O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2020-yil 29-dekabrda Oliy Majlis palatalari va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasida “2021-yilda davlatimiz va xalqimiz hayotida yana bir katta siyosiy voqea – Prezidentlik saylovi bo‘lib o‘tadi. Markaziy saylov komissiyasi bo‘lajak saylov milliy qonunchiligimiz va umume’tirof etilgan xalqaro demokratik tamoyillar asosida, yuksak saviyada tashkil etilishiga alohida e’tibor qaratishi lozim. Birinchi navbatda, saylov komissiyalari a’zolarini saylov qonunchiligi va xalqaro standartlar bo‘yicha tizimli o‘qitish kerak...”, deb qayd etgan edi.
Ushbu ulug‘vor vazifaning ijrosini samarali tashkil etish hamda Markaziy saylov komissiyasi tomonidan 2021-yil 14-aprelda tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha asosiy tadbirlar dasturi”ga muvofiq Markaziy saylov komissiyasining 2021-yil 27-apreldagi yig‘ilishida “Saylov komissiyalari a’zolarining malakasini oshirishni tashkil etish konsepsiyasini tasdiqlash haqida” qaror qabul qilindi.
Ushbu Konsepsiyada belgilangan vazifalar ijrosini belgilangan muddatlarda samarali tashkil etish maqsadida Markaziy saylov komissiyasi bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruv akademiyasi, Bosh prokuratura Akademiyasi, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi, Toshkent davlat yuridik universiteti o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi.
Memorandum doirasida, Markaziy saylov komissiyasi tomonidan mutasaddi vazirlik va idoralar bilan kelishgan holda saylov komissiyalari a’zolarining saylov qonunchiligi va saylovda zamonaviy axborot texnologiyalarini qo‘llash bo‘yicha nazariy bilimlari hamda amaliy ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan o‘quv-amaliyot mashg‘ulotlarini tashkil etish va o‘tkazilishini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika shtabi tuzildi.
Seminar treninglarga metodik va uslubiy materiallarni, shuningdek respublika trenerlarini tayyorlashda qatnashadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruv akademiyasi, Toshkent davlat yuridik universiteti professor-o‘qituvchilari hamda O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi mutaxassislari orasidan 12 nafar yuqori malakali ekspertlar tarkibi shakllantirildi.
Yuqori malakali ekspertlar tomonidan Markaziy saylov komissiyasi bilan kelishilgan holda 12 ta mavzuni o‘z ichiga olgan o‘quv dasturi va o‘quv-uslubiy materiallar (o‘quv-metodik materiallar, xususan, ma’ruza, taqdimot, infografika, slayd, test va keyslar matnlari, videorolik, audiroliklar) tayyorlandi. O‘quv-metodik materiallarni ishlab chiqishda milliy saylov qonunchiligining eng muhim jihatlariga, shuningdek, YEXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining O‘zbekistonda saylovlarni kuzatish bo‘yicha missiyasi yakuniy hisobotida o‘z ifodasini topgan maqbul tavsiyalarga alohida e’tibor qaratildi.
Toshkent shahridagi Oliy ta’lim tashkilotlari (OTT) professor o‘qituvchilari tarkibidan 56 nafar respublika trenerlari va 105 nafar a’zodan iborat monitoring guruhi tuzildi ular uchun Davlat boshqaruv akademiyasida Yuqori malakali ekspertlar tomonidan ikki kunlik seminar-treninglar o‘tkazildi.
Adliya, prokuratura, ichki ishlar organlarining kasbiy tayyorgarlik va malaka oshirish muassasalari hamda hududiy OTTlar oliy o‘quv yurtlarining professor-o‘qituvchilaridan iborat tajribali pedagog xodimlaridan iborat 936 nafar hududiy trenerlar tarkibi shakllantirildi. Ularning saylov qonunchiligi va amaliyoti bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan seminar-treninglar uchun 2 kunlik, 18 soatlik o‘quv dasturi va dars jadvali ishlab chiqildi, taqdimotlar, infografika, ma’ruza matni, 700 ta test va 210 ta keyslar yaratildi, 12 ta mavzu bo‘yicha 15-20 daqiqalik videodarslar tayyorlandi, Saylov qonunchiligi va amaliyoti bo‘yicha o‘quv-amaliy qo‘llanma tayyorlanib, chop etildi (36 850 dona) va hududlarga yetkazib berildi.
Hududiy seminar-treninglar 15-21 kishilik kichik guruhlarda interfaol usullarda (simulyatsiya, saylov jarayonlarini modellashtirish, ekspress savol javoblar va boshqalar) tashkil qilindi. O‘quv dasturining har bir mavzusi bo‘yicha videodarslar va videoroliklar tayyorlanadi hamda seminar-treninglarda, amaliy mashg‘ulotlarda foydalanildi.
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Bosh ilmiy metodik markazi (BIMM) negizida masofaviy ta’lim olish va test sinovlarini o‘tkazish imkonini beruvchi elektron platforma (spv.bimm.uz) yaratildi.
Shuningdek, saylov qonunchiligi bo‘yicha kontentlar va o‘quv metodik-materiallardan keng foydalanish maqsadida Saylov–2021 mobil ilovasi yaratildi.
1-bosqich seminar-treninglar 7-23-iyun kunlari tuman (shahar)lar darajasida tashkil etildi. Seminar-treninglarda jami 33 257 nafar uchastka saylov komissiyasi raisi, rais o‘rinbosari va kotibligiga nomzodlar va boshqa mas’ullar o‘qitildi. Seminar-treninglar yakunida tinglovchilar spv.bimm.uz portalida test topshirdi, test natijalari o‘rtacha 75% ni tashkil etdi.
2-bosqich seminar-treninglar 12-iyul-8-avgust kunlari o‘tkazildi. Unda 33 044 nafar USK raislari, rais o‘rinbosarlari va kotiblari ishtirok etdi. Seminar-treninglar yakunida tinglovchilar spv.bimm.uz portalida test topshirdi, test natijalari o‘rtacha 84% ni tashkil etdi.
Seminar-treninglarning navbatdagi bosqichida 936 nafar hududiy trenerlarga 824 nafar volontyor-trenerlar biriktirildi. Trenerlar ro‘yxati sektorlar kesimida tasdiqlandi. Ular tomonidan 4-14-avgust kunlari tuman (shahar)lardagi sektorlar kesimida o‘quvlar savol-javob va suhbat shaklida, 6-7 kishilik kichik guruhlarda, hududiy shtablar tomonidan tasdiqlangan o‘quv dasturi va grafiklari asosida tashkil etildi.
4-bosqich seminar-treninglar, 16-avgustdan - 12-sentyabrga qadar o‘quv-amaliy mashg‘ulotlar shaklida tashkil etildi. Seminar-treninglar 18-24 kishilik kichik guruhlarda Hududiy shtablar tomonidan har bir tuman (shahar) kesimida ishlab chiqilgan o‘quv mashg‘ulotlari grafigi va dars jadvallariga muvofiq “rolli o‘yin”, munozara, taqdimot, savol-javob, “aqliy hujum” metodlaridan foydalangan holda o‘tkazildi. 4-bosqich seminar-treninglar boshlanishidan oldin tinglovchilarga Markaziy saylov komissiyasi tomonidan saylov jarayoni bosqichlariga oid tayyorlangan videoroliklar yetkazib berildi. Seminar-treninglar yakunida tinglovchilar spv.bimm.uz portalida test topshirdi, test natijalari ko‘rsatgichlari o‘rtacha 93% ni tashkil etdi.
5-bosqich seminar-treninglar, 2021-yilning 15-18-sentyabr kunlari bevosita respublika bo‘yicha tashkil etilgan saylov uchastkalarida saylov komissiyalari a’zolarining milliy saylov qonunchiligi va xalqaro standartlar to‘g‘risidagi bilimlarini va amaliy ko‘nikmalarini shakllantirish va yanada rivojlantirish bo‘yicha o‘tkazildi. Ularda 142 044 nafar USK a’zolari ishtirok etdi.
Ushbu seminar-treninglar, Respublika va hududiy trenerlar nazoratida har bir saylov uchastkasining o‘zida rais, rais o‘rinbosari va kotiblar tomonidan USKning qolgan barcha a’zolari uchun o‘quv-amaliy mashg‘ulot sifatida o‘tkazildi.
Yuqoridagilardan tashqari, Saylov komissiyalari a’zolarining Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimida (SJBATda) ishlashi bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarini oshirish maqsadida 3-bosqichda o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazildi va ularda 32280 nafar uchastka saylov komissiyasi a’zolari (operatorlar) bosqichma-bosqich o‘qitildi.
Treninglarda interfaol vositalar va zamonaviy axborot texnologiyalaridan samarali foydalanilganligi mashg‘ulotlarning sifat va samaradorligini oshirdi, ishtirokchilardan okrug va uchastka saylov komissiyalari binolari hamda ovoz berish xonalarini jihozlash, saylov kuni ovoz berishni tashkil qilish, saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish davrida jamoat tartibini ta’minlash, saylov natijalarini aniqlash jarayonini puxta o‘zlashtirish talab etildi. Shu bois, ularning seminarda olgan nazariy bilimlari amaliy mashg‘ulotlarda yanada mustahkamlandi.
Bunday izchil tadbirlarning barchasi pirovard natijada saylov komissiyalarining milliy saylov qonunchiligi va xalqaro saylov standartlari bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarining oshishiga (dastlabki test natijalari 75% – yakuniy test natijalari 93%) hamda bo‘lib o‘tgan Prezident saylovlari milliy saylov qonunchiligi va xalqaro standartlar asosida, yuqori darajada tashkil etilishi va o‘tishiga zamin yaratdi.
X.Paluaniyazov
Markaziy saylov komissiyasining
Saylov qonunchiligi va zamonaviy
texnologiyalar bo‘yicha o‘quv markazi direktori