Yoshlarning saylov kampaniyalaridagi roliga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi

09.10.2026

142

msk_yangiliklari_in

2026-yil 8-oktyabr kuni gibrid formatda «Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi makonida 2026-yildagi saylov kampaniyalarining yoshlar mezoni» mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbir Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Parlamentlararo Assambleyasi Demokratiya rivojlanishini monitoring qilish xalqaro instituti (DRMQXI MDH PA), «Rossiya yoshlar saylov komissiyalari ittifoqi» Butunrossiya jamoatchilik harakati hamda A.I. Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universiteti (RDPU) tomonidan tashkil etildi.

 

Uchrashuv ishtirokchilari MDH makonida 2026-yilda o‘tkaziladigan saylov kampaniyalarida yoshlarning o‘rni, yosh saylovchilarning huquqiy savodxonligini oshirish hamda saylov sohasida xalqaro hamkorlikni mustahkamlash masalalarini muhokama qildilar.

 

 

 

Toshkent shahridagi A.I. Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universiteti filialida bo‘lib o‘tgan davra suhbatini ochar ekan, Markaziy saylov komissiyasi Raisi Z. Nizamxodjayev nufuzli tashkilotlarning birgalikdagi ishtiroki ushbu mavzuning ahamiyatini yanada oshirishini ta’kidladi.

 

«Biz global o‘zgarishlar davrida yashamoqdamiz. Bugungi kunda yoshlar innovatsiyalar va ijtimoiy yangilanishlarning asosiy harakatlantiruvchi kuchidir. Ularning faol ishtiroki, huquqiy savodxonligi va ongli fuqarolik pozitsiyasi Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi makonida demokratik institutlarning barqarorligiga bevosita ta’sir ko‘rsatmoqda», – dedi Z. Nizamxodjayev.

 

Markaziy saylov komissiyasi Raisi bugun yoshlarni saylovlarda ishtirok etishga chaqirishning o‘zi yetarli emasligini ta’kidladi. Buning uchun yoshlar bilan ularga tushunarli tilda muloqot qilish, zamonaviy aloqa vositalaridan foydalanish, ularning saylov sohasidagi tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va ko‘ngillilar faoliyatini kengaytirish zarurligini aytib o‘tdi.

 

 

 

Muvaffaqiyatli tajriba sifatida Z. Nizamxodjayev 2026-yil 18 - 20-sentyabr kunlari bo‘lib o‘tgan Rossiya Federatsiyasi Davlat Dumasi deputatlari saylovlarini xalqaro kuzatish dasturida yosh volontyorlarning faoliyatini misol qilib keltirdi. Ko‘ngillilar yuqori darajadagi tayyorgarlikni, saylov uchastkalari faoliyati va qonunchilik qoidalarini puxta bilishlarini namoyon etdilar.

 

O‘zbekiston Respublikasi MSK a’zosi G. Rahimova ham MDH PA va uning DRMQXIning Hamdo‘stlik mamlakatlari saylov organlari o‘rtasidagi xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shayotgan hissasini yuqori baholadi. Uning ta’kidlashicha, qo‘shma konferensiya va seminarlar, jumladan, yoshlarning saylovlardagi ishtiroki masalalari bo‘yicha muntazam ravishda tajriba almashish imkonini beradi. Shuningdek, u mazkur uchrashuv yakunlari bo‘yicha ishlab chiqiladigan amaliy tavsiyalar yosh fuqarolarning faolligini yanada oshirishga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.

 

Muhokamalar doirasida MDH Parlamentlararo Assambleyasi Kotibiyati rahbarining o‘rinbosari, Demokratiya rivojlanishini monitoring qilish xalqaro instituti direktori I. Mushket MDH ishtirokchi davlatlaridagi saylov kampaniyalarida yoshlarning ishtiroki tahliliga bag‘ishlangan ma’ruza bilan chiqish qildi.

 

Xususan, O‘zbekiston misolida u 2024 yilgi parlament saylovlarida talabalarning 96 foizdan ortig‘i ovoz berishda ishtirok etganini hamda qariyb 18 ming nafar yosh saylov komissiyalari tarkibiga kirganini ta’kidladi. Shuningdek, u institutning turli mamlakatlardan bo‘lgan yosh mutaxassislar o‘rtasida professional manfaatlar mushtarakligi asosida o‘zaro aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiluvchi xalqaro yoshlar loyihalari haqida ma’lumot berdi.

 

Davra suhbatining o‘tkazilishi Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi doirasidagi xalqaro hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga xizmat qiladi.

 

Markaziy saylov komissiyasi

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur