadi.

Shuningdek, Strategiya erkaklar va ayollarning teng huquqlari va imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarish uchun shart-sharoit yaratish hamda insonning fundamental huquqlariga rioya qilish maqsadida iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotda gender tenglik targ‘ib qilinishini ta’minlashga xizmat qiladi.

Prezident saylovi kampaniyasi jarayonlarini  inklyuzivligini ta’minlash, shu jumladan, ayollarning saylovda faol ishtirokini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratildi.

Gender tengligini ta’minlash va jamiyat hayotida xotin-qizlarning faol ishtirokini qo‘llab-quvvatlash borasida MSK tomonidan bir qator loyihalar amalga oshirilmoqda.

Xususan, MSK O‘zbekistondagi Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi bilan hamkorlikdagi “O‘zbekistonda 2019-2021 yillarda saylov jarayonini qo‘llab-quvvatlash” qo‘shma loyihasi doirasida “Saylov va gender: siyosat sohasida xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha xalqaro va milliy amaliyot” turkumidagi seminar-treninglar o‘tkazildi.

Joriy yilning oktyabr oyida bo‘lib o‘tgan o‘quv tadbirlari Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligining hududiy bo‘linmalari, ayollarni qo‘llab-quvvatlash sohasidagi nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari xotin-qizlarning saylov jarayonidagi ishtiroki borasidagi kasbiy bilim darajasini oshirishga qaratilgan bo‘lib, ayollarning saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishning barcha bosqichlarida ishtirok etish imkoniyatlarini yanada oshirishga xizmat qildi.

Birinchi seminar-trening offlayn formatida Toshkent shahar va Toshkent viloyatidan ishtirokchilar uchun o‘tkazildi. O‘quv seminarlari turkumini boshlash marosimida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisi Z.Nizamxodjayev, Shveysariyaning O‘zbekistondagi elchisi K.Obolenskiy, BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili M.Dimovska, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirining birinchi o‘rinbosari G.Marufova ishtirok etdi.

Keyinchalik 5 ta seminar-treninglar onlayn formatida o‘tkazilib, respublikaning barcha hududlari bo‘yicha ishtirokchilarni qamrab oldi.

O‘quv tadbirlari ishtirokchilari siyosatda gender tengligi va saylov sohasidagi xalqaro standartlar bilan tanishdilar. "O‘zbekistonda saylovlar va gender: qonunchilikning asosiy jihatlari" mavzusida alohida sessiya o‘tkazildi. "Gender kvotasi va jamiyatdagi imkoniyatlar tengligi" mavzusi sessiya tinglovchilarida katta qiziqish uyg‘otdi. Ishtirokchilar gender kvotalari saylovchilar tanlovini cheklamasligi va gender masalalarini qonunchilik darajasida samarali hal qilish uchun saylov organlarida ayollar sonining oshirilishini qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladilar. Guruh muhokamalari davomida ishtirokchilar yuqori faollikni ko‘rsatdilar.

Alohida o‘quv tadbiri Nodavlat notijorat tashkiloti - "Istiqbolli avlod" Respublika axborot markazi tarmog‘ining (14 ta hududiy bo‘linma) vakillari uchun uyushtirildi.

Gender bo‘yicha maxsus qo‘llanmani qamrab olgan o‘quv dastur ishtirokchilarni saylovlarda gender tengligi, xalqaro standartlar va saylov tartib-qoidalariga o‘rgatish uchun ishlab chiqilgan. Dastur ishtirokchilarga "gender prizmasi" orqali saylov jarayoni bilan tanishish imkoniyatini ham berdi.

Baholash jarayonida ishtirokchilar, o‘quv mashg‘ulotlari yangi ma’lumot olish va gender tengligiga boshqa nuqtai nazardan qarashga yordam berganini, uning muhimligini ta’kidladilar.

O‘quv kursi davomida olingan bilim ishtirokchilarning gender tengligi hamda ushbu sohadagi xalqaro standartlar va ilg‘or tajribalar haqidagi tushunchalarini oshirdi. Ta’kidlash joiz, o‘quv kursi kelgusida ayollarning nafaqat saylov jarayonida, balki siyosatda ham bevosita ishtirokini rag‘batlantirish bo‘yicha keyingi qadamlarni aniqlashga yordam beradi.

 

Gulnoza RAHIMOVA,

O‘zbekiston Respublikasi

Markaziy saylov komissiyasining

doimiy asosda ishlovchi a’zosi