MSK xodimlari xalqaro ta’lim dasturlari doirasida malakasini oshirdilar

07.10.2026

140

msk_yangiliklari_in

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi vakillari Hindiston Saylov komissiyasi tomonidan Hindiston Xalqaro demokratiya va saylovlarni boshqarish instituti (IIIDEM) hamda Demokratiya va saylovlarga ko‘maklashish xalqaro instituti (International IDEA) bilan hamkorlikda tashkil etilgan qator xalqaro ta’lim dasturlari va ekspertlik maslahatlarida ishtirok etdilar. Tadbirlar saylov sohasidagi xalqaro mutaxassislarning malakasini oshirishga qaratildi.

 

2026-yildagi ta’lim tadbirlarining asosiy mavzusi ikki strategik yo‘nalishni qamrab oldi: saylov sohasidagi xavflarni boshqarish va saylovlarning barqarorligini ta’minlash, shuningdek, saylov jarayonida sun’iy intellektdan (SI) foydalanish.

 

Joriy yilning 21 - 25-sentabr kunlari «Sun’iy intellektni boshqarish va saylovlarni tashkil etish» mavzusida xalqaro o‘quv seminari bo‘lib o‘tdi.

 

   

 

Seminar doirasida ishtirokchilar SI saylov jarayonlariga integratsiya qilish, bu bilan bog‘liq xavflar, axborot yaxlitligini ta’minlash, axloqiy jihatlar va demokratik qadriyatlarni himoya qilish masalalarini muhokama qildilar. Shuningdek, saylovlarda SIdan foydalanishni tartibga solish bo‘yicha xalqaro tajriba ko‘rib chiqilib, mazkur sohadagi amaliy yondashuvlar bo‘yicha fikr almashildi.

 

 

28-sentabrdan 1-oktabrga qadar «Saylovlarni boshqarish organlarining kadrlarini professional rivojlantirish maqsadida institutsional xaritalash» mavzusida xalqaro o‘quv dasturi bo‘lib o‘tdi.

 

   

 

Dastur saylov organlari xodimlarining kasbiy rivojlanishi, tayyorlash va malaka oshirish tizimlarini takomillashtirish, shuningdek, zarur kompetensiyalarni aniqlash masalalariga qaratildi. Ishtirokchilar kasbiy rivojlanish tizimini takomillashtirish maqsadida ma’lumotlarni to‘plash va tahlil qilish usullarini o‘rgandilar, turli mamlakatlarning saylov organlari vakillari hamda International IDEA ekspertlari bilan tajriba almashdilar.

 

 

Tadbirlar davomida ishtirokchilar Agra shahrida (Uttar-Pradesh shtati) joylashgan saylov okrugi saylov ma’muriyatiga tashrif buyurib, saylov organlari faoliyatini tashkil etish bilan tanishdilar hamda Hindiston Saylov komissiyasi tomonidan ishlab chiqilgan ECINET raqamli platformasidan foydalanish tajribasini o‘rgandilar.

 

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi nomidan xalqaro ta’lim tadbirlarida Saylov qonunchiligi va zamonaviy texnologiyalar bo‘yicha o‘quv markazi direktori Sh. Xasanov, shuningdek, MSK Kotibiyati xodimlari D. Azizov, B. Xudoyberganov va I. Ubaydullayeva ishtirok etdilar.

 

Markaziy saylov komissiyasi vakillarining xalqaro ta’lim dasturlarida ishtirok etishi kasbiy salohiyatlarini kengaytirish, xalqaro tajriba almashish hamda saylov ma’muriyatchiligini yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.

 

Ta’lim tadbirlari International IDEA va IIIDEM o‘rtasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi Hamkorlikning asosiy kelishuvi doirasida o‘tkazilib, mazkur tadbirlar 2026-yilda International IDEAga a’zo davlatlar Kengashida Hindiston raisligi dasturining bir qismi hisoblanadi.

 

Markaziy saylov komissiyasi

Matbuot xizmati

 

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur