Xolislik, tezkorlik va mas’uliyat

31.07.2025

84

msk_yangiliklari_in

Xolislik, tezkorlik va mas’uliyat

 

Ommaviy axborot vositalari vakillarining saylov

jarayonlarini yoritishdagi muhim o‘rni, mas’uliyati, format va yondashuvi

 

Ommaviy axborot vositalari saylov jarayonlarini xalq ommasiga yetkazishda muhim o‘rin tutadi. Saylovlar ochiq va oshkora o‘tishini ta’minlashda, jamoatchilik nazoratini amalga oshirishda OAVning o‘rni beqiyos. Jurnalistlar orqali aholi turli darajadagi saylovlar haqida tezkor va xolis ma’lumot olib boradi. Bu saylov jarayonlarini ommalashtiradi. Saylovchilarda o‘tkazilayotgan muhim siyosiy jarayon yuzasidan zarur tushunchalarning shakllanishiga xizmat qiladi.

 

Albatta, saylovlarni erkin va adolatli o‘tkazishda ommaviy axborot vositalariga keng imkoniyatlar yaratilishi shart. Saylov komissiyalari va saylov uchastkalarida jurnalistlar erkin harakatlanish, axborot manbalaridan teng foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishi lozim. Davlat va xususiy axborot vositalari uchun saylov jarayonida teng sharoit yaratilishi, ularning qo‘llab-quvvatlanishi ochiq saylov muhitining muhim jihatidir. Mamlakatimizda so‘nggi yillarda o‘tkazilgan bunday muhim siyosiy jarayonlarda bu kabi jihatlarga alohida e’tibor qaratilayotgani OAV vakillari faoliyatining qonuniy kafolatlaridir.

 

Milliy qonunchiligimizga ko‘ra, ommaviy axborot vositalari vakillari saylov kampaniyasi davrida saylov komissiyalarining majlislarida, boshqa turdagi tadbirlarida bevosita ishtirok etishi, ovoz berish binolarida saylov jarayonlarini yoritish uchun akkreditatsiyadan o‘tkazilishi lozim.

 

Saylovlarni yoritishda jurnalistlarga keng huquq va erkinliklar berilgani holda, ular zimmasiga katta mas’uliyat ham yuklatiladi. Eng avvalo, ommaviy axborot vositalari vakillari berilgan imkoniyatlardan foydalanib, jamoatchilikka haqqoniy va xolis axborot yetkazishi lozim. Demak, saylov haqida har qanday ma’lumot avvalo tekshirilgan, to‘g‘riligiga to‘liq ishonch hosil qilingan va xolislikka asoslanishi kerak.

 

Ommaviy axborot vositalari vakillari nafaqat saylovga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish yuzasidan saylov komissiyalari tomonidan o‘tkazilgan majlislar, tadbirlarni yoritishi, balki ularda qabul qilingan qarorlarning mazmun-mohiyatini saylovchilarga xalqchil yetkazishi lozim. Saylov jarayonlarida joriy qilingan muhim o‘zgarishlar, yangi qonunchilik normalari maqsadli auditoriyalarga xolis taqdim etilishi lozim.

 

Ommaviy axborot vositalari vakillari saylov kampaniyasi davrida turli ko‘rinishda axborot materiallarini ishlab chiqar ekan, eng avvalo, o‘tkazilayotgan saylovning ahamiyati, qonunchilik talablari, saylovda joriy qilinadigan muhim yangilikliklar, xizmatlar, saylovchilar uchun yaratilgan imkoniyatlarni to‘liq anglab yetishi lozim.

 

Shu o‘rinda ommaviy axborot vositalari tahririyatlari saylov jarayonlarini yoritishda bilim va tajribaga ega o‘z vakillarini saylov qonunchiligi bo‘yicha huquqiy savodxonligini yanada oshirish yuzasidan saylov komissiyalari tomonidan tashkil etiladigan seminar-treninglarda faol ishtirok etishini ta’minlashi maqsadga muvofiq bo‘ladi. Bu saylov jarayonlarining faol va xolis yoritilishida muhim omil bo‘ladi. Jurnalist faqat ishonchli manbalarga tayangan holda xabar tayyorlashi, axborotni buzib ko‘rsatmasdan taqdim etishi lozim.

 

Saylov kampaniyasi davrida yoki hududlarda bo‘shab qolgan o‘rinlarga o‘tkaziladigan saylov jarayonlarida saylov uchastkalarida turib saylov jarayonlarini yoritishda, saylovchilar bilan intervyularni tashkil etishda ovoz berishning u yoki bu ko‘rinishda yashirinlik prinsiplarini buzmasligi lozim. Misol uchun, ovoz berib bo‘lgan saylovchidan qaysi siyosiy partiyani yoki nomzodni yoqlab ovoz berganligini so‘rash bu ovoz berishning yashirinlik prinsipini buzish demakdir. Yoki aksincha, saylovchi yashirin ovoz berish kabinasida saylov byulletenini to‘ldirayotgan jarayonda undan intervyu olish mumkin emas.

 

Saylov jarayonlarini yoritishda ommaviy axborot vositalari vakillari saylovchilarni zarur axborot bilan ta’minlab, saylovga tayyorgarlikdan tortib ovoz berish va ovoz berish natijalari e’lon qilingungacha bo‘lgan har bir bosqichni jamoatchilik uchun ochiqlab boradi. Jurnalistlar o‘z faoliyati orqali saylovlarda oshkoralik va shaffoflikni yuksaltiradi. Bu esa saylov natijalariga bo‘lgan ishonchni mustahkamlaydi. Misol uchun, saylovlarni xolis yoritish turli qonunbuzarlik holatlarining oldini oladi, saylov jarayonining to‘g‘ri o‘tishiga ko‘maklashadi.

 

2024-yilning oktyabr oyida  O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovida ommaviy axborot vositlari vakillari ilk bor “E-saylov” axborot tizimi orqali akkreditatsiyadan o‘tkazildi.

 

Saylov kampaniyasi davrida ommaviy axborot vositalari hamda ijtimoiy tarmoqlarda saylov jarayonlariga oid 42 mingga yaqin axborot e’lon qilindi.

 

Qiyoslash uchun, 2019-yil o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovida saylov kampaniyasi davrida ommaviy axborot vositalari hamda ijtimoiy tarmoqlarda saylov jarayonlariga oid 38 mingdan ortiq axborot e’lon qilingan edi.

 

Raqamlar so‘zlaganidek, bu ham o‘z navbatida so‘nggi yillarda mamlakatimizda aholining elektoral madaniyatini yuksaltirish, saylovchilarning saylov jarayonlari bo‘yicha xabardorligini oshirish bo‘yicha axborotlarni taqdim etish dinamikasi oshganidan dalolat beradi.

 

Shu o‘rinda, buning bir necha sabablarini ta’kidlab o‘tish o‘rinlidir. Bugungi kunda axborot uzatishning zamonaviy ko‘rinishlari yuzaga keldiki, axborot sohasi, yo‘nalishidan qat’iy nazar kreativ axborot uzatish elementlarini o‘zida mujassam qilmoqda. Endilikda ko‘plab axborot oluvchilar matn, audio, video kombinatsiyalilaridan iborat video sharhlar yoki animatsion roliklardan iborat kontentlar orqali axborot keng qabul qilishni afzal ko‘rmoqda.

 

Endi, axborot olish manzil makoni ham rang-barang ko‘rinishlarga ega bo‘lib bormoqda. Uyda, ishda yoki ko‘chadamisiz siz turli ko‘rinishda axborotga ega bo‘lishingiz mumkin. O‘zingizga qulay bo‘lgan formatlarda axborot iste’molchisiga aylanasiz. Bu borada cheklov yo‘q. Shu sababli ham bugun axborotga bo‘lgan talab ortmoqda.

 

Misol uchun Markaziy saylov komissiyasi tomonidan 2024-yil O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovida saylovchilarning saylov jarayonlari bo‘yicha savodxonligini oshirish, yangilangan saylov qonunchiligining mazmun-mohiyatini keng yetkazish maqsadida zamonaviy axborot uzatish usullaridan foydalangan yigirmadan ortiq animatsion rolik ishlab chiqildi. Ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlar orqali tarqatilgan mazkur videoroliklarning umumiy axborot qamrovi 25 million foydalanuvchini tashkil etdi. Shuningdek, MSK rasmiy veb-sayti hamda ijtimoiy tarmoq sahifalarida e’lon qilish uchun saylov kampaniyasiga oid 20 dan ortiq infografikalar ishlab chiqildi.

 

Saylov faqat saylov komissiyalari va siyosiy partiyalarning ishi emas, balki butun jamiyat hayotiga daxldor siyosiy tadbirdir. Ommaviy axborot vositalari esa ushbu tadbirning oynasi va minbari sifatida xizmat qiladi. Ommaviy axborot vositalari qanchalik xolis, professional va mas’uliyatli bo‘lsa, saylovlar shunchalik ochiq va adolatli o‘tadi.

 

Ochiqlik, oshkoralik va haqqoniylik tamoyillariga amal qilgan holda faoliyat yuritayotgan jurnalistlar demokratik saylov jarayonining haqiqiy qahramonlaridir. Ular orqali saylovchilarning huquqiy madaniyati oshadi, saylov jarayonlariga xayrixohligini orttiradi ayni paytda mamlakatimizda demokratik qadriyatlar mustahkamlanishiga xizmat qiladi.

 

Bekpo‘lat XUDOYBERGANOV,

O‘zbekiston Respublikasi

Markaziy saylov komissiyasi

yetakchi maslahatchisi

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur