Aziz yurtdoshlar!
Barchangizni muborak ayyom – O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilinganining 35 yillik shonli sanasi bilan samimiy tabriklaymiz.
1991-yil 18-noyabr mustaqil Vatanimiz – O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i qabul qilingan tarixiy kundir. Milliy timsollarimizni azaldan aziz va muqaddas deb biladigan xalqimizni davlatimiz bayrog‘i mudom yakdillik, buyuk maqsadlar yo‘lida birlashish va yangidan yangi marralarni zabt etishga ilhomlantirib kelmoqda. Davlatimiz bayrog‘ida millatimizning buyuk tafakkuri, boy tarixi, porloq istiqboli va qadimiy an’analari o‘z ifodasini topgan.
Qayerdaki yashab turgan bo‘lmaylik, bayrog‘imiz timsolida O‘zbekiston Respublikasi degan buyuk himoyachimiz, suyanchimiz va tayanchimiz borligini his etamiz. Bu muqaddas tuyg‘u dilimizga quvonch, faxr-iftixor, ruhimizga ulkan quvvat baxsh etadi. Inson qadrini ulug‘lash, uning huquq va manfaatlarini ta’minlash davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilangan Vatanimizga mehr-u sadoqatimiz yanada yuksaladi.
O‘z taqdirini o‘zi belgilash sharafiga erishgan mustaqil davlat, ozod va erkin xalqgina o‘zining milliy ramzlariga ega bo‘lishi azaldan ma’lum. Bugun dunyo ahli mamlakatimiz bayrog‘ini tinchlikparvar, adolatparvar va dadil taraqqiy etayotgan Yangi O‘zbekiston timsoli sifatida taniydi.
Milliy iftixorimiz – bayrog‘imiz yurtimizda va butun dunyoda tinchlik, hamkorlik va farovonlik ramzi sifatida abadiy va barqaror hilpirayversin!
Davlatimiz bayrog‘i qabul qilingan shonli sana barchamizga muborak bo‘lsin!
Markaziy saylov komissiyasi jamoasi