O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi vakillari Qozog‘istonda atom elektr stansiyasi qurilishi bo‘yicha o‘tkazilgan referendumda ovoz berish jarayonlarini kuzatdilar

06.10.2024

1386

msk_yangiliklari_in

Joriy yil 6-oktyabr kuni Qozog‘istonda atom elektr stansiyasini qurish masalasi bo‘yicha umumxalq referendumi bo‘lib o‘tdi.

 

O‘zbekiston MSK raisi Z.Nizamxodjayev boshchiligida komissiya delegatsiyasi mazkur referendum jarayonlarida xalqaro kuzatuvchi sifatida ishtirok etdi. Kuzatuv jarayoni Qozog‘iston Markaziy saylov komissiyasi bilan ikki tomonlama hamkorlik doirasida hamda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Turkiy Davlatlar Tashkiloti va Shanxay Hamkorlik Tashkiloti missiyalari tarkibida amalga oshirildi.

Markaziy saylov komissiyasi vakillari ovoz berish kunida Qozog‘iston poytaxti va uning atrofidagi referendum uchastkalarida kuzatuv olib bordilar.

 

Umumxalq referendumida ikki turdagi uchastkalar o‘z faoliyatini yuritdi: fuqarolarning doimiy yashash manzillaridagi va vaqtinchalik turgan joylaridagi uchastkalar. Jami 10 327 ta referendum uchastkalaridan 9 709 tasi fuqarolarning doimiy yashash manzillarida, 618 tasi esa fuqarolarning vaqtinchalik turgan joylarida tashkil etilgan. Qozog‘istondan tashqari 59 ta mamlakatda 74 ta referendum uchastkasi o‘z faoliyatini amalga oshirdi. Referendum komissiyalarining jami a’zolari soni 70 049 nafarni tashkil etdi.

18 yoshga to‘lgan Qozog‘iston fuqarolari referendumda ovoz berish huquqiga ega. Referendumda ishtirok etish uchun ovoz beruvchilar ro‘yxatiga 12 244 683 nafar Qozog‘iston fuqarosi kiritildi.

 

Referendum bo‘yicha komissiyalar tomonidan fuqarolarning yozma arizalariga muvofiq, 10 623 ta ovoz berish huquqini beruvchi ro‘yxatdan chiqarilganlik guvohnomalari taqdim etildi.

Ovoz berish byulletenida davlat va rus tillarida “Siz Qozog‘istonda atom elektr stansiyasi qurilishiga rozimisiz?” degan savol yozilgan bo‘lib, ovoz beruvchilar “Ha, roziman” yoki “Yo‘q, rozi emasman” tanlovlariga ovoz berdilar. Ovoz beruvchi tanlagan javobiga mos bo‘lgan kvadratga o‘z belgisini kiritdi.

 

Agar ovoz berishda ishtirok etgan fuqarolarning yarmidan ko‘pi uni qo‘llab-quvvatlab ovoz bergan bo‘lsa, referendumda ko‘tarilgan masala bo‘yicha qaror qabul qilingan hisoblanadi.

Soat 14:00 holatiga ko‘ra, referendumda ovoz berganlar soni 51,77 foizni tashkil etdi, ya’ni Qozog‘istonda atom elektr stansiyasi qurilishi bo‘yicha referendum bo‘lib o‘tgan deb hisoblandi.

 

Referendum uchastkalariga tashrifi davomida, Qozog‘iston OAV vakillarining iltimosiga ko‘ra, Markaziy saylov komissiyasi Raisi Z.Nizamxodjayev referendumga tayyorgarlik va uni o‘tkazish jarayoni, ovoz berishni kuzatish natijalari haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashgan holda intervyu berdi.

Shuningdek, Markaziy saylov komissiyasi delegatsiyasi a’zolari ovoz berish jarayoni to‘g‘risidagi ma’lumotlarga bag‘ishlangan Markaziy referendum komissiyasining brifinglarida ham ishtirok etdilar.

 

Ovoz berish jarayoni soat 20:00 ga qadar davom etdi.

 

Markaziy saylov komissiyasi

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur