SAYLOVCHILAR RO‘YXATI - TENGLIK TAMOYILINI RO‘YOBGA CHIQARISHNING MUHIM OMILI

27.01.2023

4935

msk_yangiliklari_in

Saylov — 2021

 

SAYLOVCHILAR ROʻYXATI — TENGLIK TAMOYILINI ROʻYOBGA CHIQARISHNING MUHIM OMILI

 

Joriy yilda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi ilk marotaba Oʻzbekiston Respublikasining yangi Saylov kodeksiga muvofiq boʻlib oʻtadi. Saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazishda saylov huquqiga ega boʻlgan har bir yurtdoshimizning saylovchilar roʻyxatiga kiritilishi muhim ahamiyatga ega.

 

Saylov kodeksining 4-moddasida, jumladan, shunday deyilgan: “Saylov kuni oʻn sakkiz yoshga toʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari saylash huquqiga egadir. Fuqarolar jinsi, irqiy va milliy mansubligi, tili, dinga munosabati, ijtimoiy kelib chiqishi, eʼtiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeyi, maʼlumoti, mashgʻulotining turi va xususiyatidan qatʼi nazar, teng saylov huquqiga egadir”.

 

Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga asosan 18 yoshga toʻlgan fuqaro davlat hokimiyati vakillik organlariga saylash huquqiga ega. Bir saylovchi-bir ovozga ega. Ovoz berish huquqi, oʻz xohish-irodasini bildirish tengligi va erkinligi qonun bilan kafolatlanadi.

 

Saylovchining saylov huquqini amalga oshirishi uning saylov kampaniyasidagi elektoral madaniyatini koʻrsatadigan asosiy mezonlardandir.

 

Saylovchining saylovda ishtirokini taʼminlash uchun uning bitta saylov uchastkasida bir marotaba ovoz berishi va boshqa saylov uchastkasida ikkinchi marta ovoz berishining oldini olish maqsadida, saylovchining ovoz berish joyi belgilanadi, shuningdek bir hududda yashayotgan koʻplab saylovchilarning ovoz berish huquqini taʼminlashda qulaylik yaratish maqsadida saylov uchastkalari hamda ushbu saylov uchastkasida ovoz berishi mumkin boʻlgan saylovchilar roʻyxati tuziladi.

 

Shuning uchun saylovchilar roʻyxati saylov kampaniyasi davridagi eng muhim va hal qiluvchi hujjatlardan biri hisoblanadi.

 

Saylovchilar roʻyxatining qonun talablari asosida tuzilishi xalqaro saylov standartlariga muvofiq fuqarolarning umumiy, teng, toʻgʻridan-toʻgʻri saylov huquqini roʻyobga chiqarishda muhim ahamiyatga ega.

 

Fuqaroning saylovchilar roʻyxatiga kiritilishi saylov huquqiga ega boʻlgan saylovchilarga imkoniyat yaratish uchun muhim, shu bilan birga “bir saylovchi, bir ovoz” asosiy prinsipini amalga oshirishga xizmat qiladi.

 

Saylovchilar roʻyxati hammaga teng sharoit yaratilishini, aniq va keng qamrovli boʻlishini va uning jarayonlari barcha manfaatdor tomonlar uchun ochiq boʻlishini taʼminlash saylovni samarali tashkil etish va oʻtkazish uchun masʼul boʻlgan organlarining eng muhim vazifasi hisoblanadi.

 

Eʼtibor bersak, roʻyxatdan oʻtgan saylovchilar sonidan kelib chiqqan holda, saylov uchastkalarining soni va joylashuvi, chop etish uchun saylov byulletenlari miqdori, ular bilan saylov uchastkalarini taʼminlash hamda saylovchilarning ovoz berishda ishtirok etishini baholash kabi muhim qarorlar qabul qilinadi.

 

Har bir saylovchi faqat bitta saylovchilar roʻyxatiga kiritilishi mumkin. Saylovchining ikkinchi saylovchilar roʻyxatiga kiritilishi saylovda tenglik prinsipini buzilishiga sabab boʻladi.

 

Ushbu prinsipning buzilishiga yoʻl qoʻyilgan-qoʻyilmaganligi birinchi navbatda okrug va uchastka saylov komissiyasi aʼzolari tomonidan, shuningdek kuzatuvchilar tomonidan saylov jarayonida oʻrganiladi.

 

Saylovchilar roʻyxatiga har bir saylovchining familiyasi, ismi, otasining ismi, tugʻilgan sanasi va yashash joyi manzili kiritiladi. Saylovchilar roʻyxatiga maʼlumotlar aniq, tushunarli, sanalar va joy manzillari toʻgʻri kiritilishi shart.

 

Saylovchilar roʻyxatida saylov oʻtkaziladigan yili va saylov kuni 18 yoshga toʻlgan saylovchilarning tugʻilgan yili, oyi va kuni koʻrsatilgan boʻlishi kerak.

 

Qonunga muvofiq saylovchilar roʻyxati tuzib boʻlingach, saylovga oʻn besh kun qolganida saylov uchastkasida saylovchilarga tanishtirish uchun hammaga koʻrinarli joyga joylashtiriladi.

 

Saylovchilar roʻyxatini tuzish uchun roʻyxat namunalari Markaziy saylov komissiyasi tomonidan belgilanadi. Saylovchilar roʻyxati ikki xil shaklda tuziladi, birinchi shakli saylovchilarga tanishtirish uchun, ikkinchi shakli saylovchilarning ovoz berishini tashkil etish uchun foydalaniladi. Har ikkala shakldagi saylovchilar roʻyxatida saylovchilar haqidagi maʼlumotlar bir xil tartibda, bir xil raqamlangan holda tuziladi.

 

Saylovchilar roʻyxati bosh sahifa, ichki varaqlar va soʻnggi varaqdan iborat boʻladi.

 

Bosh sahifada oʻtkazilayotgan saylov nomi, saylov uchastkasining tartib raqami, joylashgan manzili hamda saylovchilar roʻyxati koʻrsatiladi. Ichki varaqlarida esa saylovchilarning roʻyxati tartib bilan beriladi.

 

Soʻnggi varagʻida saylovchilar roʻyxatining yakunlovchi qismi hamda uchastka saylov komissiyasi raisi va kotibining familiyasi, ismi, otasining ismi va imzolari hamda imzo qoʻyilgan sana koʻrsatiladi.

 

Saylovchilar roʻyxati bir necha varaqdan iborat boʻlganligi sababli uning barcha varaqlari yagona tartibda raqamlanadi.

 

Saylovchining familiyasi, ismi va otasining ismi haqidagi maʼlumotlar uning pasporti yoki ID kartasi asosida toʻliq yozilishi shart.

 

Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining pasporti Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligini va uning egasi shaxsini tasdiqlovchi asosiy hujjatdir.

 

Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining identifikatsiya ID-kartasi-Oʻzbekiston Respublikasi hududida egasining shaxsini va Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligini tasdiqlaydigan, ID-karta egasining shaxsiy biografik va biometrik maʼlumotlari kiritilgan elektron tashuvchi qurilma (chip)ga ega boʻlgan hujjat hisoblanadi.

 

Saylovchining bir hududdan boshqa hududga yashash uchun koʻchib oʻtishi uning bir saylovchilar roʻyxatidan chiqarilib, ikkinchi saylovchilar roʻyxatiga kiritilishiga sabab boʻladi.

 

Shu sababli saylov kampaniyasi davrida saylovchi yangi koʻchib kelgan hududidagi uchastka saylov komissiyasiga albatta oʻsha kunning oʻzida murojaat qilishi lozim. Bu holat saylovchining elektoral madaniyatini koʻrsatuvchi mezonlardandir.

 

Agarda saylovchining yashash joyi oʻzgarsa, saylovchi koʻchib kelgan yoki vaqtincha boʻlib turgan joydagi uchastka saylov komissiyasiga oʻz vaqtida xabar berishi zarur. Bu haqda tegishli uchastka saylov komissiyasi maʼlumotga ega boʻlmasa, saylov kuniga qisqa vaqt qolganida yoki saylov kuni saylovchi ovoz berishga kelganda u saylovchilar roʻyxatiga kiritilmay qolganligi sababli ovoz bera olmasligi mumkin.

 

Basharti shunday holatlar yuzaga kelganda, saylovchining saylov huquqini taʼminlash nuqtai nazaridan, Saylov kodeksiga alohida norma kiritilgan, shunga muvofiq uchastka saylov komissiyasi saylovchining shaxsini tasdiqlovchi hujjati asosida saylovchining qaysi saylov uchastkasi boʻyicha roʻyxatga kiritilganligini saylovchilarning yagona elektron roʻyxatidan izlab topadi va muddatidan oldin ovoz bergan yoki bermaganligini aniqlashtiradi, shundan soʻng, ushbu saylovchi doimiy yashash joyida muddatidan oldin ovoz bermagan boʻlsa vaqtincha yashash joyidagi saylov uchastkasi boʻyicha saylovchilar roʻyxati ilovasiga kiritilishi mumkin.

 

Shu asnoda aytish lozimki, saylovchi oʻzini saylovchilar roʻyxatiga kiritilganligini aniqlashi, uni uchastka saylov komissiyasidan soʻrashi va saylovchilar roʻyxati bilan tanishib, zarur hollarda unga tegishli oʻzgartirish kiritilishi boʻyicha saylov komissiyasiga murojaat qilishi saylov huquqini roʻyobga chiqarishda alohida ahamiyatga ega.

 

Saylovchilarga oʻz saylov uchastkasini topishida qulaylik yaratish maqsadida bir necha qulay vositalar ishlab chiqilgan. Buning uchun saylov kampaniyasi davrida Markaziy saylov komissiyasining elections.uz veb-saytida tashkil etilgan “Oʻzingizni saylovchilar roʻyxatidan aniqlang” va Yagona interaktiv xizmatlar davlat portalidagi “Saylov uchastkasini aniqlash” nomli xizmatdan ham foydalanishi uning oʻz vaqtida saylovchilar roʻyxatiga kiritilishiga yordam beradi.

 

Bu haqda soʻz yuritganda Oʻzbekiston Respublikasida 2019-yil 22-dekabrda oʻtkazilgan saylovlar yakuni boʻyicha YXHT Demokratik institutlar inson huquqlari boʻyicha byurosi Missiyasining yakuniy hisobotidagi quyidagi fikrlarini keltirish oʻrinlidir: “Saylovchilarni roʻyxatga olish passiv(nofaol) boʻlib, saylovchilar oʻzlarining doimiy yoki vaqtinchalik roʻyxatdan oʻtgan yashash joylaridagi saylovchilar roʻyxatiga kiritilganlar. Bu saylovlarda ilk bor markazlashgan Saylovchilarning yagona elektron roʻyxatidan (SYER) foydalanildi. U qayta-qayta ovoz berishni kamaytirish va saylovchilar qamrovini ancha kengaytirishni oldiga maqsad qilib qoʻygan”.

 

Ushbu misollar mamlakatimizda saylovchilarni roʻyxatga olish amaliyoti xalqaro qoidalar bilan hamohang takomillashtirib borilayotganini koʻrsatadi.

 

Demak, saylovchilar roʻyxatini ochiq-oshkora tuzish boʻyicha amaldagi qonun hujjatlarida mustahkamlab qoʻyilgan tartib amaliyotda fuqarolar xohish-irodasi toʻliq ifodalanishini taʼminlashga xizmat qilibgina qolmay, mamlakatimizda har bir fuqaroning ovozi muhim ahamiyatga ega ekanligini ham koʻrsatadi.

 

Daxldorlik tuygʻusining mustahkamlanishi joriy yilda oʻtkaziladigan Prezident saylovi Yangi Oʻzbekiston sharoitida saylovchilarning, barcha fuqarolarning siyosiy va huquqiy madaniyati, dunyoqarashi, grajdanlik pozitsiyasi yuksalib borayotganining yana bir bor namoyon etadigan muhim siyosiy tadbir sifatida dunyo hamjamiyatining eʼtiborini qozonadi.

 

Bahodirjon YUNUSOV,

Oʻzbekiston Respublikasi

Markaziy saylov komissiyasining

doimiy asosda ishlovchi aʼzosi.

 

Manba: “Ishonch” gazetasining 2021-yil 13-may 65-soni

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur