JURNALIST - ZUKKO KUZATUVCHI VA YAXSHI TAHLILCHI

17.03.2023

4043

msk_yangiliklari_in

Ommaviy axborot vositalari aholiga turli darajadagi saylovlar haqidagi yangiliklarni yetkazish orqali saylovlarni kuzatishni osonlashtiradi.

Albatta, bu borada OAV vakillari uchun ma’lum bir shart-sharoitlarni yaratish zarur. Uni quyidagicha ko‘rish mumkin:

-So‘z va matbuot erkinligi. Ommaviy axborot vositalari saylovlar haqidagi axborotni cheklovsiz va syenzurasiz taqdim etishda erkin bo‘lishi kerak.

-Tahdid va zo‘ravonlikdan himoya qilish. Ommaviy axborot vositalari tahdid va zo‘ravonlikdan qo‘rqmasdan voqealarni tadqiq qilishi va xabar berishi kerak.

-Harakat erkinligi. Jurnalistlar nomzodlarning saylovoldi tashviqotlarini yoritish va hududlardagi saylovni boshqarish organlari faoliyatini erkin kuzatishlari lozim.

-Imkoniyat (dostup). Jurnalistlar saylov komissiyalari, saylov uchastkalari, nomzodlar va saylovchilar bilan uchrashishi va ular haqidagi ma’lumotlarni qo‘lga kiritishlari lozim.

-Teng munosabat. Barcha davlat va xususiy OAVga teng munosabatda bo‘lish kerak.

Xalqaro hujjatlarda fikr erkinligi huquqi

Fikr erkinligi huquqi quyidagi hujjatlar bilan himoyalangan. 

- Inson huquqlari umumjahon deklarasiyasining 19-moddasi;

- Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi paktning 19-moddasi;

- Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa konvensiyasi 10-moddasi, MDHning inson huquqlari va asosiy erkinliklari to‘g‘risidagi konvensiyasining 11-moddasi;

- Mustaqil davlatlar hamjamiyatiga a’zo davlatlarda saylov huquqlari va erkinliklari to‘g‘risidagi konvensiyasining 13-moddasi.

“Raqamli texnologiyalar davrida fikrni ifoda etish va saylovlar erkinligi to‘g‘risida”gi qo‘shma deklarasiyada OAV, saylovlar davrida sharoit taqozo etgan hollarda, jumladan, nomzodlar va partiyalarning jamoatchilik bilan muloqoti uchun teng imkoniyatlar, siyosiy debatlar uyushtirishga platformalar hamda saylovlar bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha xolis va ishonchli axborot taqdim etishda alohida o‘rin tutishi qayd etib o‘tilgan.

Ommaviy axborot vositalari xalqaro kuzatuvchilar bilan bir xil darajada himoyalangan. Masalan, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotida (YeXHT) OAV erkinligi bo‘yicha vakil faoliyat olib boradi.

U YXHTga a’zo barcha 55 ta davlatda ommaviy axborot vositalari erkinligi holatini kuzatadi hamda so‘z erkinligi va ommaviy axborot vositalari erkinligiga oid tamoyillar va majburiyatlariga rioya etilishini nazorat qiladi.

O‘zbekistonda axborotlashtirish sohasini, axborotni izlash, olish, tarqatish va undan boshqacha tarzda foydalanish masalalarini tartibga solishga qaratilgan quyidagi qonun hujjatlar mavjud.

- O‘zbekiston Respublikasining Konstitusiyasi;

- O‘zbekiston Respublikasining “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi Qonuni;

- O‘zbekiston Respublikasining “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi Qonuni;

- O‘zbekiston Respublikasining “Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonuni;

- O‘zbekiston Respublikasining “Axborot olish kafolatlari va erkinligi to‘g‘risida”gi Qonuni;

- O‘zbekiston Respublikasining “Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonuni;

- O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksi.

Akkreditasiya- OAV bilan hamkorlikning boshlang‘ich qadami

Saylov o‘tkazuvchi mamlakatlar OAV bilan hamkorlik ishlarini asosan uni akkreditasiyadan o‘tkazishdan boshlaydi. Akkreditasiyadan o‘tgan  OAV vakillari saylov kampaniyasi barcha tadbirlarini erkin yoritish huquqiga ega bo‘ladilar.

MDH a’zo mamlakatlarda bo‘lib o‘tgan saylovlarda mingga yaqin OAV vakillari ishtirok etganini kuzatish mumkin. Masalan, 2021 yil 19 sentyabr kuni Rossiya Federasiyasi Federal Majlisining Davlat Dumasiga bo‘lib o‘tgan saylovlarda jurnalistlar uchun Axborot markazi tashkil etildi. Markazda  o‘z faoliyatini olib borish uchun dunyoning 21 mamlakatidan 1372 OAV vakillari akkreditasiyadan o‘tkazildi.  Shuningdyek, 40 ta xorijiy OAV vakillari to‘g‘ridan-to‘g‘ri Rossiya Markaziy saylov komissiyasida ovoz berish jarayonlari haqida ma’lumot olishdi. 

1400 dan ortiq OAV vakillari Markaziy saylov komissiyasi tomonidan saylov uchastkalarida, 13 mingdan ziyod jurnalistlar esa hududlarda o‘z faoliyatini olib borish maqsadida akkreditasiyadan o‘tkazildi.

Shuningdek, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti saylovini yoritishda dunyoning 11 davlatidan 100 ga yaqin  xalqaro jurnalistlar ishtirok etdi. Prezident saylovini 200 dan ziyod, referendumni esa 50 dan ziyod mahalliy OAV vakillari yoritib bordi.

O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan Prezident saylovlarida esa 1 ming 672 nafar mahalliy va xorijiy mamlakatlarning yirik ommaviy axborot vositalarining vakillari bevosita kuzatib va yoritib bordi.

Jurnalist qachon zukko kuzatuvchi va yaxshi tahlilchiga aylanadi?

Albatta, bu savolga turlicha javob berish mumkin. Lekin dastavval u  saylov kampaniyasi boshlanishidan oldin  saylov kodeksi va saylovga oid normativ-huquqiy hujjatlarni diqqat bilan o‘qib chiqishi lozim.  Shuningdek, nomzodlar ro‘yxati va ularning saylov oldi dasturining ijtimoiy-siyosiy mazmuni bilan tanishib, puxta tayyorgarlik ko‘rishi kerak.

“Jurnalistlarning xulq-atvori prinsiplari deklarasiyasi”da qayd etilganidek, haqiqatni va jamiyatning haqiqatni bilish huquqini hurmat qilish-jurnalistning asosiy vazifasidir. Jurnalist to‘g‘ri ekaniga ishonch hosil qilgan, tekshirilgan faktlarnigina uzatishga, shuningdek axborot, fotosuratlar va hujjatlarni olish uchun faqat halol usullardan foydalanishga majbur.

Xalqaro jurnalistlar federasiyasi (IFJ) tavsiyasiga ko‘ra, “Jurnalist hatto siyosatchining avto mashinasiga ham o‘tirmasligi kerak- bu unga bo‘lgan ishonch darajasiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin”.

Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, Xalqaro jurnalistlar federasiyasi professional OAV xodimlaridan iborat dunyodagi eng yirik tashkilot bo‘lib, uning shtab-kvartirasi Bryusselda joylashgan. 1926 yilda tashkil etilgan ushbu tashkilot hozirda dunyoning 139 dan ziyod davlatidan 600 mingga yaqin jurnalistlarni qamrab olgan.

Saylovlarni xolis yoritish  shaffoflikni  oshiradi. Saylov jarayonlarida yuz berishi mumkin bo‘lgan  firibgarlik holatlari va ovoz berish jarayonining buzilishini oldini oladi. Oshkoralik saylov jarayonini takomillashtirishga ham yordam beradi. Jumladan, jurnalist tomonidan aniqlangan muammo va kamchiliklar saylov tashkilotchilariga, shuningdek keng jamoatchilik e’tiboriga havola etiladi. Buning natijasida mavjud muammo o‘rganiladi va uni bartaraf etish harakati boshlanadi.   

Materialda “So‘z, fikr va axborot erkinligi: xalqaro-huquqiy asoslar” kitobi, shuningdek, Xalqaro jurnalistlar federasiyasi (IFJ) tavsiyalaridan foydalanildi.

 

Ravshan BURXON

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur