SAYLOVLAR: YANGI OʻZBEKISTONNING YANGI IMKONIYATLARI

26.01.2023

6141

msk_yangiliklari_in

Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining Raisi, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan yurist Mirzo Ulugʻbek ABDUSALOMOV bilan suhbat.

 

- Mirzo Ulugʻbek Elchiyevich! Avvalo, Markaziy saylov komissiyasining ishi “qaynagandan qaynab” borayotgan bir paytda suhbat uchun vaqt ajratganingiz uchun Sizdan minnatdormiz!

 

- Ishimiz kundan kunga “qaynab” borayotgani toʻgʻri. Bu – tabiiy. Chunki, mamlakatimizda katta siyosiy tadbir — joriy yilning 22-dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlar deputatligiga boʻladigan saylovlar kampaniyasi tobora qizgʻin pallaga kirib bormoqda.

 

Meni jurnalistlar muloqotga chorlaganida har doim xayrixohlik bilan javob berishga urinaman. Ommaviy axborot vositalari vakillari bilan doimiy muloqot, nafaqat Markaziy saylov komissiyasi Raisining, balki barcha darajadagi saylov komissiyalari rahbarlari va aʼzolarining burchi, vazifasi. Saylovlarni ochiq, oshkora va umumeʼtirof etilgan xalqaro demokratik tamoyillar asosida oʻtkazishning muhim shartlaridan biri ham shu.

 

Eʼtibor bergan boʻlsangiz, Markaziy saylov komissiyasi tomonidan saylov kampaniyasi boshlangani eʼlon qilingan kun – 20-sentyabrda bir yoʻla uchta tadbir – MSKning majlisi, Xalqaro matbuot markazining ochilishi va keng koʻlamli matbuot anjumani – oʻtkazildi. Ularning uchalasi ham jurnalistlarning faol ishtirokida oʻtdi. Koʻplab savollar berildi. Televideniye oʻsha kungi tadbirlarni toʻgʻridan-toʻgʻri efirga uzatdi.

 

- Avvalgi saylovlarda Markaziy saylov komissiyasining jurnalistlar bilan muloqot maydoni sal soddaroq – “Matbuot markazi” deb atalar edi. Bu gal uning nomiga “xalqaro” atamasi qoʻshilibdi. Sababi nimada?

 

- Bu, avvalo, soʻnggi yillarda mamlakatimizning dunyoga bagʻrini yanada kengroq ochayotgani, davlat va jamiyat qurilishi sohasida amalga oshirilayotgan tizimli, izchil, ayni paytda, jadal islohotlarning samaralaridan. Mamlakatimizda demokratik davlat va adolatli jamiyat barpo etish bosqichiga dadil qadam qoʻygani, ochiqlik va oshkoralik hayotimizdan tobora keng va mustahkam oʻrin olayotgani, davlatimizning dunyoda nufuzi oshayotgani hamda barcha yoʻnalishlarda xalqaro aloqalari kengayib borayotgani bilan bogʻliq.

 

Xalqaro matbuot markazi tarkibida oltita guruh faoliyat yuritadi. Bular – elektron, bosma, xorijiy ommaviy axborot vositalari, internetdagi ijtimoiy tarmoqlar bilan ishlaydigan hamda hududiy matbuot markazlarining faoliyatini muvofiqlashtirib boradigan guruhlar. Ayni paytda, Qonunchilik palatasi deputatligiga saylov oʻtkazadigan okrug saylov komissiyalarining ham oʻz matbuot markazlari bor. Ularga ham mamlakatimizning eng yuksak salohiyatli va tajribali jurnalistlari jalb etilgan.

 

- Markaziy saylov komissiyasi boʻlajak saylovlarga qanday tayyorgarlik koʻrdi? Sizdan joriy yildagi saylovlarning avvalgilardan farqli jihatlari haqida soʻralsa, qanday javob bergan boʻlar edingiz?

 

- Har qanday demokratik davlatda saylovlar muhim siyosiy voqea hisoblanadi. Davlat hokimiyati organlarini saylov orqali shakllantirish — mamlakatdagi konstitutsiyaviy tuzumning demokratiya tamoyillariga asoslanganligini namoyon etuvchi koʻrsatkichlaridan biridir.

 

Saylovga tayyorgarlik koʻrish va ularni oʻtkazish — mohiyatan juda koʻp yoʻnalishli ish. Bu ishni tizimli va samarali amalga oshirish usullarini topish va yoʻlga qoʻyish maqsadida, Oʻzbekistonda saylov qonunchiligi muntazam ravishda takomillashtirilib kelinmoqda.

 

Davlatimiz rahbari tomonidan 2019-yilning 25-iyun kuni Oʻzbekiston Respublikasi Saylov kodeksini amaliyotga joriy etishga oid qonunning imzolanishi mamlakatimiz milliy saylov tizimidagi yangi davrni boshlab berdi.

 

Joriy saylovlarning avvalgilardan eng muhim farqli jihatlaridan biri ham shunda – saylovlarning ilk bor yangi Saylov kodeksi asosida oʻtkazilishida.

 

Shu oʻrinda alohida taʼkidlashim kerakki, saylov qonunchiligi boʻyicha ekspertlar, jumladan, xorijiy va xalqaro ekspertlar mamlakatimizning Saylov kodeksidan gʻoyat muhim va zamonaviy oʻzgarishlar joy olganini keng eʼtirof etmoqda. Ularning fikricha, Oʻzbekistonning Saylov kodeksi saylovchilar uchun ham, saylanuvchilar uchun ham, saylov tashkilotchilari uchun ham koʻplab yangi imkoniyat va qulayliklar yaratadi.

 

Kodeksdan saylovlarni umumeʼtirof etilgan xalqaro standartlar va prinsiplar asosida demokratik, ochiq-oshkora va shaffof oʻtkazishga xizmat qiladigan oʻttizdan ortiq yangi normalar va qoidalar joy olgan. Amalda boʻlgan koʻplab cheklovlar chiqarib tashlangan.

 

Shu bois saylov qonunchiligidagi bu yangi normalar va qoidalarni joylarda saylovlarni oʻtkazishda bosh-qosh boʻladigan tashkilotchilar, eng avvalo, okrug va uchastka saylov komissiyalari rahbarlari va aʼzolariga, saylovchilarga keng tushuntirish lozim. Yana bir muhim yangilik – “Bir saylovchi – bitta ovozga ega” tamoyilini taʼminlash maqsadida, Oʻzbekistonning milliy saylov tizimiga Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimi va Saylovchilarning yagona elektron roʻyxati joriy etilmoqda. Saylov organlari boʻyicha kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash ishlari ham zamon talablari darajasida takomillashtirilmoqda.

 

Saylov kodeksi qabul qilinishi munosabati bilan Markaziy saylov komissiyasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlari saylovlariga tayyorgarlik koʻrish boʻyicha asosiy tadbirlar dasturi loyihasi ishlab chiqildi va qabul qilindi. Dasturda amalga oshirilishi zarur boʻlgan ishlar qadam-baqadam, kunma-kun belgilab chiqildi va uning ijrosiga har qachongidan erta – iyun oyidanoq kirishildi. Avvallari bu ishlar saylov kampaniyasi boshlanganidan keyin boshlanar edi. Barcha darajadagi saylov komissiyalari aʼzoligiga nomzodlarning saylov qonunchiligidagi yangiliklar, saylovlarga tayyorgarlik koʻrish va ularni oʻtkazishga oid bilim va koʻnikmalarini oshirishga qaratilgan seminar-treninglar odatdagidan uch oy avval 3-avgustdan boshlandi.

 

Taʼkidlashim lozimki, oʻqitishning yuqoridan quyiga qarab kengayib, takomillashib boradigan koʻp bosqichli bu usuli oʻzining yuksak samaralarini bermoqda. Yakuniga yetgan ikki bosqichda saylov komissiyalarining 51 mingga yaqin rais, rais oʻrinbosari va kotibligiga nomzodlar oʻqitildi. 3-oktyabrdan seminar-treninglarning uchinchi bosqichi boshlandi.

 

- Darvoqe, oʻtgan hafta jurnalistlar uchun ham Toshkentda shunday seminar-trening oʻtkazildi. Unda “Hurriyat” mustaqil gazetasining vakili ham ishtirok etdi. Ikki kun davom etgan mashgʻulotlarda saylov qonunchiligi boʻyicha koʻzga koʻringan olimlar va ekspertlarning maʼruzalari tinglandi. Qiziqarli va juda foydali bahs-munozaralar boʻldi.

 

- Jurnalistlardan bunday eʼtiroflarni eshitish bizga mamnuniyat bagʻishlaydi, albatta. Bu yilgi saylovlarda 16 mingdan ziyod saylov okruglari va saylov uchastkalari tuziladi. Seminar-treninglarning avvalida 70 nafar respublika trenerlari va hududlarda 748 nafar “tuman trenerlari” guruhi shakllantirildi. Saylovlarni tashkil qilish va oʻtkazish boʻyicha seminar-treninglarda jami 170 ming nafarga yaqin saylov komissiyalari aʼzolari oʻz bilimi va koʻnikmalarini oshiradi.

 

Mashgʻulotlarni mamlakatimizning saylov qonunchiligi boʻyicha taniqli olimlari, ekspertlari va amaliyotchilari, jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining yetakchi mutaxassislari olib bormoqda

 

Ayni paytda, Saylov kodeksi boʻyicha saylovlarni tashkil qilish va oʻtkazishga doir yangi normativ-huquqiy hujjatlar — yoʻriqnoma, reglament va nizomlarni ishlab chiqish va qabul qilish ham Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tizimli ravishda amalga oshirilayotgan ishlarning eng muhim yoʻnalishlaridandir. Saylov kampaniyasi boshlangunicha bu borada oʻndan ortiq hujjat qabul qilindi.

 

- Saylov kodeksiga binoan kimlar deputat boʻla oladi-yu, kimlar bunday sharafli huquqdan foydalanish imkoniyatiga ega emas? Deputatlikka nomzodlarni kimlar va qanday tartibda koʻrsatishi mumkin?

 

- Bugun koʻpchilikni qiziqtirayotgan bunday savollarga ishonchli javob topish uchun Saylov kodeksini varaqlashdan avval, bizning barcha fuqarolik haq-huquqlarimiz, majburiyatlarimiz va burchlarimiz oʻz ifodasini topgan moʻtabar hujjat – mamlakatimiz Konstitutsiyasiga murojaat qilishimiz toʻgʻri boʻladi. Bosh Qomusimizning 117- moddasida “Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolari davlat hokimiyati vakillik organlariga saylash va saylanish huquqiga egadirlar. Har bir saylovchi bir ovozga ega. Ovoz berish huquqi, oʻz xohish irodasini bildirish tengligi va erkinligi qonun bilan kafolatlanadi” deb mustahkamlab qoʻyilgan.

 

Boshqacha aytganda, boʻlajak saylovlarda ovoz berib, oʻz xohish irodamizni erkin bildirish – har birimizning fuqarolik burchimizdir. Saylov kodeksining 67-moddasida qayd etilganidek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi besh yil muddatga saylanadigan bir yuz ellik deputatdan iboratdir. Parlamentimizning quyi palatasi deputatlari hududiy bir mandatlik saylov okruglari boʻyicha koʻppartiyaviylik asosida saylanadi. Yaʼni, Kodeksning 37-moddasida qayd etilganidek, Qonunchilik palatasi deputatligiga va mahalliy kengashlar deputatligiga nomzod koʻrsatish huquqiga faqat siyosiy partiyalar ega.

 

Bu yilgi saylov kampaniyasi boshlangani eʼlon qilinganidan keyin mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan ana shunday beshta siyosiy partiya — Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – Oʻzbekiston liberal-demokratik partiyasi, Oʻzbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi, Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi, Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi hamda Oʻzbekiston Ekologik partiyasining vakolatli vakillari Markaziy saylov komissiyasi tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda roʻyxatga olinib, ularga saylovchilarning imzolarini toʻplashi uchun tegishli imzo varaqalarining blankalari topshirildi.

 

Saylov kodeksiga asosan, endi har bir siyosiy partiya oʻzining saylovda ishtirok etishini qoʻllab-quvvatlovchi kamida 40 ming saylovchining imzosini toʻplashi zarur. Shundagina siyosiy partiya deputatlikka nomzodlar koʻrsatishi mumkin boʻladi. Ayni kunlarda imzo varaqalari berilgan barcha siyosiy partiyalar joylarda saylovchilar imzosini yigʻishga kirishgan.

 

- Siyosiy partiyalarning faollari imzolarni avvaldan “gʻaramlab qoʻyishgan” boʻlsa-chi? Oʻtaveradimi?

 

- Imzolarni oldindan “gʻaramlab qoʻyish”ning hech iloji yoʻq. Chunki, Kodeksda imzolarni toʻplash tartibi batafsil bayon etilgan. “Siyosiy partiya oʻzining vakolatli vakili roʻyxatga olinganlik guvohnomasini olganidan keyingina saylovchilar imzosini toʻplashga haqli. Bu sanaga qadar toʻplangan imzolar hisobga olinmaydi”. Bu – birinchidan.

 

Ikkinchidan, taʼkidlanganidek, siyosiy partiyalarning vakolatli vakillari Markaziy saylov komissiyasi tomonidan roʻyxatga olinganidan keyingina ularga imzo varaqalarining blankalari topshiriladi.

 

Siyosiy partiyalar toʻplagan saylovchilarning imzolarining “oʻtish-oʻtmasligi”ga kelsak, Markaziy saylov komissiyasi imzo varaqalari toʻgʻri toʻldirilganligini tekshiruvchi Ekspertlar guruhi tuzadi. Ekspertlar guruhi tarkibiga ichki ishlar, adliya organlarining xatshunoslik boʻyicha mutaxassislari, shuningdek, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari jalb etiladi. Imzo varaqalarini tekshirishda siyosiy partiyalarning vakolatli vakillari ishtirok etadi.

 

- Siz, deputatlikka nomzod koʻrsatish huquqiga faqat siyosiy partiyalar ega, dedingiz. Demak, fuqaro deputatlik mandati uchun kurashga kirishishi uchun avval biror siyosiy partiyaning “etagidan tutish” shart. Talabning bunday qoʻyilishi oqibatida birorta ham firqaga aʼzo boʻlmaganlarning huquqlari cheklanib qolmaydimi?

 

- Aslo! Saylov kodeksining 70- va 91-moddalaridan bu savolingizga aniq-ravshan javob topishingiz mumkin. Ularda siyosiy partiyalar oʻz partiyasi aʼzolaridan tashqari, partiyasizlarni ham deputatlikka nomzod etib koʻrsatishga vakolatli ekani taʼkidlangan. Shu oʻrinda ushbu moddalarda mustahkamlab qoʻyilgan yana bir masalaga eʼtiboringizni qaratmoqchiman. Bu – mamlakatimizda davlat hokimiyati vakillik organlariga xotin-qizlarning saylanish huquqi bilan bogʻliq. Siyosiy partiyalar Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlar deputatligiga oʻz nomzodlarini koʻrsatganda, mazkur normaga qatʼiy rioya etishlari zarur. Zero, ayollarning soni siyosiy partiyadan koʻrsatilgan deputatlikka nomzodlar umumiy sonining kamida oʻttiz foizini tashkil etishi kerak.

 

Bularning barchasi — umumeʼtirof etilgan demokratik tamoyillar milliy saylov qonunchiligimizda naqadar keng oʻz ifodasini topganidan yana bir dalolatdir.

 

- Kimlar deputatlikdan umid qilmasligi mumkin?

 

- Saylov kodeksiga binoan, sodir etilgan ogʻir yoki oʻta ogʻir jinoyati uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoxud sudlanganligi olib tashlanmagan fuqarolar; saylov kuniga qadar soʻnggi besh yil mobaynida Oʻzbekiston Respublikasi hududida muqim yashamagan fuqarolar; Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining harbiy xizmatchilari, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining, Milliy gvardiyasining, Ichki ishlar vazirligining, Davlat bojxona qoʻmitasining, boshqa harbiylashtirilgan boʻlinmalarning xodimlari; diniy tashkilotlar va birlashmalarning professional xizmatchilari Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzod etib roʻyxatga olinmaydi.

 

- Markaziy saylov komissiyasi tomonidan saylovlarga tayyorgarlik koʻrish va ularni oʻtkazishga doir tadbirlarni yoritishda ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik qanday yoʻlga qoʻyilmoqda?

 

- Saylovlarning ochiqlik, oshkoralik va transparentlik kabi umumeʼtirof etilgan demokratik tamoyillarga muvofiq oʻtkazilishida ommaviy axborot vositalari muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois Markaziy saylov komissiyasi oʻz faoliyatida mazkur masalaga doim alohida eʼtibor qaratib keladi. Ular aholining siyosiy faolligini oshirish, mamlakatimiz siyosiy va ijtimoiy hayotidagi ishtirokini kengaytirishga faol yordam bermoqda. Shuningdek, ommaviy axborot vositalari fuqarolarning oʻz saylov huquqlarini ishonchli amalga oshirishida, xohish-irodasini erkin bildirishida, saylov komissiyalari faoliyati oshkoraligini taʼminlashda ham muhim oʻrin tutadi.

 

Markaziy saylov komissiyasi, shu maqsadda, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi -OʻzA, “Dunyo” axborot agentligi, Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi, “Uzreport” axborot agentligi bilan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlari saylovlariga tayyorgarlikning borishi va oʻtkazilishini yoritish boʻyicha ikki tomonlama bitimlar imzoladi.

 

Markaziy saylov komissiyasi tomonidan saylov kampaniyasiga oid tafsilotlarni aholiga turli tillarda yetkazishda muhim oʻrin tutadigan ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik ham samarali yoʻlga qoʻyilgan. Xususan, mamlakatimizda chop etiladigan qozoq tilidagi “Nurli jol”, tojik tilidagi “Ovozi tojik”, koreys tilidagi “Koryo sinmun” kabi gazetalarning bosh muharrirlari bilan saylov jarayonlarini keng yoritish boʻyicha kelishuvga erishildi.

 

Kelishuvlarni amalga oshirish doirasida barcha darajadagi saylov komissiyalarining faoliyatini izchil yoritib borish, deputatlikka nomzodlar va siyosiy partiyalar uchun ularning saylovoldi dasturlari qoidalari, mamlakat ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy rivojlanishining muhim masalalariga oid mustaqil nuqtai nazarlarini saylovchilarga, jamoatchilikka yetkazishda ommaviy axborot vositalari, teng hajmda efir vaqti va nashr maydoni ajratish yoʻli bilan keng va teng imkoniyatlar yaratishga alohida eʼtibor qaratiladi.

 

Bulardan tashqari, saylovlarni yoritib borishga bel bogʻlagan boshqa ommaviy axborot vositalarining vakillari, xususan, Oʻzbekistonda rasman faoliyat olib borayotgan xorijlik jurnalistlar, shuningdek, saylov kampaniyasini yoritish maqsadida chet ellardan qisqa muddatga tashrif buyuradigan jurnalistlar ham akkreditatsiyadan oʻtkaziladi.

 

- Saylov kuni fuqarolarning ovoz berish jarayonining natijalari Xalqaro matbuot markazida tezkorlik bilan maʼlum qilib boriladimi? Markaziy saylov komissiyasi oʻz ishini bunday tezkorlik bilan tashkil etishi uchun zarur axborot-kommunikatsiya texnologiyalariga egami?

 

- Ega. Suhbatimizning avvalida Markaziy saylov komissiyasi oʻz ishini Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlari saylovlariga tayyorgarlik koʻrish boʻyicha asosiy tadbirlar dasturi asosida olib borayotgani haqida toʻxtalib oʻtgan edik. Ana shu dasturga binoan 2019-yil 22-dekabr kuni Xalqaro matbuot markazida jurnalistlar butun respublikada ovoz berishni jarayonidan on-layn rejimida xabardor boʻlib borishi mumkin. Markaziy saylov komissiyasi tomonidan butun kun mobaynida vaqti-vaqti bilan uyushtiriladigan brifing va matbuot anjumanlarida saylov jarayoni aniq maʼlumotlar asosida sharhlab boriladi.

 

- Saylovlarni bevosita kuzatib borishda xalqaro kuzatuvchilarning ishtiroki muhim ahamiyatga ega. Bu yilgi saylovlarda nechta davlatdan va qaysi xalqaro tashkilotlardan kuzatuvchilar qatnashishi kutilmoqda?

 

- Bu savolga ilgari ham javob bergan edim. Basharti, mazkur masala koʻpchilikni qiziqtirayotgan ekan, takrorlasak foydadan holi boʻlmaydi. Mamlakatimiz parlamenti va mahalliy kengashlarga boʻlib oʻtadigan saylovlarga tayyorgarlik koʻrish va ularni oʻtkazish bilan bogʻliq ishlarni, jumladan, saylovchilarning saylovda ovoz berish jarayonini yurtimizda faoliyat yuritayotgan siyosiy partiyalarning, mahalliy oʻzini oʻzi boshqarish organlarining, BMT, Yevropa Kengashi, YXHT, Butunjahon saylov organlari assotsiatsiyasi, SHHT, MDH kabi koʻplab xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlarning vakillari, jurnalistlar, jumladan xorijlik jurnalistlar — minglab odamlar bevosita kuzatib boradi.

 

Xalqaro tashkilotlarning kuzatuvchilari haqida gap ketar ekan, bir raqamni yana bir bor aytib oʻtishimiz zarur. Avvalgi parlament saylovlarida YXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosi cheklangan missiyasining oʻttizga yaqin kuzatuvchisi ishtirok etgan boʻlsa, bu yil oʻtajak saylovlarimizni Byuroning uch yuzga yaqin vakili kuzatib borishi kutilmoqda. Dastlabki maʼlumotlarga qaraganda, missiya asosiy guruhni, shuningdek, 30 nafar uzoq muddatli va 250 nafar qisqa muddatli kuzatuvchini oʻz ichiga oladi. Uzoq muddatli kuzatuvchilarning funksiyasiga saylov jarayonining turli bosqichlarini hududlarda kuzatish kirsa, qisqa muddatli kuzatuvchilar saylov kuni biriktirilgan tumanlarda ovoz berishni kuzatadi.

 

Mamlakatimizda 2019-yil 22-dekabr kuni boʻladigan saylovlar umumetirof etilgan xalqaro saylov prinsiplari — universallik, tenglik, erkinlik, qonuniylik, adolatlilik, ovoz berishning yashirinligi, ochiqlik va hisobdorlik asosida oʻtkaziladi, Vatanimizning xalqaro nufuzini yanada yuksaltirishga, dunyoning eng rivojlangan, demokratik davlatlari safidan mustahkam joy olishiga xizmat qiladi.

 

- Samimiy suhbatingiz uchun Sizga katta rahmat!

 

(A.Pardayev, “Hurriyat” gazetasi, 2019-yil 5-oktyabr)

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur