O‘zbekiston Respublikasi
Markaziy saylov komissiyasining qarori
№1285 2023-yil 9-iyun
Ayrim saylov uchastkalarida saylov jarayonini video-translyatsiya qilish bo‘yicha chora-tadbirlarni belgilash to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 8, 14 va 16-moddalariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi qaror qiladi:
1. Saylov kuni ovoz berish jarayonini real vaqt rejimida (onlayn) video-translyatsiya qilish maqsadida respublikaning barcha tuman va shaharlari hududida joylashgan ikkitagacha saylov uchastkalarida ikkitadan videokamera va boshqa zarur qurilmalar o‘rnatilsin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi Ichki ishlar vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hamda O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi bilan birgalikda:
2023-yil 25-iyunga qadar saylov jarayonini video-translyatsiya qilish uchun muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyalarining tavsiyalari asosida Markaziy saylov komissiyasi tomonidan taqdim etilgan ro‘yxatga muvofiq saylov uchastkalarida videokamera va zaruriy qurilmalar o‘rnatilishi va jihozlanishini taʼminlasin;
2023-yil 28-iyunga qadar Markaziy saylov komissiyasining Matbuot markazidagi ekranlarda, saylov.uz rasmiy veb-saytida hamda O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining “O‘zbekiston 24” va boshqa telekanallarida saylov jarayonini real vaqt rejimida (onlayn) kuzatish imkoniyatini yaratish choralarini ko‘rsin.
3. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi va “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ bilan birgalikda 2023-yil 28-iyunga qadar:
saylov uchastkalarini uzluksiz elektr manbai bilan taʼminlash choralarini ko‘rsin;
saylov jarayoni real vaqt rejimida (onlayn) video-translyatsiya qilinadigan saylov uchastkalarida zaxira elektr taʼminotini tashkillashtirsin.
4. Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-saytida eʼlon qilinsin.
5. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisining o‘rinbosari B. Kuchkarov zimmasiga yuklansin.
Rais Z. Nizamxodjayev