2025-yilning 8-9-oktabr kunlari O‘zbekiston MSK vakillari Minsk shahrida bo‘lib o‘tgan Belarus Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tashkil etilgan “Aholining huquqiy madaniyatini shakllantirish – saylov jarayonining barqarorligi va uyg‘unligini ta’minlovchi omil sifatida” mavzusidagi II Xalqaro saylov forumi tadbirlarida ishtirok etdi.
Forumning asosiy mavzusi – saylov tashkilotchilarining hamda saylovchilarni huquqiy madaniyatini yuksaltirish, aholida huquqiy ongni shakllantirish borasidagi faoliyati to‘g‘risida bo‘ldi.
Tadbirda Ozarbayjon, Belarus, Venesuela, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Turkiya va O‘zbekiston davlatlari saylov organlari va diplomatik korpusi vakillari, xalqaro tashkilotlar, deputatlar korpusi, ilmiy va pedagogik jamoatchilik vakillari hamda saylov huquqi va jarayoni sohasidagi ekspertlar ishtirok etishdi.
Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya doirasida O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi kotibi X. Mamatov “Aholining huquqiy madaniyatini shakllantirish – saylov jarayoni barqarorligini ta’minlovchi omil sifatida: O‘zbekiston tajribasi” mavzusida ma’ruza bilan chiqish qildi.
Ta’kidlanishicha, saylovchilarning huquqiy madaniyatini oshirish bo‘yicha tizimli ishlarni amalga oshirish jamiyatning saylovlarga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashning muhim omili hisoblanadi. Qayd etib o‘tilganidek, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda saylov qonunchiligi izchil takomillashtirilmoqda, fuqarolarni saylov sohasidagi axborot bilan xabardor qilishning zamonaviy texnologiyalari faol joriy etilmoqda, yoshlar qatlamlarini ham qamrab olgan holda huquqiy madaniyatni oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli dasturlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, Forum ishtirokchilari saylov texnologiyalari va qonunchiligini takomillashtirish, saylov jarayoni ochiqligini oshirish, aholining huquqiy madaniyati va elektoral faolligini shakllantirishda OAV hamda jamoat tashkilotlarining o‘rniga oid masalalarni muhokama qildilar.
Shuningdek Forum doirasida ma’naviy-axloqiy asoslarda huquqiy ongni shakllantirish, yoshlarning elektoral madaniyati hamda saylovlarni xalqaro kuzatish amaliyotining muammo va istiqbollariga bag‘ishlangan panel muhokamalari ham bo‘lib o‘tdi.
Ilmiy-amaliy konferensiya ishida Markaziy saylov komissiyasi a’zosi M. Xusanova ham ishtirok etdi.
Markaziy saylov komissiyasi