OLIY MAJLIS SENATI AʼZOLARI SAYLOVINING O‘ZIGA XOS XUSUSIYATLARI

20.03.2023

5425

msk_yangiliklari_in

Oʻzbekiston Respublikasi Saylov Kodeksining 14-bobida Senatni shakllantirish tartibi belgilangan boʻlib, unga koʻra Senat aʼzolarini saylash bilan bogʻliq jarayonlarni amalga oshirish qoidalari aks ettirilgan.

 

Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati hududiy vakillik palatasi hisoblanadi. Senat oʻz faoliyatini mintaqaviy muammolarni umumdavlat manfaatlari bilan uygʻun holda hal etishga qaratadi. Senatning vakolat muddati — besh yil.

 

Senat aʼzolari Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan teng miqdorda — olti kishidan saylanadi. Senatga saylov Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, mahalliy Kengashlar deputatlarining tegishli qoʻshma majlislarida mazkur deputatlar orasidan yashirin ovoz berish yoʻli bilan oʻtkaziladi.

 

Senatning oʻn olti nafar aʼzosi fan, sanʼat, adabiyot, ishlab chiqarish sohasida hamda davlat va jamiyat faoliyatining boshqa tarmoqlarida katta amaliy tajribaga ega boʻlgan hamda alohida xizmat koʻrsatgan eng obroʻli fuqarolar orasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tayinlanadi.

 

Senat aʼzolarining saylovi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, mahalliy Kengashlar deputatlari saylanganidan keyin bir oydan kechiktirmay oʻtkaziladi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining, mahalliy Kengashning saylov kuni yigirma besh yoshga toʻlgan hamda kamida besh yil Oʻzbekiston Respublikasi hududida muqim yashayotgan deputati Senat aʼzoligiga saylanish uchun nomzod boʻlishi mumkin.

 

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining, tegishli viloyatlar, Toshkent shahar, shuningdek tumanlar va shaharlar mahalliy Kengashlarining qoʻshma majlisini (bundan buyon matnda qoʻshma majlis deb yuritiladi) chaqirish Markaziy saylov komissiyasi tomonidan amalga oshiriladi. Qoʻshma majlis, agar unda deputatlar umumiy sonining kamida uchdan ikki qismi hozir boʻlsa, vakolatli hisoblanadi. Markaziy saylov komissiyasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesiga, mahalliy Kengashlarga saylov yakunlari eʼlon qilinganidan keyin uch kunlik muddatda Senat aʼzolarini saylash uchun qoʻshma majlislar oʻtkazilishini eʼlon qiladi.

 

Markaziy saylov komissiyasining qoʻshma majlislarni oʻtkazish sanasi, vaqti hamda joyi koʻrsatilgan qarori ommaviy axborot vositalarida, shuningdek uning rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi.

 

Qoʻshma majlisni Markaziy saylov komissiyasi aʼzosi ochib, eng obroʻli, tajribali, katta yoshli deputatlar orasidan majlisga raislik qiluvchi toʻgʻrisida taklif kiritadi. Qoʻshma majlisning ishini olib borish uchun ochiq ovoz berish orqali uch kishidan besh kishigacha miqdorda ishchi hayʼat saylanadi, shuningdek tushgan takliflarni hisobga olish va qabul qilinadigan qarorlarni rasmiylashtirish uchun uch kishidan iborat Kotibiyat tuziladi.

 

Senat aʼzoligiga nomzodlar koʻrsatish qoʻshma majlisda amalga oshiriladi. Senat aʼzoligiga nomzodlar koʻrsatish uchun raislik qiluvchining taqdimnomasiga binoan ochiq ovoz berish orqali oddiy koʻpchilik ovoz bilan Maslahat kengashi saylanadi.

 

Maslahat kengashi fan, sanʼat, adabiyot, ishlab chiqarish sohasida hamda davlat va jamiyat faoliyatining boshqa tarmoqlarida katta amaliy tajribaga ega boʻlgan hamda alohida xizmat koʻrsatgan eng obroʻli deputatlar orasidan Senat aʼzoligiga nomzodlarni koʻrsatadi va koʻrib chiqadi hamda saylov byulleteniga kiritish uchun taklif kiritadi.

 

Nomzodlarning alohida-alohida eshituvi va muhokamasi natijalariga koʻra qoʻshma majlisda ularni saylov byulleteniga kiritish toʻgʻrisida qaror qabul qilinadi. Qoʻshma majlisda ishtirok etayotgan deputatlarning koʻpchiligi yoqlab ovoz bergan Senat aʼzoligiga nomzod saylov byulleteniga kiritilgan hisoblanadi. Yashirin ovoz berishni oʻtkazish va uning natijalarini aniqlash uchun qoʻshma majlisda ishtirok etayotgan deputatlar orasidan toʻqqiz nafargacha aʼzodan, shu jumladan komissiya raisi va kotibidan iborat tarkibda Sanoq komissiyasi saylanadi.

 

Sanoq komissiyasi Senat aʼzoligiga saylov boʻyicha ovoz berishni tashkil etadi va oʻtkazadi, qoʻshma majlis ishtirokchilariga yashirin ovoz berishni oʻtkazish vaqti, joyi va tartibini eʼlon qiladi, saylov byulletenlarini ularga Senat aʼzoligiga har bir nomzodning tugʻilgan yilini koʻrsatgan holda, familiyasi, ismi va otasining ismini alifbo tartibida kiritish orqali tayyorlaydi, ovoz beruvchilarning roʻyxatini aniqlashtiradi, ularga saylov byulletenlarini topshiradi, saylov byulletenining yuz tomoniga muhr qoʻyadi va unda Sanoq komissiyasining kamida ikki nafar aʼzosining imzosi qoʻyilgan boʻlishini taʼminlaydi, ovozlarni sanab chiqadi va yashirin ovoz berish natijalari toʻgʻrisida bayonnoma tuzadi, yashirin ovoz berish natijalarini qoʻshma majlisga tasdiqlash uchun kiritadi.

 

Yashirin ovoz berish boshlanishidan oldin Sanoq komissiyasi raisi uni oʻtkazish tartibini eʼlon qiladi, komissiya aʼzolari hozirligida saylov qutisini tekshiradi va bir marotaba ishlatiladigan plombalar bilan plombalaydi. Saylov qutisi ovoz beruvchi uning yoniga albatta yashirin ovoz berish kabinasi yoki xonasi orqali oʻtib boradigan qilib oʻrnatiladi. Qoʻshma majlisda ishtirok etayotgan deputat Sanoq komissiyasi aʼzosiga oʻz shaxsini tasdiqlovchi hujjatni koʻrsatadi hamda ovoz beruvchilar roʻyxatiga imzo qoʻyadi, shundan keyin unga saylov byulleteni topshiriladi.

 

Saylov byulleteni ovoz beruvchi tomonidan yashirin ovoz berish kabinasida yoki xonasida oʻzi yoqlab ovoz berayotgan Senat aʼzoligiga nomzodlarning familiyasi roʻparasida, oʻng tomonda joylashgan boʻsh kvadratga “+” yoki “√” yoxud “x” belgisini qoʻyish orqali toʻldiriladi.

 

Ovoz beruvchi toʻldirilgan saylov byulletenini koʻrinarli joyda turishi kerak boʻlgan saylov qutisiga tashlaydi. Buzib qoʻyilgan saylov byulleteni ovoz beruvchining iltimosiga koʻra yangisiga almashtirilishi mumkin. Yashirin ovoz berish jarayoni tugaganidan keyin foydalanilmagan, shuningdek buzib qoʻyilgan saylov byulletenlari hisobga olinishi, bekor qilinishi lozim (chap tomondagi yuqori burchakni qirqib qoʻyish orqali) va alohida saqlanadi. Ovozlarni sanab chiqish Sanoq komissiyasi aʼzolari tomonidan yashirin ovoz berish natijalari aniqlanguniga qadar tanaffussiz oʻtkaziladi.

 

Saylov qutisidagi saylov byulletenlari asosida Sanoq komissiyasi ovoz berishda ishtirok etgan deputatlarning umumiy sonini, Senat aʼzoligiga har bir nomzodni yoqlab berilgan ovozlar sonini, haqiqiy emas deb topilgan saylov byulletenlari sonini aniqlaydi. Ovoz beruvchilar tomonidan saylov byulletenlariga qoʻshimcha ravishda yozib qoʻyilgan fuqarolarning familiyalari boʻyicha berilgan ovozlar hisobga olinmaydi.

 

Belgilanmagan namunadagi saylov byulletenlari, ovoz berish chogʻida bitta ham kvadratga “+” yoki“√” yoxud “x” belgisi qoʻyilmagan saylov byulletenlari, shuningdek yuz tomonida muhr va Sanoq komissiyasi aʼzolarining imzosi boʻlmagan byulletenlar haqiqiy emas deb topiladi. Yashirin ovoz berish natijalari boʻyicha bayonnoma tuziladi, bayonnoma Sanoq komissiyasining barcha aʼzolari tomonidan imzolanadi.

 

Ovoz berish natijalariga koʻra boshqa nomzodlarga nisbatan koʻproq ovoz olgan Senat aʼzoligiga nomzodlar, basharti qoʻshma majlisda hozir boʻlgan mahalliy Kengashlar deputatlarining ellik foizidan koʻprogʻi ularni yoqlab ovoz bergan boʻlsa, saylangan deb hisoblanadi.

 

Markaziy saylov komissiyasi qoʻshma majlislarning bayonnomalari asosida bu bayonnomalar kelib tushgan kundan eʼtiboran besh kundan kechiktirmay Senat aʼzolarini roʻyxatga oladi, roʻyxatga olishdan keyin oʻn kun ichida esa guvohnoma va koʻkrak nishoni beradi.

 

Yuqoridagilardan koʻrinib turibdiki, Senat aʼzolari saylovi oʻz ichiga bir necha bosqichni oluvchi murakkab saylov jarayoni hisoblanadi. Dastlab mahalliy Kengash Sessiyasida Maslahat Kengashi aʼzoligiga nomzodlarni saylanishi, Maslahat Kengashi tarkibini Qoʻshma majlisda tasdiqlanishi, qoʻshma majlis ichida Maslahat Kengashi yigʻilishi oʻtkazilishi, qoʻshma majlis Sanoq komissiyasi saylashi va sanoq komissiyasi ovoz berishni tashkil qilishi kabi qoidalarni aniq va bir xilda amalga oshirilishi saylovda qonuniylik, adolatlilik, erkinlik, haqqoniylik va chinakamlik tamoyillarini amalga oshirishga xizmat qiladi.

 

Maslahat Kengashining yigʻilishi qoʻshma majlis davomida oʻtkazilishi mamlakatimiz saylov qonunchiligining oʻziga xos jihatlarini koʻrsatadi. Ayni paytda shunday bosqichma-bosqich saylov jarayoni oʻtkaziladigan Senat aʼzolari saylovini qiyoslaganda bizning saylov qonunchiligimizda ham xalqaro miqyosda oʻrgansa arziydigan oʻziga xos tajriba toʻplanganligini aytishimiz mumkin.

 

Mamlakatimizda Oliy Majlis Senati aʼzolari saylovlarining qonun talablari asosida demokratik prinsiplar asosida oʻtkazilishi va Parlament yuqori palatasiga har tomonlama munosib nomzodlar saylanishi Senatning hududlar manfaatlarini umumdavlat manfaatlari bilan uygʻun holda roʻyobga chiqarishdagi faoliyatini yangi bosqichga olib chiqishda muhim rol oʻynaydi.

 

Bahodirjon Yunusov

Markaziy saylov komissiyasi aʼzosi

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur