Sayt test rejimida ishlamoqda

VATAN UCHUN JONIN TIKKANLAR ( I QISM)

27.01.2023

3787

msk_yangiliklari_in

Yoʻq, bu, shunchaki, rasmi mulozamat uchun tanlangan balandparvoz gap emas. Bu – Ikkinchi jahon urushi yillarining “koʻz ilgʻamas janggohlari”da jasorat koʻrsatgan jasur oʻzbek razvedkachilaridan biri- Sharif Shirinboyevning eng sevimli iborasi, eng qaltis vaziyatlarda taqdirini hal qilgan kalom, hayotida bir umr qatʼiy amal qilib yashagan dastur.

 

“Vatan uchun jon fido!”

 

Yoʻq, bu, shunchaki, rasmi mulozamat uchun tanlangan balandparvoz gap emas. Bu – Ikkinchi jahon urushi yillarining “koʻz ilgʻamas janggohlari”da jasorat koʻrsatgan jasur oʻzbek razvedkachilaridan biri- Sharif Shirinboyevning eng sevimli iborasi, eng qaltis vaziyatlarda taqdirini hal qilgan kalom, hayotida bir umr qatʼiy amal qilib yashagan dastur.

 

Urushda erishilgan olamshumul gʻalabaga Oʻzbekiston Davlat xavfsizlik xizmatining oʻz Vatani, xalqi va burchiga sadoqatli minglab xodimlari ham beqiyos hissa qoʻshgan. Ular Qurolli Kuchlarning askar va zobitlari bilan bir qatorda bosqinchilarga qarshi janggohlarda, dushman orasida va front ortidagi beayov kurashlarda yuksak jasorat namunalarini koʻrsatgan, koʻplab yuksak jangovar va davlat mukofotlariga sazovor boʻlgan.

 

Sharif Shirinboyev — ulardan biri. 1908 yili Samarqand shahrida xizmatchi oilasida tugʻilgan. Avval bu qadim shahardagi oʻrta maktabda, keyin Fargʻona davlat pedagogika institutining tarix fakultetida tahsil olgan. Bir muddat shahardagi Bogʻishamol tuman sudida ishlagan. Yigirma toʻrt yoshida davlat xavfsizlik tizimida faoliyatini boshlab, maxsus kurslarda bilim va koʻnikmasini oshirgan.

 

Otasi Abduqayum Shirinboyev Samarqand uyezdi rahbarining tarjimoni boʻlib ishlagan, oʻz davrining maʼrifatli odamlaridan boʻlgan. Bu oʻgʻlining hayotida muhim oʻrin tutgani tabiiy.

 

Ajoyib suhbatdosh

 

Sharif Shirinboyev haqida menga Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining isteʼfodagi polkovnigi, maxsus xizmat faxriysi Xudoyberdi SOHIBOV gapirib berdi.

 

Darvoqe, avval tanishaylik: polkovnik Xudoyberdi Sohibovning oʻzi kim? Qanday odam?

 

“Kim?” Suhbatdoshim bir zum xayolga toladi-da, dadil javob beradi: “Xudoning oddiy bir bandasi. Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida tugʻilib oʻsgan. Musiqa maktabida oʻqigan. “Mendan Betxoven chiqmas ekan” deb, cholgʻu ilmidan voz kechib, Muxtor Ashrafiyday atoqli bastakorning tanbehlarini eshitgan. ToshDUning (hozirgi Milliy universitet) sharqshunoslik fakultetida xorijiy tillarni oʻrgangan. Nurotadagi qishloq maktabida bolalarga ingliz tilidan saboq bergan. Soʻng xavfsizlik xizmatiga ishga taklif etilgan. Kontrrazvedka, razvedka kabi sohalar unga ham begona emas”.

 

Maxsus topshiriqlar bilan xorijga ham yuborilgandir, albatta?

 

“Ha, unaqasi ham boʻlgan. Shukrki, hammasidan yorugʻ yuz bilan qaytgan”.

 

Umrini maxfiy xizmat ishiga bagʻishlagan bu mohir mutaxassisni “Domla” deb atagim keldi. Mabodo, ilk uchrashuvimizdan avval, koʻcha-koʻy, toʻy-maʼrakada baqamti kelib qolganimda ham, Xudoyberdi akaga hech ikkilanmay shunday murojaat qilgan boʻlar edim: “Domla!”

 

U, rostdan ham, muallimga, aniqrogʻi, boshlangʻich sinf oʻqituvchisiga oʻxshaydi. Juda odmi, lekin did bilan kiyingan, siyraksiy boshlagan kumush sochlari silliq taralgan, kamtarin, kamsuqum. Farqi — uning yoshiga yetib, saksonni qoralab qolganida, aksariyat mardum, atoqli adibimiz aytganidek, “jagʻiga suyanib qoladi”. Mening suhbatdoshim esa, aksincha, gapga oʻta xasis. “Grammlab gapiradi”. Har bir soʻzini ming marta oʻylab, shoshilmasdan, tahlil tarozisiga solib aytadi.Tiliga pishiq, ajoyib suhbatdosh.

 

U urushdan keyingi, tinchlik-osoyishtalik yillarida Sharif Shirinboyevning suhbatlarini olgan. Xotiralaridan bahramand boʻlgan. Hayoti va faoliyatini astoydil oʻrgangan.

 

“Men Sharif aka bilan oʻtgan asrning 60-yillari oxiri, 70-yillarning boshida koʻp uchrashganman, — deb gap boshladi Xudoyberdi aka. –Fozil va zakiy odam edi. Boshqa hamkasblarim qatori men ham u kishidan koʻp maslahatlar olganman. Ustozimiz. Ayrim asarlarini, xususan, “Sharqdan esgan nasim” xotira kitobini qoʻlyozmaligida oʻqiganman. Afsuski, oʻsha paytlarda uni chop etishning iloji boʻlmagan”.

 

Olov ichida

 

Bilamizki, fashistlar Germaniyasi Sovet Ittifoqiga 1941 yilning 22 iyunida hujum qilgan va bu qonli urush gʻoyat uzoq — toʻrt yil – fashistlar batamom tor-mor etilgunicha, 9 maygacha, davom etgan. Sharif Shirinboyev uchun esa suronli yillar bundan ancha oldin – 1937 yilning kuzagida boshlanganini taʼkidlash oʻrinli.

 

Oʻsha yili u afsonaga asoslangan “Sharif Qayumiy” degan nom, shu nomga yarasha toʻqilgan tarjimai holni diliga va hujjatlariga tugib, maxfiy topshiriq bilan Xitoyning Shinjon viloyatiga yuborilgan. Avvalo, yashirin faoliyatining mana shu – birinchi davriga toʻxtalib oʻtsak.

 

 

Bu paytda Xitoy tom maʼnodagi Yapon urushi olovi ichida qolgan, uning talay qismini Kvantun armiyasi ishgʻol qilib boʻlgan edi. 1931 yilning sentyabrida boshlanib, sakkiz yil davom etgan yapon-xitoy urushi davrida Chin yurtida 20 milliondan ortiq odamning yostigʻi qurigan. Aslini olganda, Kvantun harbiylarining rejasi uch-toʻrt oy ichida Xitoyni “saranjomlab”, keyin Shimolga qarab siljishdan iborat boʻlgani sir emas.

 

Bunday vaziyatda Sovet hukumati ham qoʻl qovushtirib turolmasligi aniq edi. Xitoy xalqi bilan birdamligini izhor etib, bayonot beradi va 30-yillarda bu jabrdiyda mamlakatga harbiy texnika, qurol-yarogʻ va oziq-ovqatdan katta yordam koʻrsatadi.

 

Xitoy xalqining bosqinchilarga qarshi olib borgan qaqshatqich kurashi Yaponiyani holdan toydirgan va u sovetlar diyoriga hujum qilishga botinolmagan.

 

Dunyoning eng qadimiy davlatlaridan biri boʻlmish Chin yurtida oʻsha yillari yapon, nemis fashistlari va ingliz razvedkasi oʻz toʻrini keng yoygan edi. Mamlakatda hokimiyat, jumladan, joylardagi mahalliy hokimiyat ham, turli xorijiy davlatlar tomonidan qoʻllab-quvvatlanayotgan goh u, goh bu siyosiy guruh qoʻliga oʻtar ediki, ularning oʻzaro ayovsiz qon toʻkishlari fuqarolar urushiga aylanib ketgan, bunday muhorabalar oqibatida Xitoy tubsiz jar yoqasiga kelib qolgan edi.

 

“Suhbatlarimizdan birida Sharif aka, rahmatli, xizmat yuzasidan oʻtkazilgan tadbirlar asnosida oʻzi guvoh boʻlgan qiziq bir kuzatishini hikoya qilib bergan edi, — deb gapini davom ettiradi polkovnik X.Sohibov. -Aytishicha, oʻzaro hokimiyat talashayotgan isyonchi toʻdalar rahbarlarining birining xonasidagi devorda Gitler, ikkinchisinikida Stalin, boshqasinikida Buyuk Britaniya Bosh vaziri Cherchillning surati osigʻliq turganini koʻrish mumkin ekan. Vaziyat shu darajada murakkab va chigal boʻlganki, qaysi guruh qanday maqsadda kurashayotganini na ichidan, na sirtidan aniq bilish, anglash oson emasdi. Xiyonat va xoinlik vabo singari keng tarqalgan, Xitoydek qudratli davlatni ichdan yemirib, parchalanish darajasiga olib kelgan edi”.

 

Ajal bilan yuzma-yuz

 

Bunday parokandalikdan ustomonlik bilan foydalangan yirik davlatlar, jumladan, yapon harbiylari va razvedkachilari Xitoy bilan chegaradosh mamlakat — Sovet Ittifoqiga, jumladan, Oʻrta Osiyo oʻlkalariga, qarshi qoʻporuvchilik ishlarini avj oldirayotgan edi. Bunda ular kollektivlashtirish, quloq qilish va surgunga badargʻa etilishdan qoʻrqib, chet ellarga qochishga majbur boʻlgan, har tomonlama tang ahvolga tushib qolgan muhojirlarni yollashga oʻtgan. Maqsad – oʻzbek, qozoq, turkman, qirgʻiz, uygʻur millatlariga mansub musofirlarni yoʻldan ogʻdirib, qoʻliga qurol berish, Oʻrta Osiyoga tashlash hamda strategik jihatdan oʻta muhim mazkur mintaqada ham Xitoydagi kabi parokandalikni keltirib chiqarish. Yangi urush olovini yoqib, xalqni qirgʻinbarotga giriftor qilish orqali Movarounnahrning boyliklarini talash.

 

Sharif Shirinboyevning zimmasiga ana shunday katta tahdidlarning oldini olish bilan bogʻliq gʻoyat xavfli va nozik vazifa yuklangan ediki, oʻzbek oʻgʻloni oʻz burchini yuksak sharaf bilan ado etdi.

 

Qashgʻarga kelganidan soʻng u tegishli odamlarning yordami bilan Shinjon viloyati politsiyasi boshqarmasi tezkor agentura boʻlimi boshligʻining yordamchisi lavozimiga ishga joylashishga muvaffaq boʻladi. Bunda “Sharif Qayumiy”ning bir nechta tilni, jumladan, Markaziy Osiyo xalqlari tillarini puxta bilishi muhim oʻrin tutgan.

 

“Taʼkidlash joizki, — deydi Xudoyberdi aka, — begona davlatning xavfsizlik xizmatiga, boz ustiga, uning “yuragi” — agentura boʻlimiga ishga joylashish razvedkachi orzu qilishi mumkin boʻlgan katta omad. Chunki, Xitoyning oʻzida va undan xorijda, jumladan, Sovet Ittifoqida, ish olib borayotgan yuzlab agentlarga, ular amalga oshirayotgan, rejalashtirayotgan gʻoyat maxfiy harakatlarga oid maʼlumotlar aynan Sharif Shirinboyev xizmat qilgan oʻsha boʻlimda jamlangan va umumlashtirilgan. Ayni paytda, mazkur boʻlimning vazifasiga siyosiy jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanib, hibsga olingan gumondorlarni tergov qilish ham kirgan. Bu, bir tomondan, gʻoyat ulkan imkoniyat boʻlsa, ikkinchi tomondan, razvedkachimizning tepasida oʻtkir tigʻli qilich doim oʻynab turishini ham anglatar edi. Zero, kutilmaganda siri fosh boʻlib, muqarrar oʻlimga yuz tutishi hech gap emasdi.

 

Oradan bir yil oʻtgach, viloyat jamoat xavfsizligi bosh boshqarmasi inspektori lavozimiga koʻtarilgan “Sharif Qayumiy” tugʻilgan imkoniyatdan juda samarali foydalangan. Avvalo, muhojirlar va muhojirlar orasidan oʻziga ishonchli koʻmakdoshlar topib, ular bilan mustahkam aloqa oʻrnatgan. Oʻrta Osiyodan qochib, Shinjondagi xorij razvedkachilarining yoʻrigʻida ish yuritayotgan koʻplab kallakesarlarning kirdikorlari-yu rahnamolarini aniqlagan”.

 

Arxiv maʼlumotlariga qaraganda, 1939 yilning mayida Qashgʻar politsiyasi boshqarmasi tomonidan chet el razvedkasi bilan aloqadorlikda ayblanib oʻttizdan ortiq ofitser, jumladan, Sharif Shirinboyev ham qamoqqa olinadi. Tergov jarayonidagi qiynoqlarga qaramasdan, u chet el, jumladan, Sovet razvedkasiga aloqasi borligini butunlay rad etadi. Qayd qilinganidek, afsonaga asoslangan oʻsha “Sharif Qayumiy” nomi va shunga yarasha toʻqilgan tarjimai holida turib oladi.

 

U otishga hukm qilinadi. Bir kishilik kamerada qatl etishlarini kutish azobi boshlanadi. Uqubat toʻrt oydan koʻproq choʻziladi.

 

Temir eshikning ochilishi

 

1939 yil 17 sentyabri tonggida toʻsatdan kameraning temir eshigi ochilib, ikki harbiy kiradi va uning boshiga yostiq ustida yotgan kamzulini tashlaydi. Oʻttiz yoshli razvedkachi kuni bitganini anglaydi.

 

Sharif Shirinboyevni qamoqxonadan sudrab olib chiqar ekanlar, undan oxirgi marta soʻraydilar: “Agar asli oʻzing kimligingni va Sovet razvedkasi bilan aloqang borligini aytsang, hayotingni saqlab qolamiz!”

 

“Bu sinov uchun berilgan savol ekanini razvedkachimiz oʻsha paytda bilmagan, albatta, — deb xotirlaydi Xudoyberdi Sohibov. — Dor ostida turgan yigitning javobi qatʼiy boʻladi: “Men Sharif Qayumiyman. Boshqa gapdan xabarim yoʻq!”

 

Uni mashinaga oʻtqizadilar va uzoq yuradilar. “Meni shahardan tashqariga chiqarib otishsa kerak”, deb oʻylaganini bot-bot eslagan edi keyinchalik Sharif aka.

 

Oʻydim-chuqur yoʻllardan ketib borar ekanlar, yonida oʻtirgan xitoylik ofitser unga yana sekin gʻulduraydi: “Vatan uchun jon fido!”

 

Bu razvedkachimizning ishonchli va mahram maslakdoshlari oʻrtasida sinash uchun aytiladigan, juda sanoqli odamlargina biladigan shartli soʻzlar – parol edi.

 

“Kimdir sotibdi!” degan gap xayolidan chaqmoqdek oʻtgan Sharif Shirinboyev yana oʻzini tushunmaganga oladi.

 

“Mashina uzoq yurdi, — deb eslaydi u keyinchalik. – Juda uzoq. Tekis koʻchalar ortda qolib, tuproq yoʻl boshlandi. Dimogʻimga dala-dashtning epkini, qovjiragan oʻt-oʻlan hidi keldi.

 

“Demak, choʻlga chiqarib otishmoqchi. Jinoyat izini yoʻqotishmoqchi!” Ona shahrim Samarqand, ota-onam koʻz oldimga kelib, ularga gʻoyibona alvido aytdim. Birdan mashina toʻxtab, meni qandaydir zinadan yetaklab chiqishdi. Samolyot! Uchdik va Olmaotaga qoʻndik. Oʻzimiznikilar ekan!”

 

Maxsus xizmatlar muhim davlat topshirigʻini bajarish paytida oʻz xodimi xoh xorijda, xoh mamlakatning ichkarisida boʻlsin, nochor ahvolga tushib qolsa, uni, albatta, qutqaradi, — deb taʼkidlaydi polkovnik X.Sohibov. — Bu – xizmatimizning oltin qoidasi.

 

Sharif Shirinboyev ham Xitoydagi gʻoyat qattiq qoʻriqlanadigan qalʼa-qamoqxonadan jasur hamkasblari tomonidan ozod etilgan edi”.

 

Eʼtirof

 

Ikki yil davom etgan tekshir-tekshirlardan keyin, nihoyat, 1939 yil 29 noyabrda SSSR Ichki ishlar xalq komissari raisining oʻrinbosari V.Merkulov imzosi bilan Toshkentga 5293/b raqamli xat joʻnatiladi. Unda jumladan, shunday satrlar bor edi:

 

“Oʻzbekiston Ichki ishlar xalq komissarligi Qoradaryo tuman boʻlimining sobiq boshligʻi, Davlat xavfsizlik xizmati serjanti oʻrtoq Sharif Qayumovich Shirinboyev 1937 yilning oktyabrida Shinjonga maxsus topshiriq bilan joʻnatilgan edi.

 

Muayyan sharoit taqozosi bilan Shirinboyev hibsga olinib, toʻrt oy Xitoy qamoqxonasida saqlandi. Jangavor topshiriq nuqtai nazaridan biz uning qamalishiga yoʻl qoʻyishga majbur boʻlgan edik. Biroq keyinchalik koʻrilgan chora-tadbirlar natijasida Shirinboyev qamoqdan qutqarilib, oʻzimizning hududga olib kelindi. Shirinboyev Xitoy qamoqxonasida oʻtirgan paytida va oʻtkazilgan tergovlar jarayonida chin inson, Davlat xavfsizlik xizmatining sadoqatli xodimiga xos sabot-matonatini namoyon qildi. Ayni paytda, uni yana Shinjonga yuborishning, muayyan sabablarga koʻra, iloji yoʻq. Shinjon polisiyasi tomonidan qamoqqa olinishi Shirinboyevning obroʻ-eʼtiboriga soya soladigan maʼlumot sifatida talqin qilinmasligi kerak.

 

Ixtiyoringizga yuborilayotgan Shirinboyevning qanday lavozimga tayinlangani haqida maʼlum qiling”.

 

Bu – Shirinboyevning razvedkachilik faoliyatiga berilgan yuksak baho edi.

 

Shunday qilib, mohir razvedkachimiz faoliyatining birinchi davri xayrli yakun topadi va ikkinchi bosqichi boshlanadi.

 

Urush yillari Markaz davlat xavfsizlik xizmati leytenanti Sharif Shirinboyevni chet ellarda maxsus vazifalarni bajarishga tayyorlash uchun SSSR razvedkachilari zaxirasiga kiritadi. 1941 yilning oktyabrida u atoqli razvedkachi, general-leytenant Pavel Sudoplatovning qabuliga chorlanadi. Partizanlar harakatini, xorijda, dushman orasida razvedka ishlarini tashkil etishga rahbarlik qiluvchi bu odam bilan suhbatdan soʻng, 1942 yili, Sharif Shirinboyev Eronga 1948 yilgacha davom etgan maxsus safarga otlanadi. Zimmasiga fashistlar agenturasining Sovet Ittifoqiga qarshi olib borayotgan qoʻporuvchilik harakatlarini aniqlash va barbod etishdan iborat jangovar vazifa yuklanadi.

 

Qulman OCHIL

Manba: “Hurriyat” gazetasi.

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur