Siyosiy partiyalar saylovda ishtirok etishga ijozat berish  uchun Markaziy saylov komissiyasiga murojaat yubordi hamda imzo varaqalarini taqdim etdi

17.08.2024

700

msk_yangiliklari_in

Ma’lumki, siyosiy partiyalar saylovda ishtirok etishi va deputatlikka nomzod ko‘rsatishi uchun saylov kampaniyasi boshlanganligi e’lon qilingan kundan kamida to‘rt oy oldin O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan ro‘yxatga olingan va o‘zining saylovda ishtirok etishini qo‘llab-quvvatlovchi kamida qirq ming saylovchining imzosini to‘plashi zarur. Qonunchilikka ko‘ra, har bir ma’muriy-hududiy tuzilmadan, ya’ni Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va  Toshkent shahridan to‘plangan saylovchilarning imzolari, respublika bo‘yicha to‘planishi lozim bo‘lgan imzolarning ko‘pi bilan sakkiz foizini tashkil etishi lozim.

 

Joriy yil 31-iyul sanasida MSK tomonidan Qonunchilik palatasi saylovida siyosiy partiyaning ishtirok etishini qo‘llab-quvvatlovchi imzolarni to‘plash uchun har bir siyosiy partiyaga qirq ming saylovchining imzosini to‘plash imkonini beradigan imzo varaqalarining blankalari berildi. Siyosiy partiyalar shu kundan boshlab o‘z partiyasining saylovda ishtirok etishini qo‘llab-quvvatlovchi saylovchilarning imzolarini to‘plashga kirishdilar.

 

Yuqoridagilarga asosan, joriy yilning 16-avgust kuni Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi hamda O‘zbekiston Ekologik partiyasi tomonidan saylovda ishtirok etishga ijozat berish bo‘yicha Markaziy saylov komissiyasiga “E-saylov” axborot tizimi orqali murojaat yuborildi hamda to‘plangan imzo varaqalari Markaziy saylov komissiyasiga ko‘rib chiqish uchun topshirildi.

 

          

 

         

 

         

 

Siyosiy partiyalar taqdim etgan imzo varaqalarining to‘g‘ri to‘ldirilganligi MSKning ekspert guruhlari tomonidan besh kunlik muddatda tekshirib chiqiladi.

 

Markaziy saylov komissiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur