Yangilangan saylov tizimi xorijiy kuzatuvchilar diqqat markazida

26.10.2024

1264

msk_yangiliklari_in

Joriy yil 27-oktyabrda mamlakatimizda yirik siyosiy jarayon - Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovlari bo‘lib o‘tadi. Yangilangan saylov qonunchiligi bo‘yicha o‘tkaziladigan bu yilgi davlat vakillik organlari saylovlariga xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar, saylov organlarining qiziqishi nihoyatda yuqori bo‘lmoqda.

 

Xususan, saylovlarni kuzatish uchun 43 ta davlatdan 245 nafar, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari byurosi, Shanxay Hamkorlik Tashkiloti, Turkiy Davlatlar Tashkiloti kabi 13 ta xalqaro tashkilotlarning  560 nafar, 24 ta xorijiy davlatlar saylov komissiyalarining 46 nafar, jami 851 nafar xalqaro va xorijiy kuzatuvchilar ishtirok etishi kutilmoqda.

 

 

Ta’kidlash joizki, xalqaro tashkilotlarning kuzatuvchilar missiyalari va delegatsiyalari saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonlarini ham uzoq muddatli, ham qisqa muddatli kuzatuvchi sifatida kuzatib boradi.

 

 

 

Shu munosabat bilan, kuzatuvchilar missiyalari a’zolariga saylov qonunchiligidagi yangiliklar, saylovlarga tayyorgarlik bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berish maqsadida “O‘zbekiston” xalqaro forumlar saroyida brifing tashkil etildi.

 

Unda 150 ga yaqin xalqaro va xorijiy kuzatuvchilar, saylov organlari va tashkilotlari vakillari, kuzatuvchilar missiyalari a’zolari ishtirok etdi.

 

  

 

Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston tarixida ilk bor Oliy Majlis Qonunchilik palatasi saylovlari aralash saylov tizimi, ya’ni majoritar-proporsional tizim asosida o‘tkaziladi. Bu yil parlamentning quyi palatasiga saylanadigan 150 deputatning 75 nafari bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha, qolgan, 75 nafari esa yagona saylov okrugi bo‘yicha siyosiy partiyalarga berilgan ovozlarga mutanosib ravishda siyosiy partiyalar tomonidan ko‘rsatilgan nomzodlar ro‘yxati asosida saylanishi qayd etib o‘tildi.

 

Shuningdek, brifing ishtirokchilariga milliy saylov amaliyotiga joriy qilingan “E-Saylov” axborot tizimi, uning afzalliklari va imkoniyatlari, saylov komissiyalari a’zolarining malakasini oshirish Konsepsiyasi asosida barcha darajadagi saylov ishtirokchilarining bilim va ko‘nikmalari oshirilganligi, saylovoldi tashviqoti jarayonida siyosiy partiyalar va nomzodlarga yaratib berilgan teng sharoitlar, tashviqotda sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish mumkinligi haqida ma’lumotlar berildi.

 

 

Qayd etish joiz, mazkur brifing kuzatuvlarni amalga oshirish dasturiga muvofiq barcha xalqaro kuzatuvchilarga monitoring va kuzatuvlarni olib borishlari uchun jarayonlarni ochib berdi.

 

Brifing so‘ngida Markaziy saylov komissiyasi rahbariyati barcha uchun ochiq va muloqotga tayyor ekanligini bildirib o‘tdi.

 

Markaziy saylov komissiyasi

Matbuot xizmati

 

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur