OʻZBEKISTON SAYLOV QONUNCHILIGI YANADA XALQCHIL VA DEMOKRATIK NORMALAR BILAN BOYITILMOQDA

13.10.2023

2299

msk_yangiliklari_in

MUNOSABAT

 

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari tashabbusi bilan ishlab chiqilgan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga saylov va referendum oʻtkazish tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida»gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi (ID-87283)  joriy yil 10-oktabr kuni Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga (regulation.gov.uzjoylashtirildi. 

 

Ushbu Konstitutsiyaviy qonun loyihasida ikkita muhim masalaga alohida eʼtibor qaratilgan boʻlib, birinchidan, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 129-moddasiga muvofiq, Markaziy saylov komissiyasi boshchilik qiladigan markazlashgan saylov komissiyalarining vertikal tizimini tashkil etish, ikkinchidan, mamlakat saylov tizimiga aralash (majoritar, proporsional) saylov shaklini joriy etish va shu orqali Oliy Majlis Qonunchilik palatasi saylovini aralash  saylov tizimi asosida oʻtkazishni nazarda tutuvchi yangi va demokratik normalarni mamlakatimiz saylov qonunchiligi va amaliyotiga tatbiq etish nazarda tutilgan.

 

Soʻngi yillarda mamlakatda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlarning yangi taraqqiyot bosqichida saylov qonunchiligi va amaliyotiga joriy etilishi nazarda tutilgan ushbu Konstitutsiyaviy qonun loyihasida aks etgan har ikkala masalaning ham nihoyatda muhim ahamiyatga ega ekanligini eʼtirof etgan holda, ushbu maqolamizda birinchi masala, yaʼni Markaziy saylov komissiyasi boshchilik qiladigan markazlashgan saylov komissiyalarining vertikal tizimini tashkil etishning ahamiyati va zarurati haqida fikr bildirishni maqsadga muvofiq deb hisobladik.  

 

Demak, saylov komissiyalari tizimi takomillashtirilib, bundan buyon mamlakatimizda saylov komissiyalari tizimini –– Markaziy saylov komissiyasi, hududiy saylov komissiyalari, tuman/shahar saylov komissiyalari, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga saylov oʻtkazish boʻyicha okrug saylov komissiyalari, shuningdek uchastka saylov komissiyalari tashkil etishi hamda ushbu vertikal tizimga Markaziy saylov komissiyasi bevosita boshchilik qilishi belgilanmoqda.

 

2023-yil 30-aprel kuni oʻtkazilgan Oʻzbekiston Respublikasi Referendumida umumxalq ovoz berishi orqali qabul qilingan yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 129-moddasida, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga, viloyatlar, tumanlar, shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlariga saylovlarni, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining referendumini tashkil etish va oʻtkazish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan faoliyatining asosiy prinsiplari mustaqillik, qonuniylik, kollegiallik, oshkoralik va adolatlilikdan iborat boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tuzilishi, shuningdek Markaziy saylov komissiyasi saylov komissiyalari tizimiga boshchilik qilishi, oʻz faoliyatini doimiy asosda amalga oshirishi hamda oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga va qonunlariga amal qilishi qatʼiy belgilab qoʻyildi.

 

Yuqoridagilardan koʻrinib turibdiki, muhokamaga taqdim etilgan Konstitutsiyaviy qonun loyihasida nazarda tutilgan, Saylov kodeksi va referendumga oid qonunga kiritilayotgan mamlakatda markazlashgan saylov komissiyalarining vertikal tizimini joriy etishga qaratilgan oʻzgartirishlar yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining normalarini saylov va referendum qonunchiligiga joriy etish orqali, mavjud boʻshliqlarni toʻldirish va tafovutlarni bartaraf etishga qaratilganligi bilan ahamiyat kasb etadi.

 

Markaziy saylov komissiyasining aʼzolari va ekspertlaridan iborat ishchi guruhlari tomonidan 2022 — 2023-yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida “Xalq deputatlari viloyat (tuman/shahar) Kengashlariga saylov oʻtkazuvchi saylov komissiyalari tomonidan Saylov kodeksi normalarining bir xilda qoʻllanilishini, mahalliy Kengashlarning boʻshab qolgan oʻrinlariga saylovlarni tashkil etish va oʻtkazish amaliyotini, shuningdek, saylov jihozlarining saqlanish holatini” monitoring qilish maqsadida oʻtkazilgan oʻrganishlarida ayrim kamchiliklar, jumladan saylov qonunchiligini amaliyotda qoʻllashda joylarda turlicha yondashuv shakllanganligi, yagona namunadagi saylov hujjatlari yoʻqligi, ularni shakllantirish, yuritish va saqlash amaliyotida ham turlicha yondashuvlar mavjudligi aniqlandi.

 

Markazlashgan saylov komissiyalarining vertikal tizimi joriy etilishi natijasida, saylov komissiyalari va boshqa tashkilotchilar tomonidan kelgusida barcha bosqichdagi saylovlarni tashkil etish va oʻtkazishda milliy saylov qonunchiligining bir xilda qoʻllanilishi va demokratik saylov standartlariga asoslangan yagona saylov amaliyoti shakllanishida ijobiy natija beradi hamda yuqoridagi kabi kamchiliklarni tubdan bartaraf etish imkoniyatini vujudga keltiradi.

 

Yana bir yangi norma, Markaziy saylov komissiyasi doimiy asosda faoliyat yurituvchi toʻqqiz nafar aʼzodan iborat tarkibda faoliyat yuritishi belgilanmoqda. 

 

Amaldagi Saylov kodeksining 12-13-moddalarida Markaziy saylov komissiyasi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari tomonidan kamida oʻn besh nafar aʼzodan iborat tarkibda tuzilishi, Markaziy saylov komissiyasining aʼzosi ushbu komissiyaning qaroriga binoan komissiyada doimiy asosda ishlashi mumkinligi va  Markaziy saylov komissiyasida doimiy asosda ishlovchi komissiya aʼzolarining soni koʻpi bilan yetti kishidan iborat boʻlishi belgilangan.

 

Yuqoridagi norma talabiga muvofiq bugungi kunda, Markaziy saylov komissiyasining aʼzolari Oliy Majlis palatalari tomonidan 21 nafar aʼzodan iborat tarkibda tuzilgan boʻlib, ularning 7 nafari doimiy asosda, 14 nafari jamoatchilik asosida faoliyat yuritib kelmoqda.

 

Jamoatchilik asosida faoliyat yuritayotgan komissiya aʼzolari turli viloyatlarda davlat boshqaruv organlari, oliy taʼlim muassasalari va boshqa tashkilotlarda rahbar lavozimlarida ishlab kelayotganliklari tufayli:

 

birinchidan, ularni saylov yoki referendum kampaniyasi davrida Markaziy saylov komissiyasi yigʻilishlari, tadbirlariga jalb etishda muayyan qiyinchiliklar tugʻildi;

 

ikkinchidan, ularning oʻzlari rahbar boʻlib ishlayotgan tashkilot yoki muassasa faoliyatini samarali tashkil etish va boshqarishga ham muayyan darajada salbiy taʼsir qilishi mumkin;

 

uchinchidan, Konstitutsiyamizga muvofiq Markaziy saylov komissiyasi faoliyatining asosiy prinsiplaridan biri bu – mustaqillik hisoblanadi. Shu nuqtai nazardan qaraganda komissiyaning jamoatchilik asosida faoliyat olib boradigan aʼzolarining asosiy ish joyi boshqa davlat organlari, tashkilotlari yoki muassasalari ekanligi demokratik saylovlarni tashkil etish va oʻtkazishda Markaziy saylov komissiyasi faoliyatining mustaqilligini muayyan darajada cheklanishiga olib keladi;

 

toʻrtinchidan, Saylov kodeksiga asosan Markaziy saylov komissiyasi zimmasiga juda muhim vazifa va vakolatlar yuklatilgan boʻlib, Komissiyaning jamoatchilik asosidagi aʼzolari oʻrtasida ushbu vazifalarning taqsimoti cheklangan boʻlib, oqibatda bu muhim vazifa va vakolatlar ijrosini taʼminlash masʼuliyati toʻligʻicha komissiyaning doimiy asosda faoliyat yuritadigan aʼzolari zimmasiga toʻgʻri keladi.

 

Qayd etilganlarni inobatga olgan holda aytish mumkin:

 

- Markaziy saylov komissiyasining jamoatchilik asosida faoliyat yurituvchi aʼzolari institutining tugatilishi va markazlashgan saylov komissiyalarining vertikal tizimi joriy etilishi;

 

- Markaziy saylov komissiyasiga hududlarda tashkil etiladigan xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashlari saylovini tashkil etish va oʻtkazishga hamda quyi turuvchi saylov komissiyalari faoliyatiga umumiy boshchilik qilish boʻyicha qoʻshimcha vazifa va vakolatlarning yuklatilayotganligi va shu munosabat bilan Markaziy saylov komissiyasining doimiy asosda ishlovchi aʼzolari soni 7 nafardan 9 nafargacha koʻpaytirilayotganligi va Komissiyaning kamida bir nafar aʼzosi Qoraqalpogʻiston Respublikasi vakili boʻlishining belgilanayotganligi muhim ahamiyatga ega boʻlib, amaliyotda mavjud kamchiliklarni bartaraf etishga, shuningdek, eng muhimi, Markaziy saylov komissiyasi faoliyatining professionallik darajasi yanada yuksalishiga, toʻliq mustaqilligining taʼminlanishiga, komissiya aʼzolari oʻrtasida vazifalarning unumli taqsimlanishiga, pirovard natijada, Komissiya faoliyatining samaradorligi ortishiga hamda qabul qilinadigan qarorlarining yanada mukammal boʻlishiga xizmat qiladi.

 

Qiyoslash uchun xorijiy davlatlar saylov qonunchiligi va amaliyotiga eʼtibor qaratilsa, tahlil etilgan yigirmadan ortiq xorijiy davlatlarda, jumladan, Moldovada 9 nafar, Latviyada 9 nafar, Qozogʻistonda 7 nafar, Ozarbayjonda 18 nafar, Ukrainada 17 nafardan iborat Markaziy saylov komissiyasi tuziladi va doimiy asosda faoliyat olib boradi. Ushbu davlatlar hududiy saylov komissiyalarida 3 nafardan 5 nafargacha, tuman/shahar saylov komissiyalarida 2-3 nafar komissiya aʼzolari doimiy asosda faoliyat yuritadi. Markaziy saylov komissiyasi barcha darajadagi saylov komissiyalari tizimiga boshchilik qiladi.

 

Saylov kodeksi 19-moddasiga muvofiq xalq deputatlari viloyat (shahar) Kengashiga saylov oʻtkazish boʻyicha viloyat (shahar) saylov komissiyasi tuzilishi belgilangan boʻlib, amaliyotda ushbu normaga asoslanib, har biri 15-21 nafardan iborat viloyatlar va Toshkent shahar saylov komissiyalari tuzilgan. Bu saylov komissiyalari tegishlicha xalq deputatlari viloyat yoki Toshkent shahar Kengashlari saylovini tashkil etish va oʻtkazishga masʼul boʻlib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari yoki Prezident saylovlariga, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Referendumiga jalb etilmagan.

 

Buning uchun qoʻshimcha ravishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini oʻtkazuvchi 14 ta okrug saylov komissiyalari tuzilib, ularga jami 266 nafar komissiya aʼzolari, Oʻzbekiston Respublikasi Referendumini oʻtkazuvchi 14 ta okrug saylov komissiyalari tuzilib, ularga ham jami 266 nafar komissiya aʼzolari, shuningdek Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini oʻtkazuvchi 150 ta okrug saylov komissiyalari tuzilib, ularga jami 1500 nafardan ziyod komissiya aʼzolari jalb etilgan.

 

Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bilan taklif etilayotgan yangi normaga muvofiq, endilikda:

 

birinchidan,  viloyatlar va Toshkent shahar saylov komissiyalari oʻrniga, har bir viloyatda va Toshkent shahrida hududiy saylov komissiyalari tuzilishi belgilanmoqda. Ushbu saylov komissiyalariga, oʻzlari joylashgan hududda xalq deputatlari viloyat yoki Toshkent shahar kengashlariga saylovni tashkil etish va oʻtkazish vazifasi bilan birga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini, Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini hamda Oʻzbekiston Respublikasi Referendumini ham tashkil etish va oʻtkazish vakolati berilmoqda;

 

ikkinchidan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Qonunchilik palatasi deputatlari saylovlariga tayyorgarlik koʻrish va ularni oʻtkazish bilan bogʻliq hududiy saylov komissiyalarining vakolatlarini Qoraqalpogʻiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi amalga oshirishi belgilanmoqda;

 

uchinchidan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini, Oʻzbekiston Respublikasi Referendumini va Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini oʻtkazish boʻyicha Okrug komissiyalarini tuzish amaliyoti bekor qilinmoqda.

 

Bu pirovard natijada, ushbu okrug komissiyalari faoliyatiga jalb etiladigan (ikki ming nafarga yaqin) komissiya aʼzolari uchun davlat byudjeti mablagʻlaridan sarflanadigan moliyaviy xarajatlarni, okrug komissiyalarini joylashtirish uchun alohida binolar ajratish, ularni zarur mebel, aloqa va axborot-kommunikatsiya vositalari, transport bilan taʼminlash xarajatlarini iqtisod qilish va inson resurslaridan maqsadli foydalanish imkoniyatini beradi.

 

Qonun loyihasidagi yana bir muhim yangilik, Hududiy saylov komissiyalarining uch nafarga qadar aʼzolari komissiyada doimiy asosda faoliyat olib borishi belgilanmoqda. Saylov kodeksining 20-moddasida ushbu Hududiy saylov komissiyasining 19 banddan iborat eng muhim vakolatlari belgilanganligi inobatga olinsa hamda bu vazifalarning nihoyatda masʼuliyatli ekanligiga eʼtibor berilsa, Hududiy saylov komissiyalarining uch nafarga qadar aʼzolari komissiyada doimiy asosda faoliyat yuritsagina ushbu masʼuliyatli vazifalarni qonun talablari asosida sifatli taʼminlashiga imkoniyat yaratiladi, deb aytish mumkin. Aks holda, jamoatchilik asosida faoliyat yurituvchi tarkib bilan bu maqsadlarga erishish, komissiya ishini sifatli va samarali yoʻlga qoʻyish imkonsiz boʻlar edi.

 

Qonun loyihasida markazlashgan saylov komissiyalari tizimini shakllantirish bilan bogʻliq quyidagi normalar ham aks etgan:

 

- Markaziy saylov komissiyasining Raisi besh yillik muddatga saylanishi, ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq Markaziy saylov komissiyasining Raisi etib saylanishi mumkin emasligi belgilanmoqda;

 

- Markaziy saylov komissiyasining, hududiy saylov komissiyalarining, okrug va uchastka saylov komissiyalarining vakolatlari aniqlashtirilmoqda;

 

- Tuman, shahar saylov komissiyasining vakolatlarini belgilovchi yangi normalar bilan toʻldirilmoqda.

 

Xulosa qilib aytganda, “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga saylov va referendum oʻtkazish tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida»gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasida nazarda tutilgan, mamlakatimizda markazlashgan saylov komissiyalarining vertikal tizimini shakllantirishga qaratilgan normalar xalqaro saylov standartlari talabiga, xorijiy davlatlarning ilgʻor tajribasiga toʻla mos keladi va ushbu dolzarb normalarning milliy saylov qonunchiligida oʻz aksini topishi, kelgusida mamlakatimizda barcha darajadagi saylovlar va referendumni Konstitutsiya, saylov va referendumga oid qonunlarga muvofiq tarzda, yuqori saviyada tashkil etish va oʻtkazishda oʻzining ijobiy samarasini beradi.

 

Xudoyor Mamatov,

Markaziy saylov komissiyasining kotibi,

Yuridik fanlar doktori, professor.

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur