SAMARALI HAMKORLIKNING MUHIM ASOSI

01.02.2023

5097

msk_yangiliklari_in

Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosi (YXHT DIIHB) yaqinda oʻz rasmiy saytida 2021-yil 24-oktyabr kuni boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida DIIHB saylovni kuzatish boʻyicha missiyasining yakuniy hisobotini eʼlon qildi. Shu munosabat bilan YXHT DIIHB delegatsiyasining Oʻzbekistonga tashrifi kutilmoqda.

 

Tavsiya, tashrif va taqdimot

 

2021-yilda boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi milliy saylovlar tarixida ilk bor YXHT DIIHB, YXHT Parlament Assambleyasi va Yevropa Parlamenti tomonidan kuzatib borildi. Saylov kuni YXHT Parlament Assambleyasi va Yevropa Parlamenti delegatsiyalari DIIHB missiyasiga qoʻshildi, shu tariqa 44 mamlakatdan 365 kuzatuvchidan iborat xalqaro saylovni kuzatish missiyasi shakllandi.

 

Prezident saylovini kuzatish uchun YXHT Parlament Assambleyasi ilk bor 27 mamlakatdan 100 nafar parlamentariy hamda YXHT Parlament Assambleyasi prezidenti va bosh kotibidan iborat nufuzli delegatsiyasini yubordi. Yevropa Parlamenti delegatsiyasi esa Oʻzbekistonda saylovni kuzatishda birinchi marta ishtirok etdi.

 

YXHT DIIHB metodologiyasiga muvofiq, byuroning saylovni kuzatishi natijalari boʻyicha faoliyati bevosita saylovdan keyingi davrda amalga oshiriladi. Bu borada saylovdan keyingi oʻzaro hamkorlik uchta asosiy yoʻnalish, yaʼni DIIHB yakuniy hisobotini eʼlon qilish va uni taqdim etish hamda taklif qilingan tavsiyalar asosida keyingi ishlarni davom ettirishni qamrab oladi.

 

Joriy yilning 22-aprelida YXHT DIIHB oʻz rasmiy saytida 2021-yili boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida DIIHB saylovlarni kuzatish boʻyicha missiyasining yakuniy hisobotini eʼlon qildi.

 

Yakuniy hisobot taqdimoti tavsiyalarni amalga oshirish boʻyicha keyingi ishlarda ishtirokchi davlatlarga kuzatuvdan koʻmaklashishga oʻtishning samarali mexanizmi hisoblanadi. Yakuniy hisobotni ishtirokchi davlatga yuborish orqali DIIHB oʻz hisobotini joyida taqdim etish va tavsiyalarini muhokama qilish uchun ushbu mamlakatga tashrif buyurishga tayyorligini bildiradi.

 

Odatda yakuniy hisobotni taqdim etuvchi byuro delegatsiyasiga saylovni kuzatish boʻyicha tegishli missiya rahbari, rahbariyat aʼzosi yoki DIIHB direktori boshchilik qiladi. Mamlakatga bunday tashrif saylov tugaganidan keyin 3-9 oy oʻtgach amalga oshiriladi.

 

Tashrif davomida yakuniy hisobot qator masʼul shaxslarga rasman taqdim etilib, unda keltirilgan xulosa va tavsiyalar muhokama qilinadi. Ikki tomonlama, parlamentariy uchrashuvlar, brifinglar, davra suhbatlari oʻtkazilishi ham mumkin.

 

Bunday tashriflar rasmiylar bilan samarali muloqot, ayrim masalalarga oydinlik kiritish va DIIHB tavsiyalari boʻyicha hamkorlikda bajarilishi mumkin boʻlgan chora-tadbirlarni muhokama qilish imkonini beradi.

 

Saylovning huquqiy-meʼyoriy asoslari boʻyicha milliy qonunchilikka oid sharhlar va ekspert xulosalarini tayyorlash, ekspertlar uchrashuvlari va davra suhbatlarini tashkil etish, texnik maslahatlar berish ham shular jumlasidandir.

 

Takomil va taraqqiyot

 

Yakuniy hisobot saylov sohasida YXHT DIIHB bilan muloqot va samarali hamkorlikni davom ettirish uchun muhim asosdir.

 

Chunki hisobotning asosiy qismlaridan biri — boʻlajak saylovlarni oʻtkazishning huquqiy asoslari va amaliyotini takomillashtirishga qaratilgan tavsiyalar. Ular saylovni tashkil etish uchun masʼul organlar, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari hamda siyosiy partiyalar, ommaviy axborot vositalari, fuqarolik jamiyati va boshqa manfaatdor idoralar tomonidan koʻrib chiqilishi uchun moʻljallangan.

 

Odatda tavsiyalar YXHT majburiyatlari va boshqa xalqaro majburiyatlar va standartlarni hisobga olgan holda qanday oʻzgartirishlar kiritish mumkinligi boʻyicha takliflarni oʻz ichiga oladi. Ulardan baʼzilari amaldagi qonunchilikka oʻzgartirishlar kiritishga, boshqalari saylov oʻtkazish amaliyotini yanada takomillashtirishga qaratilgan boʻlishi mumkin.

 

Oʻzbekistonning DIIHB bilan saylov jarayonidagi oʻzaro hamkorligi tobora mustahkamlanib borayotganini alohida taʼkidlash zarur. Byuro missiyasi 1999-yildan buyon mamlakatimizda oʻtkazilgan Prezident va parlament saylovlarida kuzatuvchi sifatida ishtirok etib kelmoqda. Bu, oʻz navbatida, Oʻzbekistonda saylovlarni mamlakatimiz saylovlar sohasida olgan majburiyatlar, umumeʼtirof etilgan tamoyillar va eng ilgʻor amaliyot asosida adolatli, halol va shaffof oʻtkazishga xizmat qilmoqda.

 

Samarali hamkorlik borasida milliy saylov tizimini yanada demokratlashtirish, saylov qonunchiligi va amaliyotini umumeʼtirof etilgan xalqaro demokratik saylov standartlariga uygʻunlashtirish orqali fuqarolarning saylov huquqlarini yanada kengroq va toʻlaroq taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

 

Bu borada YXHT DIIHB missiyasining har bir saylov natijalari boʻyicha yakuniy hisobotida oʻz aksini topgan tavsiyalarining maqbullari Oʻzbekiston saylov qonunchiligi va amaliyotiga implementatsiya qilinib, saylovga oid milliy huquqiy baza takomillashtirilmoqda.

 

Oʻtgan vaqt mobaynida Oʻzbekiston DIIHB saylovlarni kuzatish boʻyicha missiyasining qator tavsiyalarini amalga oshirdi. 2018-2019-yillarda saylovga oid qonunlar va qonunosti hujjatlar tizimlashtirilib, yagona Saylov kodeksiga birlashtirilgani, saylov jarayoniga axborot-kommunikatsiya texnologiyalari tobora keng joriy etilgani kabi koʻplab oʻzgarishlar buning yorqin dalilidir.

 

Markaziy saylov komissiyasi muvofiqlashtiruvida hamda manfaatdor vazirlik va idoralar, fuqarolik jamiyati institutlari ishtirokida saylov qonunchiligi va amaliyotini missiyaning 2019-yilgi parlament saylovi boʻyicha yakuniy hisoboti asosida yanada takomillashtirish yuzasidan izchil ishlar olib borildi.

 

Yakuniy hisobotda YXHT DIIHB Oʻzbekistonga saylov jarayonini takomillashtirishda yordam koʻrsatishga tayyorligini izhor etib, oʻttiz ikkita tavsiyani taqdim etgandi.

 

Missiyaning yakuniy hisobotidagi tavsiyalarni tahlil qilish va umumlashtirish, Oʻzbekistonning saylov qonunchiligi va amaliyotida qoʻllash uchun maqbul tavsiyalarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish uchun bir qator tashkiliy-amaliy chora-tadbirlar amalga oshirildi.

 

Davlatimiz rahbari Oliy Majlisga 2020-yil 29-dekabrdagi Murojaatnomasida 2021-yilda boʻlib oʻtadigan Prezident saylovi munosabati bilan Markaziy saylov komissiyasiga boʻlajak saylovni milliy qonunchilik va umumeʼtirof etilgan xalqaro demokratik tamoyillar asosida yuqori darajada tashkil etishga alohida eʼtibor qaratish zarurligini taʼkidlagan edi.

 

Shu bilan birga, Murojaatnomada soʻnggi saylovda xalqaro kuzatuvchilarning maqbul tavsiyalarini milliy qonunchilik va amaliyotga tatbiq etish boʻyicha ishlarni davom ettirish zarurligi qayd etildi. Mazkur ustuvor vazifalar 2021-yilga moʻljallangan Davlat dasturida batafsil ifodasini topdi.

 

Bu borada 2021-yil mobaynida milliy saylov qonunchiligini xalqaro saylov standartlariga yanada uygʻunlashtirish, missiyaning yakuniy hisobotidagi tavsiyalarni amalga oshirish va amaliyotga joriy etish borasida saylov qonunchiligini takomillashtirishga oid ikkita muhim qonun qabul qilindi.

 

2021-yil 8-fevralda qabul qilingan “Saylov qonunchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun bilan Oʻzbekiston Konstitutsiya siga, “Referendum yakunlari hamda davlat hokimiyati tashkil etilishining asosiy prinsiplari toʻgʻrisida”gi konstitutsiyaviy qonunga, “Siyosiy partiyalarni moliyalashtirish toʻgʻrisida”gi qonunga hamda Saylov kodeksiga qator oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritildi.

 

2021-yil 31-may kuni imzolangan “Oʻzbekiston Respublikasining Saylov kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonunga muvofiq Saylov kodeksining oʻn bitta moddasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritildi.

 

Shuningdek, byuroning yakuniy hisobotida bayon etilgan tavsiyalarning ijrosiga bevosita daxldor boʻlgan boshqa bir qator qonunchilik hujjatlari qabul qilinganini ham qayd etish zarur. Jumladan, 2020-yil 15-oktyabrda “Nogironligi bor shaxslarning huquqlari toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilindi va 2021-yilning yanvar oyidan kuchga kirdi.

 

“Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi qonun 2020-yilning 15-dekabrida qabul qilindi. Unda tuhmat va haqorat qilishga oid jinoiy jazoni liberallashtirish nazarda tutilgan, ozodlikdan mahrum etish jazosi bekor qilindi.

 

“Nogironlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyani (Nyu-York, 2006-yil 13-dekabr) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonun 2021-yilning 7-iyun kuni qabul qilindi.

 

Byuro tavsiyalari ijrosining lozim darajada bajarilishida Prezident sayloviga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ishlab chiqilgan yangi tahrirdagi normativ-huquqiy hujjatlar ham muhim ahamiyat kasb etdi. Mazkur nizom va yoʻriqnomalarda yakuniy hisobotdagi bir qator muhim tavsiyalar inobatga olingan.

 

Shunday qilib, YXHT DIIHBning parlament saylovi boʻyicha yakuniy hisobotda qayd etilgan 32 tavsiyasidan 21 tasi qabul qilindi.

 

Tizimli ishlar samarasi

 

Davlatimiz rahbari imzolagan «2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi toʻgʻrisida”gi farmon va “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili” Davlat dasturida saylov qonunchiligi va amaliyotini yanada takomillashtirish chora-tadbirlarini amalga oshirish nazarda tutilgan. Bular Saylovchilar yagona elektron roʻyxati va Saylov jarayonlarini boshqarish axborot tizimini takomillashtirish hamda milliy saylov tizimining nufuzini yanada oshirishdan iborat.

 

Markaziy saylov komissiyasida ayni paytda Ichki ishlar vazirligi, Kadastr agentligi, Davlat personallashtirish markazi va boshqa manfaatdor vazirlik hamda idoralar vakillaridan, shuningdek, MSKning xorijiy saylov organlari faoliyatini tashkil etish amaliyotini oʻrganuvchi xodimlaridan iborat ishchi guruhlar faoliyat yuritmoqda. Bunday tizimli ishlar samarasida saylov qonunchiligini takomillashtirish boʻyicha takliflar va tegishli normativ-huquqiy hujjatlar ishlab chiqiladi.

 

Shu tariqa, oʻtgan saylov kampaniyalari va ularga DIIHBning saylovlarni kuzatish boʻyicha missiyalari, boshqa xalqaro hamda xorijiy ekspertlar tomonidan berilgan baholar Oʻzbekistonda milliy demokratik saylov tizimi shakllanishi va rivojlanishiga sezilarli taʼsirini koʻrsatmoqda. Natijada har bir saylov kampaniyasiga berilgan eʼtiroflarda mamlakatimizda saylovni tashkil qilish va oʻtkazish borasida muayyan muvaffaqiyatlar qayd etilmoqda.

 

Xususan, YXHT DIIHBning 2021-yilgi saylov boʻyicha yakuniy hisobotida saylov Oʻzbekiston Prezidenti tashabbusi bilan ijtimoiy va iqtisodiy, siyosiy va huquqiy sohalarda “Yangi Oʻzbekiston” shiori ostida amalga oshirilayotgan islohotlar strategiyasini amalga oshirish jarayonida oʻtgani alohida qayd etilgan. Eʼtirof etilganki, Oʻzbekiston soʻnggi yillarda saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish jarayonida salmoqli yutuqlarni qoʻlga kiritgan, saylov qonunchiligida tub islohotlarga erishgan. Bu YXHT DIIHB tomonidan taklif etilgan tavsiyalarni implementatsiya qilishga yoʻl ochgan.

 

Markaziy saylov komissiyasining Prezident sayloviga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish borasidagi faoliyatiga yuksak baho berilgan. COVID-19 bilan bogʻliq muammolarga qaramay, Markaziy saylov komissiyasi oʻz faoliyatini yuksak tashkiliy darajada, sifatli va qonunchilikda belgilangan muddatlarda samarali tashkil etgani taʼkidlangan.

 

Saylov kampaniyasining ochiq va oshkora oʻtkazilganiga, imkoniyati cheklangan shaxslar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish borasidagi chora- tadbirlarga ham ijobiy baho berilgan.

 

Saylovchilar faolligini oshirish boʻyicha kampaniya toʻqqiz tilda olib borilgani, shuningdek, saylov qonunchiligi va Markaziy saylov komissiyasi qarorlariga daxldor barcha materiallar oʻzbek, rus va qoraqalpoq tillarida eʼlon qilib borilgani, bundan tashqari, internetda qozoq, qirgʻiz, tojik va turkman tillarida tarqatilgani va boshqa bir qator holatlar qayd etildi.

 

Yakuniy hisobotda saylov jarayonlari bilan bogʻliq ayrim kamchiliklar ham koʻrsatib oʻtilgan. Markaziy saylov komissiyasi fikricha, ular qonunchilik tomonidan tartibga solish amaliyotining oʻziga xos jihatlari, hududiy, milliy va madaniy shart-sharoitlarni hisobga olganda, kamchilik boʻlmasligi ham mumkin.

 

YXHT DIIHB saylov jarayonlarini yanada takomillashtirishda Oʻzbekistonga har tomonlama yordam berishga tayyor ekanini bildirib, yakuniy hisobotda yigirma toʻrtta tavsiyani taklif etgan.

 

Shu munosabat bilan yakuniy hisobotni batafsil tahlil qilish, unda keltirilgan tavsiyalarni oʻrganish hamda ularni qoʻllash boʻyicha takliflar ishlab chiqish uchun idoralararo ishchi guruh tashkil etildi. Ushbu ishchi guruhga saylov jarayonining barcha ishtirokchilari, ekspertlar va mutaxassislar, siyosiy partiyalar vakillari, fuqarolik jamiyati institutlari, olimlar va amaliyotchilar jalb etildi.

 

Yakuniy hujjatni oʻrganishga BMTning Taraqqiyot dasturi, Saylov tizimlari xalqaro fondi, YXHTning Loyihalar boʻyicha koordinatori kabi xalqaro tashkilotlardan ekspertlar jalb qilingan boʻlib, ular mazkur hisobotni BMT, YXHT universal hujjatlari va demokratik hamda erkin saylovlar standartlarini belgilovchi xalqaro huquqning boshqa hujjatlari bilan qiyosiy tahlil qilish, shuningdek, xalqaro amaliyot bilan taqqoslashtirishda yordam bermoqda.

 

Tavsiyalar YXHT DIIHBdan tashrif buyuradigan delegatsiya bilan hamkorlikda har tomonlama koʻrib chiqiladi. Natijasi boʻyicha Oʻzbekistonda saylov qonunchiligini takomillashtirish, saylov amaliyoti samaradorligini oshirish, xususan, 2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasida belgilab berilgan ustuvor vazifalarni bajarish doirasida takliflar ishlab chiqiladi.

 

Xulosa oʻrnida taʼkidlash lozimki, Oʻzbekistonda YXHT DIIHB tavsiyalarini bajarish borasida zarur imkoniyatlardan samarali foydalanish boʻyicha koʻplab ishlar amalga oshirildi va oshirilmoqda. Bu esa, oʻz navbatida, mamlakatimiz demokratik taraqqiyot uchun xalqaro standartlarga javob beradigan saylov sohasidagi ilgʻor tajribalarni tatbiq etishga xizmat qiladi.

 

 

Gulnoza RAHIMOVA,

Oʻzbekiston Respublikasi

Markaziy saylov komissiyasining

doimiy asosda ishlovchi aʼzosi

 

Manba: “Yangi Oʻzbekiston” gazetasining 2022-yil 10-iyun kungi 115-soni

 

PDF ni yuklab olish

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur