O‘zbekiston delegatsiyasi Ozarbayjon milliy mejlis saylovlari jarayonlarini kuzatmoqda

01.09.2024

898

msk_yangiliklari_in

Bugun, Ozarbayjonda mahalliy vaqt bilan soat 8:00 dan 19:00 ga qadar navbatdan tashqari Milliy Mejlis deputatlari saylovida ovoz berish jarayoni bo‘lib o‘tdi.

 

Markaziy saylov komissiyasi raisi Z.Nizamxodjayev boshchiligida O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari Boku shahrida va uning atrofidagi hududlarda ovoz berishning turli bosqichlarida – uchastkalarning ochilishidan tortib ovozlarni uchastka saylov komissiyalari tomonidan ovozlarni sanab chiqishgacha bo‘lgan jarayonlarda bevosita ishtirok etdilar.

 

 

Shuningdek, delegatsiyamiz a’zolari Ozarbayjon MSK tomonidan tashkil etilgan ovoz berish jarayonlarining boshlanishi va uning borishi to‘g‘risida axborot berishga bag‘ishlangan brifinglarda qatnashdilar.

 

MSK tomonidan qayd etilganidek, Ozarbayjon Milliy Mejlisiga saylov har besh yilda o‘tkaziladi. Saylovlar majoritar tizim bo‘yicha, yashirin ovoz berish yo‘li bilan o‘tkaziladi. Parlament 125 nafar deputatdan iborat bo‘lib, yangi chaqiriq yettinchi hisoblanadi.

 

Ovoz berish byulletenlariga 990 nafar nomzodlar kiritilgan bo‘lib, saylovchilar soni 6 421 073 nafarni tashkil etadi. Mamlakat bo‘ylab jami 125 ta saylov okrugida 6 400 dan ortiq saylov uchastkalari (134 tasi vaqtinchalik) tuzilgan.

 

 

Shuningdek nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun shart-sharoitlar yaratilgan saylov uchastkalari haqida axborot berib o‘tildi. Jumladan, 2 471 ta saylov uchastkasining kirish qismiga pandus o‘rnatilgan, ko‘rish qobiliyati zaif saylovchilar uchun Brayl alifbosidagi maxsus trafaretlar ishlab chiqilgan va barcha saylov okruglarga yuborilganligi ta’kidlandi.

 

MSK tomonidan parlament saylovlarida ekzit-pollar o‘tkazilishini faol qo‘llab-quvvatlanishi, ularning tashkil etilishi uchun zarur sharoitlarni yaratilishi qayd etildi. 2 500 ga yaqin saylov uchastkalarida ekzit-pollar o‘tkazilganligi ma’lum qilindi. Ushbu maqsadlarda 3 ta xalqaro xorijiy guruh ro‘yxatdan o‘tib, mahalliy hamkorlar ko‘magida ekzit-pollarni o‘tkazdi.

 

                     

 

Shuningdek, saylov jarayonlari maksimal shaffof o‘tishi uchun 1 000 ta saylov uchastkasiga o‘rnatilgan veb-kameralar orqali kuzatib borish imkoniyati yaratilgani alohida ta’kidlandi. Saylov kuni internet foydalanuvchilari mamlakat ichida hamda uning tashqarisida barcha jarayonlarini (ovoz berish, ovozlarni sanash va yakuniy natijalarni aniqlash) rasmiy MSK veb-sahifasiga kirgan holda ro‘yxatdan o‘tmasdan kuzatib borish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

 

                           

 

Ovoz berish jarayonini kuzatish davomida O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari Boku shahrining Sabail, Nasimi, Xatai, Suraxan va boshqa tumanlari hamda Sumgait shahridagi saylov uchastkalari rahbarlari va a’zolari bilan uchrashdilar.

 

Komissiya a’zolarining professionalligi, fuqarolarning ovoz berish jarayonida ishtirok etishini ta’minlash hamda saylov komissiyalari faoliyati uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilganligi, shuningdek, saylovlarni o‘tkazish uchun zarur uskunalar, qonun hujjatlari, uslubiy qo‘llanmalar, axborot materiallari bilan ta’minlanganligi, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ovoz berish sharoitlarining yaratilganligi delegatsiya a’zolari tomonidan alohida qayd etildi.

 

 

Ozarbayjon MSKda o‘tkazilgan brifingda soat 17:00 holatiga saylovchilarning navbatdan tashqari parlament saylovlaridagi ishtiroki 33,82% ni tashkil etganligi ta’kidlandi. 6,478 ta saylov uchastkalarida 2,172,087 nafar kishi ovoz berdi.

 

Shuningdek ovoz berish yakunlanganidan so‘ng, navbatdan tashqari Milliy Majlis deputatlari saylovining yakuniy natijalari 20 kun ichida, ya’ni 22-sentyabrga qadar e’lon qilinishi bo‘yicha tushuntirish berildi.

 

 

MARKAZIY SAYLOV KOMISSIYASI

 

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur