Poytaxtimizda bo‘lib o‘tgan xalqaro davra suhbatida demokratik saylovlarning o‘ziga xos xususiyatlari ham muhokama qilindi

26.09.2024

856

msk_yangiliklari_in

2024-yil 25-sentyabr kuni poytaxtimizda Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi tomonidan “Demokratik jarayonlarni yanada takomillashtirish: zamonaviy yondashuvlar va xalqaro tajriba” mavzusida xalqaro davra suhbati tashkil etildi.

 

Tadbirda Markaziy saylov komissiyasi, Oliy Majlis Senati a’zolari, Qonunchilik palatasi deputatlari va siyosiy partiyalar vakillari, Qonunchilik va huquqiy siyosat instituti, O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy Assotsiatsiyasi, “Yuksalish” harakati, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi, NNT va ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.

 

 

Markaziy saylov komissiyasi Kotibi X.Mamatov “Konstitutsiyaviy islohotlar orqali yangi saylov tizimiga o‘tishning dolzarb masalalari” mavzusida ma’ruza qildi. Ma’ruzachi saylovlar xalqning davlat hokimiyati bilan qayta aloqasini ko‘rsatib turadigan keng qamrovli, ko‘p bosqichli muhim siyosiy jarayon ekanligini ta’kidlab, joriy yilda bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari saylovi aralash saylov tizimi (majoritar va proporsional) asosida o‘tishiga, yangi saylov tizimining o‘ziga xos xususiyatlariga alohida to‘xtalib o‘tdi.

 

Ta’kidlanganidek, ushbu o‘zgarishlar saylov qonunchiligini yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiqlashtirdi. Xususan, markazlashgan saylov organlari tizimi shakllandi, parlamentni shakllantirishning yangi zamonaviy tizimi yo‘lga qo‘yildi, saylovlar jarayonida siyosiy partiyalarning ishtiroki va rolini yanada oshirish imkoniyati yaratildi.

 

 

Mazkur xalqaro miqyosdagi davra suhbatida shuningdek, Buyuk Britaniya, Kanada, Ozarbayjon, Misr, Pokiston, Rossiya kabi davlatlardan xalqaro darajadagi ekspertlar, taniqli mutaxassislar o‘z ma’ruzalari bilan qatnashdilar.

 

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur