14.06.2024

1171

msk_yangiliklari_in

Yosh avlod vakillarining, ayniqsa, qishloq yoshlarining bilim olishi, ilm-fanga e’tiborini kuchaytirish, axborot texnologiyalaridan foydalanish ko‘nikmalarini shakllantirish, jamiyatning ijtimoiy-siyosiy hayotida faol ishtirok etishi uchun yanada keng sharoit yaratish doimiy e’tibor talab qiladigan ustuvor vazifalardan biridir.

 


Yoshlarga oid davlat siyosatini tizimli va muntazam amalga oshirish maqsadida Yoshlar ishlari agentligi, yoshlarni ilm-fanga keng jalb qilishga qaratilgan Yoshlar akademiyasi tuzildi. 830 dan ortiq o‘g‘il-qizlar manfaatlarini himoya qiladigan nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyat yuritmoqda.

 


Yoshlar bilan bog‘liq masalalarni parlamentda muhokama qilish, parlament a’zolarining yoshlar masalalariga alohida e’tiborini kuchaytirish uchun Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati huzurida “Yoshlar parlamenti” faoliyat olib bormoqda. Siyosiy platforma bo‘lib xizmat qiluvchi bu maslahat organi yoshlarga parlament faoliyatini bevosita kuzatish, qonun ijodkorligi jarayoniga ularni jalb qilish, yoshlar orasida targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borish, yigit-qizlarni o‘ylantirayotgan muammolarni o‘zlari ishtirokida hal qilish, salohiyatli yosh kadrlarni qo‘llab-quvvatlash va davlat fuqarolik xizmatiga tayyorlash, yurt taqdiriga daxldorlik hissini shakllantirish va davlat boshqaruvidagi salohiyatini oshirishda muhim omil bo‘ladi.

 


Yoshlarga qaratilgan davlat siyosatini uzluksiz, samarali hamda zamon talablariga uyg‘un tarzda amalga oshirish maqsadida qator hujjatlar qabul qilinmoqda. “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida mamlakatimizda yoshlarga qaratilayotgan e’tibor, jamiyat hayotining turli sohalarida yaratilayotgan sharoitlar, o‘z salohiyatini yuzaga chiqarishi va hayotda o‘z o‘rnini topishiga qaratilgan, xususan, imkon qadar ko‘p yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrab olish, iqtidorli yosh mutaxassislarning nufuzli xorijiy ta’lim, ilmiy va boshqa muassasalarda bilim olishi, ijtimoiy muhofazaga muhtoj yoshlarni himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish, kadrlarni tanlash va ularning malakasini oshirish kabi qator tadbirlar belgilangan.

 


Yoshlarning bandligiga ko‘maklashish va iqtidorli yoshlar orasidan yangi avlod zaxira kadrlarini shakllantirishga, ularni ilm-fanga keng jalb qilish, iqtidorli yoshlarning g‘oya va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan choralar “O‘zbekiston yoshlari va talabalari forumida yoshlarga oid davlat siyosati sohasida belgilab berilgan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar dasturi”dan ham o‘rin oldi.

 


Birlashgan Millatlar Tashkilotining «Yoshlar - 2030» strategiyasidan kelib chiqib, yoshlarga oid davlat siyosatini rivojlantirishning strategik maqsadlari, ustuvor yo‘nalishlarini belgilovchi O‘zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosatini 2025-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasida ham salohiyatli yosh kadrlarni qo‘llab-quvvatlash va davlat fuqarolik xizmatiga tayyorlash, mehnat bozorida raqobatbardoshligini ta’minlash, ijtimoiy faolligini oshirish, yoshlar jamoat tashkilotlari va volontyorlik harakatlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tadbirlar o‘rin olgan. Bu tadbirlarning amalga oshirilishi yosh avlodda mustaqil ravishda qaror qabul qilish va o‘z mas’uliyati doirasida javobgarlik hissini yanada orttiradi.

 


Fuqarolarning siyosiy va huquqiy bilimini oshirish bo‘yicha tizimli ishlarning olib borilishi ularning saylovlarda faol ishtirok etishiga turtki, o‘zlari uchun munosib tanlovni amalga oshirishda yordam beradi. Saylov institutlari, ommaviy axborot vositalari tomonidan shakllantirilib boriladigan elektoral madaniyat jamiyat madaniyatining ajralmas bo‘lagi. Yoshlarning siyosiy ongini rivojlantirish, saylov bo‘yicha barqaror bilim va ko‘nikmalar hosil qilishga qaratilgan tadbirlarda noan’anaviy, yangi uslublarni qo‘llash, yoshlarni e’tiborini jalb qila oladigan shakllardan foydalanish, innovatsion yondashuvlar asosida olib borish yuqori samara beradi.

 


Shu jihatlarni inobatga olgan Aholining elektoral madaniyatini yuksaltirish bo‘yicha Milliy harakatlar dasturi o‘quvchi va talabalarning saylov savodxonligini oshirish bo‘yicha tadbirlarni o‘z ichiga olgan.

 


Saylov demokratik huquqiy davlatning muhim ko‘rsatkichi, siyosiy-huquqiy qarorlar qabul qilish jarayonidir. Saylovda ishtirok etish saylov huquqiga ega har bir fuqaroning konstitutsiyaviy huquqi, o‘z xohish-irodasini erkin bildirish orqali davlat va jamiyat ishlarida siyosiy mas’uliyatni namoyon qiluvchi muhim voqeadir.

 


Yoshlar ijtimoiy-siyosiy o‘zgarishlarni harakatga keltiruvchi, hayotga yangi yo‘nalishlarni va texnologiyalarini kirituvchi kuchdir. O‘zbekiston Markaziy Osiyo davlatlari orasidagi yosh aholi soni ko‘rsatkichi, o‘rtacha 27,6 yosh, bilan oldingi o‘rinda turadi. 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar aholining 60 foizini, shulardan saylov huquqiga egalari 33 foizga yaqinni tashkil etadi.

 


Fuqarolarning saylov huquqlari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, Saylov kodeksi, qator qonunlar va qonunosti hujjatlari bilan tartibga solingan.

 


O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida fuqarolarning jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda bevosita hamda o‘z vakillari orqali ishtirok etish, davlat hokimiyati vakillik organlariga saylash va saylanish huquqi e’tirof etilgan. Ovoz berish huquqi, o‘z xohish irodasini bildirish tengligi va erkinligi qonun bilan kafolatlangan.

 


Yoshlarning davlat va jamiyat ishlariga keng jalb qilinishiga xizmat qiluvchi asoslardan biri 21 yoshga to‘lgan yigit-qizlar mahalliy kengashlarga, 25 yoshdan esa Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga saylanish hamda Oliy Majlis Senati a’zosi bo‘lishi huquqi berilganidadir. 2019-yil milliy parlamentga bo‘lib o‘tgan saylovlarda siyosiy partiyalar tomonidan Qonunchilik palatasi deputatligiga 30 yoshgacha bo‘lgan 14 nafar yosh nomzod ko‘rsatilgan bo‘lsa, ularning 9 nafari yoki 64,2  foizi deputat etib saylandi.

 


Yoshlarni saylov komissiyalari tarkibida faoliyat yuritishga jalb etish ham yuksak samarali vositalardandir. Buni 2019-yilda  Qonunchilik palatasiga saylov o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyalari a’zolarining 144 nafarini (8,9 foiz) hamda uchastka saylov komissiyalari a’zolarining 20 394 nafarini (18,4 foiz) 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar tashkil etganidan ham bilish mumkin.

 


Joriy yilda bo‘ladigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyalari tarkibida 30 yoshgacha bo‘lgan yigit-qizlar 9 foizni, uchastka saylov komissiyalari a’zolari esa – 17,3 foizini yoshlar tashkil etadi.

 


Bu — mamlakatimizda yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ular o‘z salohiyatini namoyon etishi uchun zarur sharoitlarni yaratish borasida ko‘rsatilayotgan doimiy e’tibor va g‘amxo‘rlikning amaldagi yana bir ifodasidir.

 


Yoshlarning saylov instituti – saylovlarni kuzatishdagi faoliyati ularning davlat siyosiy hayotida ishtirok etishining bir ko‘rinishidir. 18 yoshga to‘lgan O‘zbekiston fuqarolari saylov kuni ovoz berish va ovozlarni sanab chiqish jarayonlarini kuzatish huquqiga ega. Bunday tajriba saylovga tayyorgarlik ishlarining sifati, saylov komissiyalari harakatlarining ketma-ketligi, saylov ishtirokchilari huquqlarining ta’minlanishi bilan shaxsan tanishib, kelgusida bu sohani yanada takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlashda qo‘l keladi.

 


Yurtimizda saylov umumiy, teng, to‘g‘ridan to‘g‘ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish orqali ochiq va oshkora o‘tkaziladi, ya’ni har bir ovoz inobatga olinadi hamda har bir saylovchi davlat hokimiyatining saylash orqali shakllanuvchi organlarining shakllanishiga o‘z hissasini qo‘shadi.

Saylov kuniga qadar yoki saylov kuni o‘n sakkiz yoshga to‘lgan fuqarolar saylovchilar ro‘yxatiga kiritiladi. 18 yoshga to‘lgan yoshlarimiz jinsiy, irqiy va milliy mansubligi, tili, dinga munosabati, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqei, ma’lumoti, mashg‘ulotining turi va xususiyatidan qat’i nazar saylash huquqiga egadir.

 


Saylov qonunchiligida ovoz berish kuni turli sabablarga ko‘ra yashash joyida bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lmagan saylovchilar uchun ovoz berish tartibi belgilangan.

 


Saylovchi saylov kuni o‘z yashash joyida bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lmasa muddatidan oldin ovoz berish huquqiga ega. Muddatidan oldin ovoz berishni amalga oshirish uchun saylovchi saylov kunida bo‘la olmasligining sabablari ko‘rsatilgan ariza asosida tegishli uchastka saylov komissiyasidan saylov byulletenini oladi va uni maxsus jihozlangan yashirin ovoz berish kabinasida yoki xonasida to‘ldiradi.

 


Ayrim saylovchilar sog‘lig‘ining holatiga yoki boshqa sabablarga ko‘ra ovoz berish binosiga kela olmagan hollarda, tegishli uchastka saylov komissiyasi ovoz berishni ushbu saylovchilarning iltimosiga binoan ular turgan joyda tashkil etadi.

 


Shuningdek, dunyoning turli davlatlarida bo‘lib turgan vatandoshlar, shu jumladan yoshlarning saylov huquqlarini amalga oshirish ham e’tibordan chetda qolmagan.

 


O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 37 davlatda 54 ta uchastka saylov komissiyasi tuzildi.

 


Chet davlatlarda yashab turgan yoshlarimiz O‘zbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan uchastka saylov komissiyalariga ularni saylovchilar ro‘yxatiga kiritish to‘g‘risida saylovdan kamida o‘n besh kun oldin yozma shaklda yoki O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining rasmiy veb-sayti orqali elektron shaklda murojaat qilishi mumkin.

 


Buning uchun Tashqi ishlar vazirligining rasmiy veb-saytida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini saylovchilar ro‘yxatiga kiritish to‘g‘risida elektron shaklda murojaat qilish imkonini beruvchi interaktiv xizmati yaratildi.

 


Saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishning barcha jarayonlari,  O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar va ularning saylovoldi platforma hamda dasturlarida belgilangan dolzarb sohalar haqida o‘z vaqtida boxabar bo‘lishlari, bularning ommaviy axborot vositalarida, shuningdek ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritilib borishi yosh saylovchilarga o‘zlarining va Vatan kelajagi uchun muhim qarorni qabul qilishiga sharoit  yaratadi.

 


Bu kabi ma’lumotlarni tezkor ravishda xabardor qilish uchun www.saylov.uz sayti yangilandi, “saylov2021.uz” portali, “saylov2021” mobil ilovasi ishga tushirildi.

 


Saylov qonunchiligidan fuqarolarning saylov huquqlarini sudda himoya qilish tartibi belgilangan, unga ko‘ra saylov komissiyalari, davlat hokimiyati organlari va mansabdor shaxslarning noqonuniy xatti-harakatlari ustidan sudga shikoyat qilishi mumkin. Sud shikoyatni 3 kun ichida, agar saylovga olti kundan kam vaqt qolgan bo‘lsa, darhol ko‘rib chiqadi.

 


E’tiborli tomoni, sudning hal qiluv qarori chiqarilishi bilanoq darhol tegishli saylov komissiyasiga va arizachiga topshirilishi va darhol ijro etilishi belgilangan.

 


Yoshlarning saylov jarayonlarida nafaqat saylovchi, balki nomzod yoki saylov institutlari ishtirokchisi sifatida qatnashishi bu sohani batafsil  o‘rganish va uning ahamiyatini tushunish, siyosiy qarashlarini shakllantirish va fikr almashish, tajriba orttirish va uni o‘z faoliyatida qo‘llashga xizmat qiladi.

 


Saylov-2021 kampaniyasi davrida

 


Matbuot markazida Oliy Majlis Senati huzuridagi Yoshlar parlamenti, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti, "Kelajak liderlari" klubi, Yoshlar ishlari agentligi, "Mening yurtim" telekanali "Jurnalistlar maktabi" a’zolari ishtirokida seminar-treninglar bo‘lib o‘tdi. Yoshlar ishlari agentligi bilan hamkorlikda 20  ta darsdan iborat o‘zbek va rus tillarida "Yosh saylovchi 2021" axborot video darslari yaratildi. Ushbu video darslar “saylov.uz” sayti hamda MSK va Yoshlar ishlari agentligining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalariga joylashtirib borildi.

 


YOSHLAR O‘RTASIDA “SAYLOV – 2021” VIDEOROLIKLAR TANLOVI

 


Yoshlarning saylovdagi faolligini oshirish maqsadida talabalar, yoshlar, yosh jurnalistlar o‘rtasida 21-sentyabr kuni Markaziy saylov komissiyasi va Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi hamkorlikda “Saylov – 2021” videoroliklar tanlovini e’lon qildi. Tanlov eng yaxshi axborot rolik, eng yaxshi sahnalashtirilgan rolik, eng yaxshi animatsion rolik, muxlislar e’tirofi nominatsiyalaridan iboratligi belgilandi. Har bir nominatsiyadan uchtadan g‘oliblik o‘rinlari belgilanib, g‘olib va sovrindorlarga pul mukofotlari topshirildi.

 


XALQARO PRESS KLUB: “SAYLOV – 2021” LOYIHASI

 


MSK va ’’Xalqaro press-klub’’ hamkorligida "Xalqaro press-klub: Saylov-2021" loyihasi ishga tushirildi. Loyihaning birinchi mehmonlari Yoshlar parlamenti a’zolari bo‘ldi.

 


19-iyun sanasida ’’Xalqaro press-klub’’da “Saylov tizimi: adolatli, shaffof va demokratik” mavzusida sessiya tashkil etildi. Unda MSK, Adliya va Moliya vazirliklari, siyosiy partiyalar vakillari ishtirok etdi. Sessiya “O‘zbekiston 24” va “UzReport” telekanallari orqali jonli efirda uzatildi.