Siyosiy partiyalar prezidentlikka koʻrsatilgan nomzodlarni roʻyxatga olish boʻyicha hujjatlar taqdim etishmoqda

31.05.2023

3788

msk_yangiliklari_in

Oʻzbekiston Respublikasi Saylov kodeksiga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Markaziy saylov komissiyasi tomonidan roʻyxatga olinishi lozim. Buning uchun siyosiy partiyaning rahbari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodni roʻyxatga olishni soʻrab Markaziy saylov komissiyasiga ariza bilan murojaat etishi kerak.

Saylov kodeksi hamda Markaziy saylov komissiyasining qarori bilan tasdiqlangan muddatidan ilgari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini oʻtkazish boʻyicha Kalendar rejada belgilangan talablarga va muddatlarga amal qilgan holda joriy yil 31-may kuni Oʻzbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi hamda Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – Oʻzbekiston liberal-demokratik partiyasi Markaziy saylov komissiyasiga ushbu partiyalar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga koʻrsatilgan nomzodlarni roʻyxatga olishni soʻrab murojaat etdi va qonunchilikda belgilangan hujjatlarni topshirdi.

Qayd etish joiz, Markaziy saylov komissiyasi tomonidan joriy yil
24-may kuni “Siyosiy partiyalar tomonidan taqdim etilgan imzo varaqalari toʻgʻri toʻldirilganligini tekshiruvchi ekspert guruhlarini tuzish toʻgʻrisida” qaror qabul qilingan edi.

Ushbu ekspert guruhlari tomonidan Saylov kodeksi hamda Markaziy saylov komissiyasining 2021-yil 14-apreldagi 1067-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga koʻrsatilgan nomzodni qoʻllab-quvvatlovchi imzolarni toʻplash va imzo varaqalari toʻgʻri toʻldirilganligini tekshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom talablariga qatʼiy rioya qilgan holda siyosiy partiyalar tomonidan taqdim etilgan nomzodlarni qoʻllab-quvvatlovchi imzo varaqalarining toʻgʻri toʻldirilganligini tekshirish jarayoni boshlandi.

Markaziy saylov komissiyasining ishchi guruhi ekspert guruhlari bilan hamkorlikda qonunchilik talablaridan kelib chiqib, siyosiy partiyalar tomonidan taqdim etilgan barcha hujjatlarni tekshirib chiqadi hamda taqdim etilgan hujjatlar, shu jumladan nomzodlarni qoʻllab-quvvatlovchi imzo varaqalari qonunchilik talablariga muvofiq boʻlsa, Markaziy saylov komissiyasi siyosiy partiyalar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga koʻrsatilgan nomzodlarni roʻyxatga olish haqida qaror qabul qiladi.

Eslatib oʻtamiz, Markaziy saylov komissiyasining qarori bilan tasdiqlangan Kalendar rejaga muvofiq siyosiy partiyalar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodni roʻyxatga olish haqida Markaziy saylov komissiyasiga murojaat etishining oxirgi muddati 2-iyun hisoblanadi.

Markaziy saylov komissiyasi
Matbuot xizmati

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur