Filippin Respublikasi saylov komissiyasining taklifiga asosan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisi o‘rinbosari B. Kuchkarov boshchiligidagi delegatsiya joriy yilning 12-may kuni bo‘lib o‘tgan parlament va mahalliy saylovlarni xalqaro kuzatish dasturida, shuningdek, saylovoldi tashkil etilgan Osiyo Saylov Organlari Assotsiatsiyasi (OSOA) Ijroiya kengashi yig‘ilishida ishtirok etish uchun Filippinga tashrif buyurdi.
9-may kuni Manila shahrida OSOA Ijroiya kengashining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Assotsiatsiyaning faoliyati bo‘yicha hisobotlar, shuningdek Assotsiatsiya faoliyatini yanada takomillashtirishga oid masalalar ko‘rib chiqildi.
Saylovlarni xalqaro kuzatish dasturida 20 ta xorijiy davlat saylov organlari va 4 ta xalqaro tashkilot vakillari ishtirok etdi. Saylov jarayonlarini diplomatik korpus vakillari ham kuzatib bordi. Saylov komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, AQSH mazkur saylovlarni kuzatish uchun taxminan 60 nafar kuzatuvchi yuborgan. Bundan tashqari, ushbu saylovlarda ilk bor Yevropa Ittifoqining saylovlarni kuzatish missiyasi ham ishtirok etdi, uning tarkibi taxminan 200 nafar kuzatuvchini tashkil etdi.
10-may kuni xalqaro kuzatuvchilar uchun maxsus brifing tashkil etildi. Unda Filippin Saylov komissiyasi vakillari tomonidan saylovlarga tayyorgarlik jarayoni, saylovni tashkil etish va uning ochiqligini hamda shaffofligini ta’minlash choralari haqida ma’lumot berildi. Shu kunning o‘zida xalqaro kuzatuv dasturi ishtirokchilari Manila poytaxt hududini rivojlantirish boshqarmasi va Filippin Milliy politsiyasi huzuridagi saylov xavfsizligini ta’minlashga mas’ul asosiy vaziyat markazlari faoliyati bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
12-may, saylov kuni, xalqaro kuzatuvchilar Manila shahridagi bir qator ovoz berish markazlarini borib ko‘rdilar. Ular soat 05:00 dan 07:00 gacha keksa va ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolar uchun tashkil etilgan erta ovoz berish jarayonlarini, oddiy saylov uchastkalari, shuningdek ozodlikdan mahrum qilish joylarida, qariyalar va nogironlar uylarida hamda savdo markazlarida joylashgan saylov uchastkalaridagi ovoz berish jarayonlarini kuzatish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Saylovchilar ro‘yxatiga 68 milliondan ortiq fuqarolar kiritilgan. Ular ushbu saylovda milliy va mahalliy darajadagi 18 mingdan ortiq lavozimlarga ko‘rsatilgan nomzodlar uchun ovoz berdilar.
Mazkur saylovlarda avval foydalanilgan elektron ovoz berish qurilmalari to‘liq yangilanib, ovoz berish natijalarini onlayn uzatish imkoniga ega bo‘lgan avtomatlashtirilgan yangi ovoz berish qurilmalari bilan almashtirildi. Shuningdek, xorijdagi saylovchilar uchun onlayn ovoz berish tizimi joriy etildi. Kuzatuvchilar ovoz berish jarayoni bilan tanishib, barcha saylov uchastkalarida fuqarolar, jumladan nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun erkin ovoz berishga zarur shart-sharoitlar yaratilganini qayd etdilar.
Kunning ikkinchi yarmida xalqaro kuzatuvchilar Ovozlarni hisoblash milliy kengashining birinchi majlisida ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Unda quyi saylov organlaridan ovozlarni qabul qilish va hisoblashning elektron tizimi real vaqt rejimida ishga tushirildi.
Tashrif doirasida O‘zbekiston MSK delegatsiyasi Filippin saylov komissiyasi raisi va a’zolari bilan uchrashdi, shuningdek boshqa mamlakatlarning saylov organlari vakillari bilan bir qator ishchi uchrashuvlar o‘tkazdi. Uchrashuvlarda saylovlarni o‘tkazish bo‘yicha tajriba almashildi va saylov tizimlarini yanada takomillashtirish yo‘nalishida hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Markaziy saylov komissiyasi