GENDER TENGLIGI VA AYOLLARNING SAYLOVLARDAGI O‘RNI

01.02.2023

4366

msk_yangiliklari_in

Oʻzbekistonda gender tengligi va xotin-qizlarning siyosiy jarayonlardagi ishtiroki tobora ortib bormoqda. Shubhasiz, bu holat saylov jarayonlarida ham kuzatilmoqda.

 

Oʻzbekistonda soʻnggi yillarda gender tenglik masalasi davlat siyosati darajasiga koʻtarildi.

 

Bugungi kunga kelib sohaga oid 25 ta qonun hujjatlari qabul qilindi. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tarkibida Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasi, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi, Respublika xotin-qizlar jamoatchilik kengashi kabi yangi tuzilmalarning tashkil etilishi Oʻzbekistonda ayollar huquqlari, gender tengligini taʼminlashning yagona yaxlit mexanizmiga aylandi.

 

Taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston tarixida ilk marotaba milliy parlamentda xotin-qizlar soni Birlashgan Millat Tashkiloti tomonidan belgilangan tavsiyalarga mos darajaga yetdi.

 

Mamlakatimiz parlamenti xotin-qizlar soni boʻyicha dunyodagi 190 ta milliy parlament oʻrtasida 37-oʻringa koʻtarildi.

 

Davlatimizda ayollarning huquqlari va gender tengligini taʼminlash borasida olib borilayotgan islohotlarning davomi sifatida joriy yilda boʻlib oʻtgan Senatning XV yalpi majlisida qabul qilingan “Oʻzbekistonda 2030-yilga qadar gender tenglikka erishish strategiyasi”ni koʻrishimiz mumkin.

 

Ushbu hujjat Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari toʻgʻrisida”gi qonuni, 2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida belgilangan mamlakatni rivojlantirishning ustuvor vazifalari hamda 2030-yilgacha boʻlgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsadlar va boshqa qonun hujjatlariga muvofiq ishlab chiqilgan. Shuningdek, mazkur Strategiya Pekin Deklaratsiyasi, Xotin-qizlar huquqlari kamsitilishining barcha shakllariga barham berish toʻgʻrisidagi Konvensiya hamda BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlarini bajarishga koʻmaklashadi.

 

Gender tenglikka erishish strategiyasi asosan xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni taʼminlashning qator ustuvor yoʻnalishlarida amalga oshiriladi.

 

Shuni alohida qayd etish kerakki, mazkur hujjatda saylov huquqlarini amalga oshirishda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni yaratish – ustuvor yoʻnalishlardan biri. Xususan, Strategiyaning “Gender strategiyasini amalga oshirishning ustuvor yoʻnalishlari” nomli 4-bobining 1-paragrafi “Saylov huquqlarini amalga oshirishda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni taʼminlash” deb nomlangan.

 

Strategiyada bu maqsadlarga erishishda qanday zarur tadbirlar koʻzda tutilmoqda?

 

Birinchidan, siyosiy partiyalarning saylov jarayonlariga xotin-qizlarni va erkaklarni teng asosda jalb qilish, xotin-qizlarni tayinlanadigan rahbarlik lavozimlariga tavsiya qilishga oid faoliyatini ragʻbatlantirish;

 

Ikkinchidan, siyosiy partiyalar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga saylovlarda nomzod koʻrsatishda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar yaratilganligini monitoring qilish;

 

Uchinchidan, xotin-qizlarning siyosiy faolligini oshirish orqali ularga nisbatan jamiyatda shakllangan salbiy qarashlarni oʻzgartirish;

 

Toʻrtinchidan, xotin-qizlar va erkaklarning davlat hokimiyati vakillik organlariga saylash va saylanish huquqlariga toʻliq rioya etilishini tahlil qilib borish;

 

Beshinchidan, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining, saylov hamda referendumlar oʻtkazish boʻyicha viloyat, tuman, shahar, okrug, uchastka saylov komissiyalarining tarkibini shakllantirishda xotin-qizlar va erkaklar vakillarining tengligini taʼminlashdan iborat.

 

Yuqoridagi tadbirlardan kelib chiqqan holda, Markaziy saylov komissiyasi tomonidan saylovning barcha bosqichlarida xotin-qizlar va erkaklarning teng asosda ishtirok etishini kuzatuvchi 11 ta Indikatorlar ishlab chiqildi va bu yilgi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi kampaniyasidan boshlab amaliyotga tatbiq qilinmoqda.

 

Ushbu indikatorlar qanday koʻrsatkichlar bilan taʼriflanadi?

 

Saylovchilarning yagona elektron roʻyxatidagi saylovchilarning 10 399 854 nafari yoki 52,4% ayollardan iborat boʻldi.

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini oʻtkazuvchi okrug saylov komissiyalarining 266 nafar aʼzosidan 103 nafari (39%)ni hamda uchastka saylov komissiyalarining 142 044 nafardan 76 070 nafari (46,4%)ni ayollar tashkil qiladi. Hozirgi kunda Markaziy saylov komissiyasining 21 nafar aʼzosidan 7 nafari (33,3%) ayollardir.

 

Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarning 74 nafar ishonchli vakillaridan 15 nafari (20%)ni, siyosiy partiyalarning 53 717 nafar kuzatuvchilaridan 22 420 nafari (42%)ni ayollar tashkil etdi.

 

Bundan tashqari, saylov uchastkalarida ovoz berish jarayonini Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlaridan ham kuzatuvchilar kuzatib bordi, ularning 10 733 dan 3 834 nafarini yoki 36 foizni xotin-qizlar tashkil qildi.

 

Prezident saylovi kampaniyasi davrida umumiy hisobda 1672 nafar mahalliy va xorijiy OAV vakillari akkreditatsiyadan oʻtkazildi. Ularning 476 nafarini (28,5%) aynan ayollar tashkil etganligi saylov jarayonlarini yoritishga ham ayol-qizlarning qiziqishi baland ekanligidan dalolatdir.

 

Yuqoridagi raqamlardan koʻrinib turibdiki, xotin-qizlarning saylov jarayonlarida nafaqat ishtirokchi sifatida, balki tashkilotchi sifatida ham oʻrni ortib bormoqda.

 

2021-yil 25-oktyabrda Saylovni kuzatuvchilar xalqaro missiyasi (YXHT ning DIIHB va PA, Yevroparlament) eʼlon qilgan Dastlabki natijalar va xulosalar toʻgʻrisidagi Bayonotida aynan ushbu koʻrsatkichlar alohida qayd etilgan.

 

Shu bilan birga, Strategiyaga muvofiq, aynan bu borada belgilangan vazifalarni bajarish orqali quyidagi natijalarga erishish nazarda tutilmoqda:

 

Birinchidan, yuqori va quyi tizimdagi davlat organlarining rahbarlik lavozimlariga xotin-qizlarni tayinlash amaliyoti kengaytiriladi;

 

Ikkinchidan, siyosiy partiyalarni ragʻbatlantirish orqali xotin-qizlar saylov jarayonlariga keng jalb qilinadi.

 

Oʻzbekistonda 2030-yilga qadar gender tenglikka erishish strategiyasi qarorlar qabul qilish va ijro etishning barcha sohalarida hamda boʻgʻinlarida xotin-qizlar va erkaklar oʻrtasida tenglik tamoyilini tatbiq etishga keng qamrovli yondashuvni nazarda tutadi.

 

Shuningdek, Strategiya erkaklar va ayollarning teng huquqlari va imkoniyatlarini roʻyobga chiqarish uchun shart-sharoit yaratish hamda insonning fundamental huquqlariga rioya qilish maqsadida iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotda gender tenglik targʻib qilinishini taʼminlashga xizmat qiladi.

 

Prezident saylovi kampaniyasi jarayonlarini inklyuzivligini taʼminlash, shu jumladan, ayollarning saylovda faol ishtirokini qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratildi.

 

Gender tengligini taʼminlash va jamiyat hayotida xotin-qizlarning faol ishtirokini qoʻllab-quvvatlash borasida MSK tomonidan bir qator loyihalar amalga oshirilmoqda.

 

Xususan, MSK Oʻzbekistondagi Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi bilan hamkorlikdagi “Oʻzbekistonda 2019-2021-yillarda saylov jarayonini qoʻllab-quvvatlash” qoʻshma loyihasi doirasida “Saylov va gender: siyosat sohasida xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha xalqaro va milliy amaliyot” turkumidagi seminar-treninglar oʻtkazildi.

 

Joriy yilning oktyabr oyida boʻlib oʻtgan oʻquv tadbirlari Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligining hududiy boʻlinmalari, ayollarni qoʻllab-quvvatlash sohasidagi nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari xotin-qizlarning saylov jarayonidagi ishtiroki borasidagi kasbiy bilim darajasini oshirishga qaratilgan boʻlib, ayollarning saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazishning barcha bosqichlarida ishtirok etish imkoniyatlarini yanada oshirishga xizmat qildi.

 

Birinchi seminar-trening oflayn formatida Toshkent shahar va Toshkent viloyatidan ishtirokchilar uchun oʻtkazildi. Oʻquv seminarlari turkumini boshlash marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisi З.Низамходжаев, Shveysariyaning Oʻzbekistondagi elchisi К.Оболенский, BMT Taraqqiyot dasturining Oʻzbekistondagi doimiy vakili М.Димовска, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirining birinchi oʻrinbosari Г.Маруфова ishtirok etdi.

 

Keyinchalik 5 ta seminar-treninglar onlayn formatida oʻtkazilib, respublikaning barcha hududlari boʻyicha ishtirokchilarni qamrab oldi.

 

Oʻquv tadbirlari ishtirokchilari siyosatda gender tengligi va saylov sohasidagi xalqaro standartlar bilan tanishdilar. “Oʻzbekistonda saylovlar va gender: qonunchilikning asosiy jihatlari” mavzusida alohida sessiya oʻtkazildi. “Gender kvotasi va jamiyatdagi imkoniyatlar tengligi” mavzusi sessiya tinglovchilarida katta qiziqish uygʻotdi. Ishtirokchilar gender kvotalari saylovchilar tanlovini cheklamasligi va gender masalalarini qonunchilik darajasida samarali hal qilish uchun saylov organlarida ayollar sonining oshirilishini qoʻllab-quvvatlashini taʼkidladilar. Guruh muhokamalari davomida ishtirokchilar yuqori faollikni koʻrsatdilar.

 

Alohida oʻquv tadbiri Nodavlat notijorat tashkiloti — “Istiqbolli avlod” Respublika axborot markazi tarmogʻining (14 ta hududiy boʻlinma) vakillari uchun uyushtirildi.

 

Gender boʻyicha maxsus qoʻllanmani qamrab olgan oʻquv dastur ishtirokchilarni saylovlarda gender tengligi, xalqaro standartlar va saylov tartib-qoidalariga oʻrgatish uchun ishlab chiqilgan. Dastur ishtirokchilarga “gender prizmasi” orqali saylov jarayoni bilan tanishish imkoniyatini ham berdi.

 

Baholash jarayonida ishtirokchilar, oʻquv mashgʻulotlari yangi maʼlumot olish va gender tengligiga boshqa nuqtai nazardan qarashga yordam berganini, uning muhimligini taʼkidladilar.

 

Oʻquv kursi davomida olingan bilim ishtirokchilarning gender tengligi hamda ushbu sohadagi xalqaro standartlar va ilgʻor tajribalar haqidagi tushunchalarini oshirdi. Taʼkidlash joiz, oʻquv kursi kelgusida ayollarning nafaqat saylov jarayonida, balki siyosatda ham bevosita ishtirokini ragʻbatlantirish boʻyicha keyingi qadamlarni aniqlashga yordam beradi.

 

Gulnoza RAHIMOVA,

Oʻzbekiston Respublikasi

Markaziy saylov komissiyasining

doimiy asosda ishlovchi aʼzosi

 

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur