MILLIY SAYLOV TIZIMI: DEMOKRATIK ISLOHOTLARNING YANGI DAVRI

20.12.2023

6009

msk_yangiliklari_in

 Zayniddin NIZAMXODJAEV,

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy

saylov komissiyasi Raisi,

O‘zbekiston Qahramoni

 

 

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev  joriy yilning 18-dekabr kuni imzolagan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga saylov va referendum o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun bu borada mustahkam huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi.

 

Muhim jarayon

 

Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli, dadil va izchil islohotlarning ustuvor vazifalari va asosiy yo‘nalishlaridan biri – inson huquqlarini har tomonlama va keng ta’minlashdan iborat. Islohotlar jarayonida mamlakatimizning yangi tahrirdagi  Konstitutsiyasida mustahkamlab qo‘yilgan eng ilg‘or demokratik  tamoyillarni hayotga tatbiq etish, fuqarolarning davlat va jamiyat boshqaruvidagi ishtirokini, saylov huquqini yanada kengroq ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bunda saylov qonunchiligining muttasil takomillashtirib borilishi - erkin demokratik davlatga xos juda muhim, mantiqiy, adolatli va zaruriy jarayon. Mamlakatimizda erkin va adolatli saylovlar va referendumlarning qonunchilik asoslarini mustahkamlash, takomillashtirish va rivojlantirish borasida boy tajriba to‘plangan.

 

“O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga saylov va referendum o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonunning jamoatchilik o‘rtasidagi keng muhokamalardan so‘ng qabul qilinishi mamlakatimizda tobora mustahkamlanib borayotgan demokratik tamoyillarning amaldagi yana bir yorqin ifodasi bo‘ldi.

 

Ushbu Konstitutsiyaviy qonunga binoan jami yettita qonun hamda bitta kodeksga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. «Referendum yakunlari hamda davlat hokimiyati tashkil etilishining asosiy prinsiplari to‘g‘risida»gi, «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi to‘g‘risida»gi, «Davlat boshqaruvini yangilash va yanada demokratlashtirish hamda mamlakatni modernizatsiya qilishda siyosiy partiyalarning rolini kuchaytirish to‘g‘risida»gi Konstitutsiyaviy qonunlar hamda «O‘zbekiston Respublikasining referendumi to‘g‘risida»gi, «Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida»gi, «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining reglamenti to‘g‘risida»gi, «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining va Senati a’zosining maqomi to‘g‘risida»gi qonunlar hamda Saylov kodeksi shular jumlasidandir.

 

Yangi tizim – yangi imkoniyatlar

 

Yangi Konstitutsiyaviy qonunda Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylovda saylovning aralash, ya’ni mojaritar va proporsional tizimini joriy qilish masalasiga alohida e’tibor qaratilgan.

 

Saylov qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarga ko‘ra, endi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi saylovi aralash  saylov tizimi asosida o‘tkaziladi. Quyi palata deputatlarining 50 foizi, ya’ni 75 nafari odatdagidek mojaritar saylov tizimiga muvofiq bir mandatli saylov okruglaridan saylanadi. Qolgan 50 foizi, ya’ni 75 nafari proporsional saylov tizimi asosida yagona saylov okrugida partiyalar tomonidan ko‘rsatilgan deputatlikka nomzodlar ro‘yxati (partiya ro‘yxati) bo‘yicha saylanadi.

 

Demak, endi saylovchi saylovda ikkita byulleten orqali ovoz beradi: birinchisida aniq bir nomzodga ovoz bersa, boshqasida o‘zi ishongan siyosiy partiyani belgilaydi.

 

Bu - mamlakatimizning milliy saylov tizimi tarixidagi g‘oyat muhim yangilik. Aralash saylov tizimining afzalligi  - o‘zida amaldagi mojaritar va proporsional saylov tizimlarining eng ilg‘or tamoyillarini uyg‘unlashtirganida. Boshqacha aytganda, bir-birini to‘ldiradi. Ayonki, mojaritar saylov tizimi asosida muvaffaqiyat qozona olmagan partiyalarga o‘zlari olgan ovozlarga mutanosib ravishda deputatlik o‘rinlarini olishga hamda jamiyatda haqiqiy ko‘ppartiyaviylik tizimini rivojlantirishga xizmat qiladi.

 

Amaliyotga joriy etilayotgan proporsional saylov tizimida saylovchi deputatlikka nomzodga emas, balki siyosiy partiyalarga ovoz beradi. Qonunchilik palatasidagi ellik foiz deputatlik o‘rinlari siyosiy partiyalarga berilgan ovozlarga mutanosib ravishda siyosiy partiyalarning deputatlikka nomzodlar ro‘yxatlari o‘rtasida taqsimlanadi.

 

Ma’lumki, amaldagi saylov qonunchiligiga ko‘ra, siyosiy partiyalar har bir saylov okrugi bo‘yicha aniq nomzodni ilgari surardi. Saylov okrugi bo‘yicha ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning ellik foizidan ortig‘i ularga yoqlab ovoz bergandagina deputat etib saylanishi mumkin edi. Jumladan, Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini o‘tkazish uchun bir yuz ellikta hududiy saylov okrugi tuzilib, ularning har biridan bir nafardan deputat saylanardi.

 

Mojaritar saylov tizimida siyosiy partiyalar faoliyatini samarali rivojlantirish, ularni huquqiy davlat va fuqarolik jamiyatining qudratli vositasiga aylantirishga monelik qiluvchi muayyan muammolar mavjudligi ham sir emas.

 

Qolaversa, mojaritar tizimda siyosiy partiyalar tomonidan ko‘rsatilgan nomzodlarning hech biri saylovchilarning yarmidan ko‘pining ovozini ololmasligi mumkin. Bu esa takroriy ovoz berishni o‘tkazish, qo‘shimcha tashvish va xarajat demakdir. Jumladan, 2019-yilda o‘tkazilgan parlament saylovlarida 25 ta saylov okrugida takroriy ovoz berish o‘tkazilgan.

 

Bundan tashqari, bo‘shab qolgan deputatlar o‘rnini to‘ldirish uchun saylov komissiyalari faoliyatini qaytadan tiklash zarur. Bu esa minglab odamlarni yana saylov komissiyalari ishiga jalb etish, saylovchilarni yana ovoz berishga da’vat etish bilan bog‘liqdir. Proporsional saylov tizimining afzalligi – bunday holatlarda partiya tomonidan ko‘rsatilgan ro‘yxat bo‘yicha navbatdagi nomzod deputatlik o‘rnini egallaydi. Partiyalar tomonidan shakllantirilgan ro‘yxatlar keng jamoatchilik e’tiboriga havola qilinadi.

 

Siyosiy partiyalar faolligi

 

Ta’kidlanganidek, yangi qonunga binoan, endi siyosiy partiyalar bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha deputatlikka yetmish besh nafar nomzod, ya’ni har bir saylov okrugidan bittadan deputatlikka nomzod ko‘rsatishga hamda partiya ro‘yxati bo‘yicha yetmish besh nafardan kam bo‘lmagan, yuz nafardan ko‘p bo‘lmagan deputatlikka nomzod ko‘rsatishga vakolatlidir.

 

Bir mandatli saylov okruglarida ayni bir shaxs faqat bitta saylov okrugidan deputatlikka nomzod etib ko‘rsatilishi mumkin.

 

Partiya ro‘yxatiga kiritilgan nomzodlar ushbu siyosiy partiyaning a’zolari yoki partiyasiz bo‘lishi mumkin. Boshqa siyosiy partiyaning a’zolari ushbu ro‘yxatga kiritilishi mumkin emas. Bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha ko‘rsatilgan nomzodlar partiya ro‘yxatiga kiritilishi mumkin emas.

 

Deputatlikka nomzodlarni tanlash tartibi siyosiy partiyalar tomonidan belgilanadi.

 

Ayollarning soni bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha, shuningdek partiya ro‘yxati asosida siyosiy partiyadan ko‘rsatilgan deputatlikka nomzodlar sonining kamida 40 foizini tashkil etishi kerak. Bunda partiya ro‘yxatidagi ketma-ketlikda kamida har 5 nafar nomzodning ikki nafari ayol kishi bo‘lishi lozim.

 

Siyosiy partiya tomonidan taqdim etilgan  ro‘yxat Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ro‘yxatga olinadi. Ro‘yxatdan joy olganlarga deputatlikka nomzod maqomi beriladi.

 

Qayd etish o‘rinliki, Qonunchilik palatasiga saylovda yagona saylov okrugi bo‘yicha ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning kamida yetti foiz ovozini olgan siyosiy partiyalar belgilangan tartibda mandatga ega bo‘ladi.

 

Saylovning aralash tizimi avvalo, saylovchilar uchun, qolaversa saylanuvchilar va saylov tashkilotchilari uchun ham yangi, yanada keng qulaylik va imkoniyatlar yaratadi.

 

Qancha deputat saylanadi?

 

Xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlaridagi deputatlik o‘rinlarida ham muayyan o‘zgarishlar yuz beradi. Endilikda deputatlik o‘rinlari soni aholi sonidan kelib chiqqan holda tegishli mahalliy Kengash tomonidan quyidagicha belgilanadi:

 

aholi soni 2 million nafargacha bo‘lgan hududlarda – 30 tadan 40 tagacha;

aholi soni 2 milliondan 3 million nafargacha bo‘lgan hududlarda – 40 tadan 50 tagacha;

aholi soni 3 million nafardan ortiq bo‘lgan hududlarda – 50 tadan 60 tagacha.

Xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlaridagi deputatlik o‘rinlari soni aholi sonidan kelib chiqqan holda tegishli mahalliy Kengash tomonidan quyidagicha belgilanadi:

aholi soni 30 ming nafargacha bo‘lgan hududlarda – 10 tadan 15 tagacha;

aholi soni 30 mingdan 100 ming nafargacha bo‘lgan hududlarda – 15 tadan 20 tagacha;

aholi soni 100 mingdan 300 ming nafargacha bo‘lgan hududlarda – 20 tadan 25 tagacha;

aholi soni 300 ming nafardan ortiq bo‘lgan hududlarda – 25 tadan 30 tagacha.

 

Ilgari xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarida teng tartibda - oltmish nafargacha, tuman va shahar Kengashlarida esa  o‘ttiz nafargacha deputatlik o‘rni bo‘lgan.

 

Yuksalish: samara va sifat uyg‘unligi

 

Yangi qonun bilan Saylov kodeksi va referendumga oid qonunga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarga binoan mamlakatimizda markazlashgan saylov komissiyalarining vertikal tizimi joriy etiladi. Bu yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining normalarini saylov va referendum qonunchiligiga joriy etish orqali, mavjud bo‘shliqlarni to‘ldirish va tafovutlarni bartaraf etish imkonini beradi.

 

Boshqacha aytganda, mamlakatimizda saylov komissiyalari tizimi ham davr talabi va demokratik tamoyillar asosida takomillashtirilmoqda. Milliy saylov komissiyalarining yangi tizimi quyidagicha tashkil etiladi: Markaziy saylov komissiyasi, hududiy saylov komissiyalari, tuman/shahar saylov komissiyalari, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga saylov o‘tkazish bo‘yicha okrug saylov komissiyalari, shuningdek uchastka saylov komissiyalari. Ushbu vertikal tizimga Markaziy saylov komissiyasi bevosita boshchilik qiladi.

 

Tizimdagi mavjud bo‘shliqlarni to‘ldirish va tafovutlarni bartaraf etish zarurati Markaziy saylov komissiyasining a’zolari va ekspertlaridan iborat ishchi guruhlari tomonidan 2022 — 2023-yillari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida ayniqsa, yaqqol namoyon bo‘ldi. Jumladan, saylov qonunchiligini amaliyotda qo‘llashda ayrim joylarda turlicha yondashuv mavjudligi, yagona namunadagi saylov hujjatlariga e’tibor sustligi, hujjatlarni shakllantirish, yuritish va saqlash amaliyotida turlicha yondashuvlarga yo‘l qo‘yilganligi ma’lum bo‘ldi.

 

Markazlashgan saylov komissiyalari vertikal tizimining joriy etilishi bunday muammolarning oldini olish imkonini beradi. Saylov komissiyalari va boshqa tashkilotchilar tomonidan barcha darajadagi saylovlarni tashkil etish va o‘tkazishda milliy saylov qonunchiligining bir xilda qo‘llanilishi va demokratik saylov standartlariga asoslangan yagona saylov amaliyoti shakllanishiga xizmat qiladi.

 

Yangi tizimga binoan Markaziy saylov komissiyasining vazifalari va vakolatlarining ko‘lami sezilarli darajada kengaymoqda.  Shulardan kelib chiqib, endi Komissiyamiz tarkibi doimiy asosda faoliyat yurituvchi to‘qqiz nafar a’zodan, kamida bir nafari Qoraqalpog‘iston Respublikasi vakilidan, iborat bo‘ladi. Ayni paytgacha Komissiyamizda 21 nafar a’zoning 7 nafari doimiy, 14 nafari esa jamoatchilik asosida faoliyat yuritar edi.

 

Jamoatchilik asosida faoliyat yuritgan komissiya a’zolari joylarda davlat boshqaruv organlari, oliy ta’lim muassasalari va boshqa tashkilotlarda rahbarlik lavozimlarida ishlab kelayotganligi sababli Markaziy saylov komissiyasining faoliyatida har doim ham faol ishtirok eta olmasdi.

 

Markaziy saylov komissiyasining jamoatchilik asosida faoliyat yurituvchi a’zolari institutining tugatilishi va markazlashgan saylov komissiyalarining vertikal tizimi joriy etilishi xalqaro saylov standartlari, ko‘plab xorijiy davlatlar saylov qonunchiligi va amaliyotiga mosdir.

 

Eng muhimi, Markaziy saylov komissiyasi faoliyatining professionallik darajasi yanada oshib, mustaqilligining ta’minlanishi, komissiya a’zolari o‘rtasida vazifalarning unumli taqsimlanishi, pirovard natijada, Komissiya faoliyati samaradorligining ortishiga xizmat qiladi.

 

Endilikda Markaziy saylov komissiyasining raisi besh yillik muddatga saylanadi. Ayni bir shaxs mazkur lavozimga surunkasiga ikki muddatdan ortiq saylanishi mumkin emas.

 

Bulardan tashqari, mamlakatimiz tarixida birinchi marta  barcha viloyatlar va Toshkent shahrida hududiy saylov komissiyalari tuziladi. Uch nafarga qadar a’zosi doimiy asosda faoliyat yuritadigan ushbu saylov komissiyalari o‘zlari joylashgan hududda xalq deputatlari viloyat yoki Toshkent shahar kengashlariga saylovni tashkil etadi. Ular  besh yillik muddat  davomida o‘z hududlarida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini, Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini hamda O‘zbekiston Respublikasi Referendumini tashkil etish va o‘tkazish vakolatiga ega bo‘ldi. Saylov kodeksiga muvofiq tuzilgan saylov uchastkalari referendum o‘tkazish davrida referendum uchastkalari ham hisoblanadi.

 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida hududiy komissiyalarning mazkur qonunda nazarda tutilgan referendumga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq vakolatlarini Qoraqalpog‘iston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi amalga oshiradi.

 

Yangi qonunga binoan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Qonunchilik palatasi deputatlari saylovlariga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish bilan bog‘liq hududiy saylov komissiyalarining vazifalarini amalga oshirish Qoraqalpog‘iston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining vakolatiga  kiradi.

 

Yagona saylov okrugi nima?

 

Saylov kodeksiga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarga binoan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazishda O‘zbekiston Respublikasining butun hududi yagona saylov okrugi hisoblanadi.

 

Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini o‘tkazish uchun esa yetmish beshta hududiy bir mandatli saylov okrugi tuziladi.

 

Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini o‘tkazish bo‘yicha bir mandatli saylov okruglari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining taqdimnomasiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan har besh yilda bir marta tuziladi.

 

Qonunchilik palatasi deputatligiga siyosiy partiyalar tomonidan ko‘rsatilgan nomzodlar ro‘yxati asosida Qonunchilik palatasiga saylov o‘tkazish uchun O‘zbekiston Respublikasining butun hududi yagona saylov okrugi hisoblanadi.

 

Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini o‘tkazish bo‘yicha bir mandatli saylov okruglarining chegaralari Qoraqalpog‘iston Respublikasining, viloyatlarning va Toshkent shahrining ma’muriy-hududiy tuzilishi inobatga olingan holda, qoida tariqasida, O‘zbekiston Respublikasining butun hududida saylovchilar soni teng holda belgilanadi.

 

Shuningdek, mahalliy Kengashlarga saylov o‘tkazish bo‘yicha bir mandatli saylov okruglari tegishli hududiy, tuman, shahar saylov komissiyasi tomonidan, qoida tariqasida, saylovchilar soni teng holda har besh yilda bir marta tuziladi.

 

Saylov uchastkalari ham tumanlar va shaharlar hokimliklarining taqdimnomasiga binoan hududiy saylov komissiyalari tomonidan besh yil muddatga tuziladi.

 

Markaziy saylov komissiyasi endi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi saylovi bilan bir qatorda,  mahalliy Kengashlar deputatlari saylovlariga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazishni ham tashkil etadi. Saylov komissiyalari tarkibiga o‘zgartirishlar kiritish tartibini belgilaydi. Mahalliy Kengashlar sayloviga doir saylov byulletenining shakli va matni namunasi ham endi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan  tasdiqlanadi.

 

Vazifalar aniq

 

Davlatimiz rahbarining siyosiy irodasi bilan 2023-yil ham mamlakatimiz tarixidan  demokratik yangilanish va buyuk o‘zgarishlar davri sifatida joy olmoqda. Insonparvarlik milliy davlatchiligimizning eng asosiy mezoniga aylandi.

 

Komil ishonch bilan aytish mumkinki, bu - «O‘zbekiston — 2030» strategiyasida belgilangan xalqimizning erkin va farovon, qudratli Yangi O‘zbekistonni barpo etish bo‘yicha xohish-irodasini ro‘yobga chiqarish, har bir fuqaroga o‘z salohiyatini rivojlantirish uchun barcha imkoniyatlarni yaratishga qaratilgan islohotlarning amaldagi yorqin ifodasidir.

 

“Inson manfaatlari — har narsadan ustun!” degan hayotbaxsh demokratik g‘oyani o‘zida mujassam etgan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga saylov va referendum o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonunning qabul qilinishi mamlakatimizda saylovlar sohasidagi islohotlarning yangi, yanada yuksak va samarali davrini boshlab berdi. 

 

Endigi vazifamiz, yangi qonunning 9-moddasida belgilanganidek, milliy saylov qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarining  mazmun-mohiyati va ahamiyatini manfaatdor tashkilotlar bilan hamkorlikda avvalo aholi o‘rtasida keng tushuntirish hamda ijrosini sobitqadamlik bilan ta’minlashdan iborat.

 

 

“Yangi O‘zbekiston” gazetasi,

2023-yil 20-dekabr.

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur