O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasida O‘zbekiston Respublikasi Odil sudlov akademiyasining Kasbiy qayta tayyorlash kurslari Ma’muriy huquq ixtisosligi tinglovchilari uchun o‘quv amaliyot mashg‘uloti tashkil qilindi.

Tadbir ishtirokchilariga saylov qonunchiligi ilg‘or demokratik standartlarga mos ravishda tubdan takomillashtirilganligi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi saylovlarida aralash saylov tizimining joriy qilinganligi, yangi tashkil etilgan saylov organlari tizimining vazifa va funksiyalari, shuningdek qonunchilikka kiritilgan boshqa o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi.

Bundan tashqari, o‘quv amaliyot mashg‘ulotida saylov va referendumni tashkil etish hamda uni o‘tkazish sohasidagi huquqbuzarliklarga oid ishlarni ko‘rib chiqishning o‘ziga xos xususiyatlari, mamlakatimiz milliy saylov tizimida ilk bor joriy etilgan “E-saylov” axborot tizimi hamda elektron ovoz berish uskunalarining saylov jarayonidagi afzalliklari haqida tushuntirishlar berildi.

Ishtirokchilarning saylov qonunchiligiga oid fikr va mulohazalari tinglandi hamda ularni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob berildi.

Ta’kidlash joizki, Markaziy saylov komissiyasining Odil sudlov akademiyasi bilan o‘zaro hamkorligi fuqarolarning saylov huquqini keng va to‘la ta’minlash, ushbu sohadagi huquqbuzarliklarga oid ishlarni ko‘rib chiqishning samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.