SUD ORGANLARI FAOLIYATI USTIDAN JAMOATCHILIK NAZORATINING O‘ZIGA XOS XUSUSIYATLARI

27.01.2023

2871

msk_yangiliklari_in

Zamonaviy demokratik jamiyatda omma uchun yopiq yoki jamoat nazoratidan xoli tarzda mavjud boʻla oladigan davlat hayotining biror bir sohasi yoki instituti yoʻq. Hokimiyat jamiyatdan nimanidir yashirgan yoki yetarli va xolis boʻlmagan axborotni bera boshlagan zahotiyoq uning faoliyati shubha ostiga olinadi. Oʻz navbatida, davlat hokimiyati organlarining shaffofligi (oshkoraligi) – bu faqatgina davlatning fuqarolik jamiyati oldidagi majburiyati emas, balki hukumat faoliyatining ushbu jamiyatdagi legitimligi (qonuniyligi)ning muhim sharti ham sanaladi.

 

Zamonaviy demokratik jamiyatda omma uchun yopiq yoki jamoat nazoratidan xoli tarzda mavjud boʻla oladigan davlat hayotining biror bir sohasi yoki instituti yoʻq. Hokimiyat jamiyatdan nimanidir yashirgan yoki yetarli va xolis boʻlmagan axborotni bera boshlagan zahotiyoq uning faoliyati shubha ostiga olinadi. Oʻz navbatida, davlat hokimiyati organlarining shaffofligi (oshkoraligi) – bu faqatgina davlatning fuqarolik jamiyati oldidagi majburiyati emas, balki hukumat faoliyatining ushbu jamiyatdagi legitimligi (qonuniyligi)ning muhim sharti ham sanaladi.

 

Shuning uchun hukumat qonuniy (legitim) boʻlishi uchun uning faoliyati keng maʼnoda shaffof (oshkora): ommaviy, ochiq va jamoatchilik nazorati ostida boʻlishi lozim. Shu maʼnoda, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan qonunlar ijrosining taʼminlanishi ustidan fuqarolik jamiyati institutlari va keng jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning tizimli va samarali huquqiy mexanizmini yaratgan “Oʻzbekiston Respublikasida jamoatchilik nazorati toʻgʻrisida”gi qonunning qabul qilinganligi muhim ahamiyatga ega.

 

Jamiyatda legitim boʻlish (qonuniy faoliyat yuritish) talabi, sudlarning ham faoliyatiga birdek taalluqli. Oʻzbekiston Respublikasining “Sudlar toʻgʻrisida”gi qonunida jamoatchilik nazorati toʻgʻrisida norma mavjud emas. Biroq bu degani, mazkur davlat organining faoliyati jamoatchilik nazoratidan chetda ekanligini anglatmaydi.

 

Davlatning muhim institutlaridan biri sifatida sud hokimiyati ham jamoatchilik nazoratiga ehtiyoj sezadi. Sudning har bir qadami jamiyat uchun ochiq va oshkora boʻlishi lozim. Oʻzbekiston Respublikasining “Sudlar toʻgʻrisida”gi qonunining 4-moddasida “Sudyalar mustaqildirlar, faqat qonunga boʻysunadilar. Sudyalarning odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyatiga biron-bir tarzda aralashishga yoʻl qoʻyilmaydi va bunday aralashuv qonunga muvofiq javobgarlikka sabab boʻladi. Oʻzbekiston Respublikasida sud hokimiyati qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatlardan, siyosiy partiyalardan, boshqa jamoat birlashmalaridan mustaqil holda ish yuritadi”, deyilgan. Biroq ushbu mustaqillik sudning qonuniy ishiga aralashmagan holda, faoliyatining qonuniyligini jamoatchilik tomonidan nazorat qilinishiga toʻsqinlik qilmasligi lozim. Aks holda, qonunda belgilangan bu mustaqillik prinsipi boshboshdoqlikni keltirib chiqarish xavfi yuzaga keladi.

 

Qonunning 5-moddasida “Sud hujjatlari barcha davlat organlari, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar, mansabdor shaxslar, fuqarolar uchun majburiydir hamda Oʻzbekiston Respublikasining butun hududida ijro etilishi shart”, deyilgan norma mavjud. Bundan koʻrinib turibdiki, sud hujjatlari ham qonunlar kabi barcha davlat organlari, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar, mansabdor shaxslar, fuqarolar uchun majburiy boʻlib, mamlakatning butun hududida ijro etilishi shart. Shunday ekan, sud hujjatlarining qonuniyligi, adolatliligi va xolisligini taʼminlash uchun ushbu hujjatlarning qabul qilinish jarayoni ustidan qatʼiy jamoatchilik nazorati zarur. Aynan, sud hokimiyatining ochiqligi va shaffofligi sudlar faoliyati ustidan asosli, samarali jamoatchilik nazoratini oʻrnatish imkoniyatini yaratadi. Shuning uchun ham bir tomondan davlat, ikkinchi tomondan esa sud hokimiyati vakillari oʻz faoliyatida ochiqlik, oshkoralik va shaffoflikni taʼminlashdan manfaatdor boʻlishlari lozim.

 

Sudlarning faoliyati serqirra ekanligini eʼtirof etgan holda amaldagi qonunlarimizda sudlar tomonidan jinoyat ishlarini koʻrishda jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning qanday mexanizmi mavjud ekanligiga quyidagi misollar orqali bir nazar tashlasak.

 

Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat protsessual kodeksining 21-moddasida “Jinoyat ishi boʻyicha tergov olib borish va ishni sudda koʻrish chogʻida surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sud jinoyat sodir etilgan holatlarni aniqlab olish, aybdorlarni qidirish va fosh etish, adolatli hukm chiqarish, shuningdek, jinoyatning sodir etilish sabablari va unga imkon bergan sharoitlarni aniqlash uchun oʻz vakolatlari doirasida jamoatchilik yordamidan foydalanishga haqlidir. Jamoat birlashmalari va jamoalarning vakillari jinoyat ishini yuritishda jamoat ayblovchilari hamda jamoat himoyachilari tariqasida qatnashishga haqlidir”, deyilgan. Bundan koʻrinib turibdiki, jinoyat ishini sudda koʻrish jarayonida fuqarolik jamiyati institutlarining yoki mehnat jamoalarining vakillari jamoat ayblovchisi yoki jamoat himoyachisi sifatida ishtirok etishlari mumkin. Bunday ishtirok orqali vakil xoh u jamoat ayblovchisi, xoh jamoat himoyachisi boʻlsin, oʻzining prosessual vazifasini ado etish barobarida sud tomonidan jinoyat ishini koʻrib chiqish, adolatli, xolis va qonuniy qaror qabul qilinishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshiradi.

 

Sudlar faoliyati ustidan samarali jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning yana bir koʻrinishi “xalq maslahatchilari” instituti sanaladi.

 

Qonunga muvofiq odil sudlovni amalga oshirishda xalq maslahatchilari sudyaning barcha huquqlaridan foydalanadi. Ular sud majlisida ishni koʻrish jarayonida kelib chiqadigan hamma masalalarni hal qilishda va hukm chiqarishda raislik qiluvchi bilan teng huquqqa ega. Jinoyat prosessual kodeksining 14-moddasiga muvofiq, odil sudlovni amalga oshirishda sudyalar va xalq maslahatchilari mustaqildirlar hamda faqat qonunga boʻysunadilar. Sudyalar va xalq maslahatchilari jinoyat ishlarini qonun asosida koʻrib chiqadilar va hal qiladilar. Koʻrinib turibdiki, jinoyat ishlarini koʻrib chiqishda sud protsessining boshidan oxiriga qadar xalq maslahatchilari xuddi sudyalar kabi mustaqil va qonunga boʻysungan holda ishtirok etadi. Bunday ishtirok ham xalq vakili boʻlgan xalq maslahatchilari tomonidan sudyalar faoliyati ustidan samarali jamoatchilik nazoratini amalga oshirish imkoniyatini yaratadi.

 

Yana bir muhim masala, bu sud xodimlarini tanlash va sudyalar korpusini shakllantirishda qonuniylik, ochiqlik va adolatlilik prinsiplariga amal qilish sanaladi. Keyingi toʻrt yil davomida mamlakatda amalga oshirilgan sud-huquq islohotlari tufayli ushbu vazifa ham muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Xususan, Sudyalar Oliy kengashi, Oliy kengash huzuridagi Sudyalar oliy maktabi, Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining taklifiga binoan sudyalarni tanlash va lavozimga tayinlashning xolisligi va shaffofligiga ishonchni oshirish maqsadida har bir hududda sudyalar korpusini shakllantirishga koʻmaklashuvchi komissiyalar tuzilganligi soʻzimizga isbot boʻla oladi.

 

Shu bilan birga sudlarda fuqarolarning huquqlarini qonundan ogʻishmay himoya qilish va qonuniy manfaatlarini taʼminlashda sud xodimlarining professional bilim va amaliy koʻnikmalarga ega boʻlishi dolzarb ahamiyat kasb etadi. Maʼlumki, sudyalar oʻz faoliyati davomida amaldagi qonun hujjatlarini adolatli tarzda va bir xilda qoʻllay olishlari uchun oʻz professional mahoratini doimiy ravishda oshirib borishlari lozim. “Sudyalar odob-axloq qoidalari”da ham sudya oʻz malakasini yuqori darajada ushlab turishga, nazariy bilimlari va amaliy koʻnikmalarini takomillashtirib borishga majburligi qayd etilgan. Shu bois uzluksiz taʼlim olish va oʻz malakasini oshirib borish sudyaning odil sudlovni amalga oshirish boʻyicha faoliyatining asosiy yoʻnalishlaridan biridir. Qolaversa, sudyalar mustaqil taʼlim olish usuli orqali oʻz bilim va koʻnikmalarini orttirib borishi lozim. Sudyaning mustaqil taʼlim olishi – kundalik faoliyatining bir qismi boʻlib, bunda u asosiy ishdan boʻsh vaqtlarida, uyda, ish faoliyati davomida malakasini oshirib borishi talab qilinadi. Mustaqil taʼlim olish jarayonida sudya doimiy ravishda izlanishi, amaldagi qonun hujjatlari va ularni amaliyotda toʻgʻri qoʻllashga oid adabiyotlar hamda sud amaliyotini muntazam kuzatib, tahlil qilib borishi kerak boʻladi. Bunda u yoʻl qoʻyilgan xato va kamchiliklarning sabablarini oʻrganishi, oʻz faoliyatida ularni takrorlamaslik choralarini koʻrishi zarur. Zero, sudyalar malakasini oshirish odil sudlov samaradorligini taʼminlashning muhim omilidir.

 

Xulosa qilib aytganda, sud hokimiyatining faoliyati qanchalik ochiq va oshkora, jamoatchilik nazorati ostida boʻladigan boʻlsa, unga nisbatan aholining ishonchi ortib boradi. Sud hokimiyatiga nisbatan aholi ishonchining ortishi esa ular faoliyati samaradorligining muhim shartlaridan biri sanaladi. Bu yerda bir narsani eʼtibordan chetda qoldirmaslik lozim, yaʼni jamoatchilik ishonchining darajasi, jamoatchilik ushbu davlat organi faoliyatidan qanchalik xabardor ekanligiga bogʻliq. Umuman sud organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratining takomillashtirilishi mamlakatda qonuniylikni taʼminlash, inson huquqlari va umumjamiyat manfaatlarining himoyasini kuchaytirish manfaatlariga xizmat qiladi.

 

Xudoyor MAMATOV,

Yuristlar malakasini oshirish markazi,

Qonunchilik texnikasi va korrupsiyaga qarshi ekspertiza kafedrasi professori

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur