24-yanvar kuni Minsk shahrida Belarus Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisligida MDHga a’zo davlatlarning saylov organlari raislari Maslahatlashuv kengashining to‘rtinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda Kengash a’zolari – Belarus Respublikasi (I.Karpenko), Qirg‘iz Respublikasi (N.Shayldabekova), Rossiya Federatsiyasi (E.Pamfilova) va O‘zbekiston Respublikasi (Z.Nizamxodjayev) hamda video-konferens aloqa rejimida Qozog‘iston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisi (N.Abdirov) ishtirok etdilar.
Shuningdek, maslahat ovozi huquqiga ega bo‘lgan MDH Bosh kotibi S.Lebedev va MDH PA Kotibiyati rahbari – Bosh kotibi D.Kobitskiy qatnashdilar.
Maslahatlashuv kengashi yig‘ilishi ishtirokchilarini MDX Bosh kotibi S.Lebedev qutladi.
Elektoral muhokamalar doirasida Kengash a’zolari quyidagi mavzularda ma’ruzalarni tingladilar: 2024-yilda Qozog‘istondagi saylov jarayonlari, Qirg‘iz Respublikasidagi yangi saylov sikllari boshlanishi – ma’muriy-hududiy islohotlar doirasidagi mahalliy saylovlar, MDHga a’zo davlatlarning saylov organlari rahbarlari Kengashi mamlakatlari o‘rtasida mintaqaviy hamkorlik istiqbollari.
Yig‘ilishda MDH PA Kengashi Kotibiyati rahbar o‘rinbosari, MDH PA DRPXI direktori I.Mushket “MDH Parlamentlararo Assambleyasining saylovlar va referendumlar bo‘yicha xalqaro kuzatuvining o‘ttiz yilligi: tajriba va istiqbollar” mavzusida ma’ruza qildi.
O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi raisi Z.Nizamxodjayev yig‘ilish ishtirokchilarini qutlar ekan, Kengash faoliyatining muhimligi va dolzarbligini ta’kidlab o‘tdi. Z.Nizamxodjayev ta’kidlaganidek, Kengashning asosiy ustuvor vazifalari MDHga a’zo davlatlar saylov organlari o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirishga ko‘maklashish, saylov jarayonlarini takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish, saylovchilar huquq va erkinliklarini ta’minlash va himoya qilish bo‘yicha huquqiy asoslarni rivojlantirish hamda demokratik saylovlarni tashkil etish va o‘tkazishdir.
Z.Nizamxodjayev Kengashning yana bir muhim vazifasi sifatida MDHga a’zo davlatlar saylov organlari faoliyati bo‘yicha ma’lumot va tajriba almashishni qayd etdi.
2024 yilgi saylov kampaniyasining ba’zi jihatlariga to‘xtalar ekan, u O‘zbekiston tarixida ilk bor mamlakatdagi davlat hokimiyatining vakillik organlariga saylovlar aralash saylov tizimi asosida o‘tkazilganligini va muvaffaqiyatli o‘tganini ta’kidladi. Saylovoldi tashviqot jarayonida aralash saylov tizimining joriy qilinishi siyosiy partiyalar o‘rtasida hamda jamiyatda demokratik muhitni kuchaytirganini ko‘rish mumkin edi.
Saylovlarni kuzatish uchun 850 nafardan ortiq xalqaro kuzatuvchi, shu jumladan, 560 nafar kuzatuvchi MDH Ijroiya qo‘mitasi va MDH PA, YEXHT DIIHB va YEXHT PA, Yevropa Kengashi, TDT, TurkPA, Osiyo PA, SHHT, IHT, IFES kabi xalqaro tashkilotlardan ishtirok etishdi. Bularning barchasi bilan O‘zbekiston xalqaro saylov standartlarini amalga oshirish bo‘yicha konstruktiv hamkorlikni olib bormoqda.
20 dan ortiq xorijiy mamlakat saylov organlari o‘z vakillarini saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish jarayonini kuzatish uchun yubordi. Saylovlarni xalqaro kuzatish amaliyotida ilk bor AQSH saylov organi vakillari ham ishtirok etdi.
Shuningdek, 245 nafar yakka tartibdagi kuzatuvchilar akkreditatsiya qilindi. Ular orasida AQSH, Buyuk Britaniya, Hindiston, Xitoy, Germaniya, Yaponiya, Turkiya, Ozarbayjon, Rossiya, Koreya, Pokiston, Fransiya, Italiya, Qirg‘iz Respublikasi va boshqa ko‘plab davlatlardan kuzatuvchilar bor edi. Ular turli tadqiqot institutlari, xavfsizlik va prognoz muassasalari, parlamentlar, konsulliklar, elchixonalar, O‘zbekistonda akkreditatsiya qilingan yetakchi oliy o‘quv yurtlari va boshqa tashkilotlarning vakillaridan iborat bo‘ldi.
Z.Nizamxodjayev, fursatdan foydalanib, MDX Ijroiya qo‘mitasi, MDH PA va Kengash a’zolariga xalqaro kuzatuvda ishtirok etish uchun o‘z delegatsiyalari va vakillarini yuborganliklari uchun minnatdorchilik bildirdi.
Shuningdek, saylovlarni 65 mingdan ortiq mahalliy kuzatuvchilar, shu jumladan, 55 mingta siyosiy partiyalardan va 10 mingdan ziyod fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan kuzatganini ta’kidlab o‘tdi.
Maslahatlashuv kengashi yig‘ilishida saylov sohasida yoshlar siyosati bo‘yicha ishchi guruhini tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Yig‘ilish natijalari bo‘yicha MSK raisi Z.Nizamxodjayev Belarus OAV vakillariga intervyu berdi.
Markaziy saylov komissiyasi