FUQAROLARNING O‘ZINI O‘ZI BOSHQARISH ORGANLARIDAN KUZATUVCHILAR SAYLOV JARAYONIDA QANDAY VAZIFALARNI BAJARADI

01.02.2023

3198

msk_yangiliklari_in

Demokratik saylovlarni fuqarolik jamiyati institutlarining ishtirokisiz tasavvur etib boʻlmaydi. Xususan, bu jarayonda nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari alohida oʻrin tutadi. Ular saylovlarning shaffofligi va ochiqligini taʼminlovchi muhim omil hisoblanadi.

 

Joriy yil 24-oktyabr kuni boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovining milliy qonunchiligimiz va xalqaro saylov standartlari asosida yuqori saviyada tashkil etilganligini dunyo hamjamiyati eʼtirof etmoqda. Saylov jarayonida nafaqat siyosiy partiyalar va masʼul davlat organlarining vakillari, balki fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillari ham bevosita faol ishtirok etishlari hamda jamoatchilik nazorati huquqidan samarali foydalanishlari uchun normativ-huquqiy asoslar yaratildi.

 

Prezidentlik saylovida ilk bor amaliyotga joriy etilgan Saylov kodeksimizda fuqarolik jamiyatlari institutlarining oʻrni alohida ahamiyatga molikdir. Ayniqsa, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarining saylov jarayoni bilan bogʻliq vakolatlari anchagina.

 

Birinchidan, xalq deputatlari tuman, shahar Kengashlarining majlislarida muhokama qilish uchun uchastka saylov komissiyasi aʼzoligiga nomzodlar taqdim etadi. Ikkinchidan, nomzodlarga ularning saylovchilar bilan uchrashuvlarini uyushtirishda, fuqarolarni qabul qilishda, ular oʻz saylov okruglarida boshqa vakolatlarini amalga oshirishida koʻmaklashadi. Uchinchidan, Saylov kodeksiga kiritilgan eng muhim yangiliklardan biri — fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlariga ham siyosiy partiyalar kabi har bir saylov uchastkasiga oʻz kuzatuvchilarini qoʻyish vakolati berildi.

 

Darhaqiqat, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlariga berilgan bunday keng koʻlamli vakolatlar mamlakatimizda saylovlarni tashkil etish va oʻtkazish jarayonida saylov erkinligini taʼminlash, jamoat, yaʼni xalq nazoratini yanada keng va toʻla amalga oshirishga xizmat qiladi.

 

Tahlillar shuni koʻrsatmoqdaki, bu yilgi saylovda yurtimizdagi 9255 ta mahalla fuqarolar yigʻinlari tomonidan saylov uchastkalariga 10733 nafar kuzatuvchilar biriktirildi. Ularga belgilangan tartibda mandatlar berilib, vakolatlari doirasida faoliyat yuritishlari uchun zarur imkoniyatlar yaratildi.

 

Shuningdek, okrug saylov komissiyalari tarkibida 15 nafar, uchastka saylov komissiyalari tarkibida 22 750 nafar fuqarolar yigʻinlari xodimlari faoliyat koʻrsatishdi.

 

Saylov jarayoni bilan bogʻliq ishlarni samarali tashkil etish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarining kuzatuvchilariga eslatma qoʻllanmalari tayyorlandi.

 

Yangi Saylov kodeksiga binoan saylovlarda fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlaridan kuzatuvchilarning ishtirok etishiga ruxsat berilishi mahallaga boʻlgan ishonch ortib, vakolatlari kengayayotganidan dalolat. Ushbu quyi boshqaruv organlari vakillarining saylovlarda kuzatuvchi sifatida ishtirok etishi saylovlarni ochiq va oshkora, demokratik prinsiplarga mos oʻtishida muhim ahamiyatga ega.

 

Markaziy saylov komissiyasining 2019-yil 5-oktyabrdagi 951-son qarori bilan siyosiy partiyalar va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlaridan kuzatuvchilar toʻgʻrisida Nizom qabul qilindi. Ushbu hujjatda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar koʻrsatgan siyosiy partiyalar, shuningdek, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari kuzatuvchilarining huquqiy maqomi, huquq va majburiyatlari hamda ularning hujjatlarini rasmiylashtirish tartibi belgilangan.

 

Bunday keng koʻlamli kuzatuvdan maqsad – saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazishga doir barcha tadbirlarda, shu jumladan, saylov kuni ovoz berish va ovozlarni sanab chiqish jarayonlarida saylov qonunchiligiga rioya etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini yanada kengroq amalga oshirishdan iborat.

 

Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlaridan fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli), uning oʻrinbosari, maslahatchisi, shuningdek, fuqarolar yigʻini organlarining boshqa mansabdor shaxslari saylovlarda kuzatuvchi boʻlishi mumkin.

 

Okrug saylov komissiyasi fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organining arizasini olgandan keyin besh kun ichida qaror qabul qiladi va kuzatuvchi uchun mandat beradi.

 

Saylov komissiyalari kuzatuvchini roʻyxatga olgandan keyin unga oʻz vakolatlarini toʻlaqonli hamda toʻsqinliksiz amalga oshirishi uchun sharoit yaratib beradi.

 

Kuzatuvchi saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazishga doir barcha tadbirlarda, shuningdek, har bir saylov uchastkasida saylov kuni ovoz berish va ovozlarni sanab chiqish jarayonlarida saylov qonunchiligiga rioya etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish huquqiga ega. Shuningdek, saylov uchastkasida saylov qonunchiligi talablari buzilishiga yoʻl qoʻyilgan deb hisoblash uchun asoslar yetarli boʻlsa, ushbu uchastka saylov komissiyasi aʼzolariga yoki yuqori turuvchi saylov komissiyalariga xabar berishga haqli.

 

Shuningdek, kuzatuvchi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, Saylov kodeksiga, Markaziy saylov komissiyasining qarorlariga amal qilgan holda barcha darajadagi saylov komissiyalariga, davlat hokimiyati va boshqaruv organlari va boshqa tashkilotlarga tashrif buyurganida unga berilgan mandatni hamda oʻz shaxsini tasdiqlovchi hujjatni yonida olib yurishi hamda mansabdor shaxslar talabiga muvofiq ularni koʻrsatishi kerak.

 

Kuzatuvchi saylovchi saylov byulleteniga oʻz belgisini qoʻyayotgan paytda ovoz berish kabinasida yoki xonasida boʻlishi mumkin emas. Saylovchilarga taʼsir oʻtkazish, biror-bir tashviqot materiali yoki adabiyotini tarqatish, saylovchilardan kimni yoqlab ovoz berganini surishtirish yoki saylovchilarga byulletenga belgi qoʻyishda biror-bir tarzda yordam koʻrsatish ham taqiqlanadi. Shuningdek, uchastka saylov komissiyasining faoliyatiga, shu jumladan, saylov qutilari muhrlanayotgan, ochilayotgan, ovozlar sanab chiqilayotganda aralashish, saylov kuni va ovoz berish boshlanishidan bir kun oldin jamoatchilik fikri soʻrovlari natijalarini, saylov natijalari prognozlarini, oʻtkazilayotgan saylov bilan bogʻliq boshqa tadqiqotlarni eʼlon qilishi man etiladi.

 

Shuni alohida taʼkidlash lozimki, saylov jarayonlari ustidan fuqarolik jamiyati institutlarining kuzatuv olib borishi, nazorati hamda siyosiy tadbirda faol ishtirok etishi albatta, saylovlarning demokratik tarzda oʻtishiga xizmat qiladi.

 

S. Kurbankulov

Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi aʼzosi

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur