KONSTITUSIYA BERGAN IMKONIYAT: BUYUK YUKSALISH

27.01.2023

2655

msk_yangiliklari_in

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan koʻlami keng, shiddati baland, natijadorligi yuksak demokratik oʻzgarishlarni koʻrib, bularning barchasi xalqimiz manfaatlarini izchillik bilan taʼminlash, Vatanimizning xalqaro nufuzini yanada oshirish yoʻlida uzoqni koʻzlab yuritilayotgan oqilona siyosatning hayotdagi samaralari ekaniga har qanday kishi amin boʻladi.

 

Oʻz taraqqiyotining mutlaqo yangi bosqichiga dadil qadam qoʻygan va zalvorli odimlar tashlayotgan Yangi Oʻzbekistondagi Yangi uygʻonish — Uchinchi Renessansning mustahkam poydevorini barpo etishga izchil kirishilgani xalqimizning ruhini yanada koʻtarib, kelajakka boʻlgan ishonchini mustahkamlamoqda.

 

Bunday muvaffaqiyatlarning negizida shu kunlarda xalqimiz yigirma sakkiz yillik shonli bayramini nishonlayotgan milliy Konstitutsiyamizda oʻz ifodasini topgan eng yuksak gʻoyalar, demokratik tamoyillar, ezgu maqsadlar, orzu-intilishlar mujassamdir.

 

Har tomonlama pishiq-puxta oʻylangan va umumeʼtirof etilgan xalqaro demokratik standartlar talablariga toʻliq javob beradigan Asosiy Qonunimizning yaratilishi, nafaqat xalqimiz hayotidagi ulkan siyosiy, ijtimoiy-huquqiy voqea, balki xalqaro ahamiyatga molik yirik olamshumul hodisa hamdir.

 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev alohida taʼkidlaganidek, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi xalqimiz siyosiy tafakkurining noyob namunasidir.

 

Masʼuliyatli jarayon

 

Bugun, shu shonli bayram arafasida, Konstitutsiyamizning yaratilish tarixiga nazar tashlash oʻrinli boʻladi. Oʻtgan asrning 90-yillari xalqimiz uchun naqadar tahlikali va suronli davr boʻlgani maʼlum. Shunday murakkab sharoitda xalqimizning asriy orzusi boʻlgan Vatanimizning davlat suvereniteti va mustaqilligi sari, istiqlolimizning huquqiy asoslarini yaratish va mustahkamlash yoʻlida gʻoyat dadil qadamlar qoʻyilgan edi.

 

Bunday muhim tarixiy voqealarning solnomasi 1990-yilning mart oyidan boshlanadi. Oʻn ikkinchi chaqiriq Oliy Kengashning birinchi sessiyasida Prezidentlik lavozimiga asos solinib, davlat ramzlariga oid masala muhokama qilindi. Mustaqil Oʻzbekistonning oʻz milliy Konstitutsiyasini yaratish gʻoyasi ham ilk bor ana shu sessiyada ilgari surildi.

 

Respublika Parlamentining 1990-yil 21-iyundagi sessiyasida Oʻzbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov raisligida davlat arboblari, deputatlar, mutaxassislardan iborat 64 nafar aʼzoni birlashtirgan Konstitutsiyaviy komissiya tuzildi.

 

Adliya vazirligi Konstitutsiya loyihasini tayyorlash boʻyicha ishchi organ etib belgilandi. Mazkur vazirlikning oʻsha paytdagi rahbarlaridan biri boʻlganim, Asosiy Qonunimizning dunyoga kelishi bilan bogʻliq tarixiy jarayonlarda bevosita ishtirok etganim uchun oʻtmish voqealarni bugun faxrlanib xotirlayman.

 

Konstitutsiya – barcha milliy qonunlar uchun asos boʻladigan, davlatning huquqiy maqomini belgilaydigan muhim hujjat. Shu bois uni yaratish oson kechmasligi tabiiy edi. Boz ustiga, oʻsha kezlarda bizda qonunchilik bilan shugʻullanuvchi alohida institutlar boʻlmagani, milliy tajriba hali shakllanmagani ham sir emas.

 

Bu murakkab va masʼuliyatli jarayonda akademik bilimlarni chuqur egallagan atoqli huquqshunos olimlar, faylasuflar, amaliyotchilar tajribasi naqadar asqatgani xotiramda. Shavkat Oʻrazayev, Anvar Aʼzamxoʻjayev, Hojiakbar Rahmonqulov singari zabardast olimlarimizning boy tajribasi, yuksak salohiyati Bosh qomusimizning loyihasini tayyorlashda gʻoyat qoʻl kelgan.

 

Tayyorlangan loyihani takomillashtirish bobma-bob, moddama-modda, soʻzma-soʻz avval ishchi guruh, keyin Konstitutsiyaviy komissiya aʼzolari tomonidan, soʻng ikki marta matbuotda chop etish orqali umumxalq davrasida keng muhokama qilinganining oʻzi naqadar ulkan hajmdagi ishlar bajarilganini anglatib turibdi.

 

Muqaddas timsol

 

Qayt etilganidek, Oʻzbekiston Konstitutsiyasi loyihasi bir emas, ikki marotaba — 1992-yilning sentyabr va noyabr oylarida umumxalq muhokamasidan oʻtkazilib, keng jamoatchilik, xalqimiz ilgari surgan takliflar, gʻoyalar va fikr-mulohazalar bilan boyitildi. Umumxalq muhokamasi jarayonida olti mingdan ortiq taklif va fikr-mulohazalar kelib tushgan.

 

Adliya vazirligi mutaxassislari huquqshunos olimlar, deputatlar va ekspertlar ishtirokida loyihalarda aks etgan gʻoyalar va tamoyillar mazmun-mohiyatini ommaviy axborot vositalari orqali aholiga peshma-pesh va batafsil tushuntirib borganini ham aytish oʻrinli.

 

Bu ishlarning barchasiga — Konstitutsiyaviy komissiya tuzilib, Asosiy Qonunimizning ilk loyihasini tayyorlashdan to milliy Parlamentimiz tomonidan uning qabul qilinishigacha boʻlgan gʻoyat zahmatli jarayonga — ikki yildan ortiq vaqt ketdi.

 

Taʼkidlash joizki, eng ilgʻor mamlakatlarning konstitutsiyalaridan aslo qolishmaydigan Asosiy Qonunimizning yaratilishida xalqimizning milliy oʻziga xosligi va necha ming yillik milliy davlatchilik tajribasi hamda dunyoning toʻqsondan ortiq davlatining ilgʻor konstitutsiyalaridagi tajribalar hisobga olindi. Unda eng muhim xalqaro huquqiy hujjatlarda mustahkamlangan va umumeʼtirof etilgan ilgʻor demokratik prinsiplar oʻz inʼikosini topdi.

 

Shu bois, xalqimiz davlatimizning Bayrogʻi, Gerbi, Madhiyasi kabi milliy Konstitutsiyamizni ham Vatanimizning muqaddas timsoli deb biladi va yuksak qadrlaydi. Asosiy Qonunimiz qabul qilingan kun – 1992-yil 8-dekabr umumxalq bayrami sifatida keng nishonlanadi.

 

Inson – hayot gultoji

 

Koʻpni koʻrgan xalqaro ekspertlar mamlakatimiz Konstitutsiyasi haqida soʻz yuritar ekanlar, bir jihatni alohida taʼkidlaydilar: “Oʻzbekiston Bosh qomusining eng muhim gʻoyasi bu hayot gultoji boʻlgan insonni qadrlashga, xalqning manfaatlarini taʼminlashga qaratilgan. Konstitutsiyaning “Oʻzbekiston xalqi” degan soʻzlar bilan boshlanishida ham katta hikmat bor”.

 

Bu davlatimiz siyosatida insonparvarlik, xalqparvarlik tamoyillari ustuvorligining amaldagi yorqin ifodasidir. Chunki mustaqillikkacha boʻlgan davrda, yaʼni sobiq mustabid Sovet tuzumi hukm surgan zamonda, davlat manfaatlari barcha narsadan, hatto insonning hayotidan ham ustun qoʻyilar edi.

 

Asosiy Qonunimizda eʼtirof etilganidek, mustaqil Oʻzbekistonda inson, uning hayoti, erkinligi, shaʼni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi. Davlat oʻz faoliyatini inson va jamiyat farovonligini koʻzlab, ijtimoiy adolat va qonuniylik prinsiplari asosida amalga oshiradi.

 

Ushbu konstitutsiyaviy tamoyillarning amalda taʼminlanayotgani tufayli bugun Yangi Oʻzbekistonda har bir inson oʻzining himoyalanganini his etib, tinch va osoyishta hayot kechirmoqda. Aholining turmush darajasi tobora yuksalib bormoqda.

 

Xalqimiz hayotini tubdan yaxshilash, inson huquqlarini, jumladan, saylov huquqini, erkinliklarini, qonun ustuvorligi va ijtimoiy adolatni keng taʼminlash borasidagi muhim oʻzgarishlar hozirgi, pandemiya sharoitida oʻz-oʻzidan boʻlayotgani yoʻq, albatta. Buni chuqur anglab yetgan xalqimiz amalga oshirilayotgan islohotlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlamoqda va oʻzgarishlar jarayonida faol ishtirok etmoqda.

 

Eʼtibor va eʼtirof

 

Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi milliy saylov tizimini va jamiyatimiz hayotining barcha jabhalarini demokratik rivojlantirishda, shubhasiz, doim asosiy hujjat boʻlib xizmat qiladi.

 

Konstitutsiyamizda fuqarolarning saylash va saylanish huquqi, milliy saylov tizimining asoslari mustahkamlab qoʻyilgan. Bu qoida va meʼyorlar Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi, Fuqarolik va siyosiy huquqlar toʻgʻrisidagi xalqaro pakt, Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan ratifikatsiya qilingan boshqa xalqaro huquqiy hujjatlarda oʻz ifodasini topgan va umumeʼtirof etilgan demokratik prinsiplarga mosdir.

 

Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining alohida XXIII bobi mamlakatimiz saylov tizimiga bagʻishlangan. Sohaga bunday yuksak eʼtiborni barcha rivojlangan mamlakatlarning Konstitutsiyasida ham uchratavermaysiz. Ushbu bobda demokratik saylovlarni oʻtkazishga doir barcha jarayonlarning eng muhim prinsiplari, mazmun-mohiyati aniq belgilab berilgan.

 

Mamlakatimiz saylov komissiyalari tizimiga faoliyatining asosiy prinsiplari mustaqillik, qonuniylik, kollegiallik, oshkoralik va adolatlilikdan iborat boʻlgan Konstitutsiyaviy organ maqomiga ega Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi rahbarlik qiladi.

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan soʻngi yillarda mamlakatimiz saylov tizimini xalqaro normalar va tamoyillarga moslashtirish, saylovchilar uchun yanada keng imkoniyatlar yaratish va fuqarolarning erkinliklarini taʼminlashga qaratilgan keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda.

 

Yuksak samaralar

 

Izchil islohotlarning yuksak samaralari 2019-yil 22-dekabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va mahalliy kengashlarga “Yangi Oʻzbekiston – Yangi saylovlar” shiori ostida oʻtkazilgan saylovlar jarayonida yorqin namoyon boʻldi. Fuqarolar oʻzlarining konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirishlari uchun barcha sharoitlar yaratildi va saylovchilar bu imkoniyatdan samarali foydalandilar.

 

Saylovlar natijasida konstitutsiyaviy qoidalar va xalqaro saylov standartlariga binoan Oʻzbekistonning qonun chiqaruvchi hokimiyati va mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarining tarkibi davriylik prinsipi asosida yangilanishi taʼminlandi.

 

Saylovlar jarayonining davomi sifatida, ijroiya hokimiyati qaytadan shakllantirildi. Saylovlar koʻppartiyaviylik va muqobillik, oshkoralik va transparentlik tamoyillariga hamda dunyoda umumeʼtirof etilgan demokratik andazalarga mos yangilangan saylov qonunchiligiga binoan oʻtkazildi.

 

Saylovlarni kuzatib borgan 70 mingdan ziyod mahalliy kuzatuvchi hamda koʻplab xalqaro tashkilotlar, ellikka yaqin xorijiy davlatdan kelgan 825 nafar kuzatuvchi, xalqaro va mamlakatimiz ommaviy axborot vositalarining mingdan ortiq vakillari saylovlarni sharhlar ekanlar, “birinchi marta” degan soʻzni bot-bot qayd etganlarini taʼkidlash oʻrinli. Bu bejiz emas.

Bu galgi saylovlar ilk bor Saylov kodeksi asosida oʻtdi. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan 2019-yilning 25-iyunida Saylov kodeksi amaliyotga kiritilgach, saylovlarning huquqiy asoslari yanada mustahkamlandi. Bunda, avvalo, saylovga oid mavjud beshta qonun va oʻnlab qonunosti hujjatlari yaxlit hujjatga jamlandi. Bevosita ishlaydigan qonun maqomini oldi.

 

Barcha vakillik organlariga faqat siyosiy partiyalar tomonidan nomzod koʻrsatish amaliyotiga oʻtildi. Qonunchilik palatasidagi 150 deputatlik oʻrni saqlab qolingani holda Oʻzbekiston Ekologik harakati vakillariga kvota ajratish instituti bekor qilindi. Natijada oʻtgan saylovlarda beshta siyosiy partiya oʻzaro raqobatga kirishdi. Yangi partiya – Oʻzbekiston Ekologik partiyasi quyi palatada 15 deputatlik oʻrnini qoʻlga kiritdi. Saylov qonunchiligi va amaliyotidagi bu yangilik zamonaviy Oʻzbekiston tarixidagi muhim voqeadir.

 

Oʻzbekiston Respublikasi saylovchilarining yagona elektron roʻyxatining shakllantirilishi mamlakatimiz milliy saylov tizimidagi mutlaqo yangi amaliyot boʻldi. Mazkur roʻyxatga saylov yoshidagi 20,5 milliondan ziyod fuqaroga doir maʼlumotlar kiritildi va ulardan saylovlar jarayonida belgilangan tartibda foydalanildi. Ayni paytda, axborot tizimidan 6720 ta saylov okrugi, 10260 ta saylov uchastkasining, shuningdek, uchastka saylov komissiyalarining jami 170 313 nafar aʼzosiga oid maʼlumotlar ham joy oldi.

 

Ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan va uncha ogʻir boʻlmagan jinoyatlarni sodir etgan shaxslar mamlakatimiz tarixida birinchi marta ovoz berish sharafiga muyassar boʻlgani ham Oʻzbekistonning milliy saylov tizimidagi eng muhim yangiliklardandir. Oʻtgan saylovda 4308 nafar ana shunday shaxs oʻzining saylov huquqidan foydalandi.

 

Qayd etish oʻrinliki, 2019-yil 4-sentyabr kuni qabul qilingan “Saylov toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi qonunga binoan, Konstitutsiyamizning 117-moddasiga tegishli norma kiritilgani bunda muhim omil boʻldi.

 

Xorijda yashab turgan barcha vatandoshlarimiz uchun ovoz berish imkoniyati yaratildi. 32 mamlakatda tashkil etilgan 55 saylov uchastkasida 112 411 nafar yurtdoshimiz oʻzining Konstitusiyaviy huquqidan foydalanib, ovoz berdi.

 

Taʼkidlash zarurki, avvalgi saylovlarda Oʻzbekiston Respublikasining chet ellardagi vakolatxonalaridan konsullik roʻyxatidan oʻtgan fuqarolargina ovoz bera olgan.

 

Saylovlarga tayyorgarlik jarayonida 180 ming nafarga yaqin saylov komissiyalari aʼzolari 2019-yil 3-avgustdan 20-dekabrga qadar “kaskad” usulida maxsus dastur asosida interfaol usulda amaliy seminar-treninglarda oʻqitildi.

 

Markaziy saylov komissiyasining Xalqaro matbuot markazida yuzdan ortiq brifing va matbuot anjumanlari oʻtkazildi, Markaziy saylov komissiyasining yigirmaga yaqin videoselektor yigʻilishi tashkil etildi.

 

Siyosiy partiyalar va deputatlikka nomzodlarga saylovoldi uchrashuvlarini oʻtkazishlari uchun har qachongidan keng shart-sharoitlar yaratildi, ular oʻtkazgan 26 teledebat toʻgʻridan-toʻgʻri efirga uzatildi. Bularning barchasi zamonaviy Oʻzbekiston tarixida saylovlar ilk bor real raqobat muhitida oʻtishiga xizmat qildi.

 

Saylov qonunchiligining buzilishi holatlari yuzasidan tezkor choralar koʻrish maqsadida 2019-yilning 16-dekabridan 2020-yilning 3-yanvariga qadar barcha viloyatlar, tumanlar (shaharlar) maʼmuriy sudlarida doimiy navbatchilik tashkil etildi. Bunday navbatchilik prokuratura va ichki ishlar organlarining boʻgʻinlarida ham yoʻlga qoʻyildi.

 

Ommaviy axborot vositalaridagi, ijtimoiy tarmoqlardagi va oddiy fuqarolarning joylarda saylov qonunchiligining buzilishi holatlariga oid xabarlariga tezkorlik bilan munosabat bildirish, zarur hollarda tegishli tartibda chora koʻrish mexanizmi yaratildi.

 

Qonunchilik palatasiga saylangan deputatlarning 48 nafarini yoki 32 foizini ayollar tashkil etgani ham Oʻzbekiston tarixidagi mislsiz voqeadir. Zero, 2014-yilgi saylovlarda 24 nafar ayol Qonunchilik palatasi deputati boʻla olgan.

 

Bunday misollarni yana koʻplab keltirish mumkin.

 

Xalqaro kuzatuvchilar saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish bilan bogʻliq ishlarga yuksak baho berdilar. Barcha saylov uchastkalarida saylovchilar uchun qulay sharoitlar yaratilganini, ayniqsa, jismoniy imkoniyati cheklangan fuqarolar, turli millat vakillari uchun saylov huquqini amalga oshirish imkoniyati yuqori darajada tashkil qilinganini eʼtirof etdilar.

 

Saylovlarning muvaffaqiyatli oʻtishida, avvalo, Oʻzbekistonda mustahkam qaror topgan tinchlik va osoyishtalik, xalqimizga xos bagʻrikenglik va olijanoblik, mehr­oqibat, oʻzaro izzat­hurmat, siyosiy­huquqiy madaniyat muhim omil boʻlganini taʼkidlash darkor.

 

Takomilda hikmat koʻp

 

Dunyo shiddat bilan oʻzgarib, davrning oʻzi mamlakatlar va xalqlar oldiga kutilmagan vazifalar, dolzarb muammolar qoʻymoqdaki, bularning barchasi milliy saylov qonunchiligini ham muntazam takomillashtirib borishni taqozo etadi.

 

Markaziy saylov komissiyasi tomonidan shu yilning fevralida mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan hamkorlikda barcha hududlarda saylovchilar, saylov tashkilotchilari, mahalliy rahbarlar ishtirokida qiziqarli davra suhbatlari oʻtkazildi. Saylovlarni yanada samarali tashkil etish, aholining huquqiy bilim va elektoral madaniyatini yanada oshirish yuzasidan atroflicha fikr almashildi.

 

Muloqotlar chogʻida, shuningdek, xalqaro tashkilotlarning xulosalarida, ijtimoiy tarmoqlar orqali oddiy saylovchilar tomonidan ilgari surilgan takliflar va tavsiyalarga ham alohida eʼtibor qaratildi.

 

Jumladan, mamlakatimiz Konstitutsiyasining 117-moddasida Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi bir vaqtning oʻzida ikkidan ortiq davlat hokimiyati vakillik organining deputati boʻlishi mumkin emasligi belgilab qoʻyilgan.

 

Bir vaqtning oʻzida ikkita mahalliy vakillik organi deputatligiga nomzod etib koʻrsatilgan fuqarolarning saylovoldi targʻibotini olib borish, uchrashuvlar oʻtkazish bilan bogʻliq muammolarga duch kelishi sir emas. Bu masalada Markaziy saylov komissiyasiga ham bir qator murojaatlar kelib tushgan.

 

Shularni eʼtiborga olib, Asosiy Qonunimizda bir nomzod faqat bitta saylov okrugidan va bitta mahalliy vakillik organiga saylanishi mumkinligiga oid qoidani kiritish taklif qilinmoqda.

 

Saylov qonunchiligiga oʻzgartirish kiritish orqali, xalq deputatlari tuman (shahar) kengashlariga saylov oʻtkazuvchi okrug saylov komissiyalarini tugatish va ularning vakolatlarini tuman (shahar) saylov komissiyalari zimmasiga yuklash ham asosli takliflardandir.

 

Milliy saylov amaliyotimizdan va xalqaro kuzatuvchilarning tavsiyalaridan kelib chiqib, saylovlarni yanada demokratlashtirish va erkinlashtirishga qaratilgan shunga oʻxshash yana boshqa qator takliflar ham oʻrganib chiqilmoqda.

 

Oʻtgan har bir saylov — mamlakatimizda rivojlangan demokratik huquqiy davlat, erkin, ochiq va adolatli fuqarolik jamiyati barpo etish sari qoʻyilgan muhim qadamdir.

 

Erishilgan muvaffaqiyatlar sarhisob qilinib, kamchilik va muammolarning oʻz vaqtida bartaraf etilishi, milliy saylov qonunchiligining Konstitutsiyamizda mustahkamlab qoʻyilgan tamoyillar asosida yanada takomillashtirilishi esa xalqimiz farovonligini oshirish, buyuk yuksalish yoʻlidagi intilishlarini yangi bosqichga koʻtarishga xizmat qiladi.

 

Mirzo Ulugʻbek ABDUSALOMOV,

Oʻzbekiston Respublikasi

Markaziy saylov komissiyasi Raisi,

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan yurist.

 

 

Manba: “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi,

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur