2026-yilning 3-fevral kuni Bangladesh Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi Elchixonasi tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisi Z. Nizamxodjayevning Bangladesh Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi M.M. Islom bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv davomida tomonlar saylovlarni tashkil etish va o‘tkazish sohasidagi ikki tomonlama hamkorlik masalalari, shuningdek, saylov organlari o‘rtasidagi kelgusidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar.

Z. Nizamxodjayev Bangladesh Xalq Respublikasi Elchisiga ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlashga bo‘lgan qiziqishi uchun minnatdorlik bildirdi.
Suhbat davomida u Komissiya faoliyati, mamlakatimiz saylov tizimi, saylov va referendumlarni o‘tkazish prinsiplari, shuningdek, saylov jarayoniga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha batafsil axborotni taqdim etdi. Saylovlarning ochiqligi, shaffofligi va qonuniyligini ta’minlash masalalariga hamda xalqaro kuzatuv amaliyotiga alohida e’tibor qaratildi.

Elchi M.M. Islom qabul va taqdim etilgan ma’lumotlar uchun minnatdorlik bildirdi. Suhbat davomida u joriy yilning 12-fevral kuni Bangladeshda o‘tkaziladigan bo‘lajak parlament saylovlari va referendum jarayonlari haqida ma’lumot berdi. Elchi mamlakatlarimiz saylov organlari o‘rtasida tajriba almashishning muhimligini ta’kidladi.
Uchrashuv konstruktiv va do‘stona muhitda o‘tdi.
Uchrashuvda Markaziy saylov komissiyasi a’zolari G. Raximova va X. Paluaniyazovlar ham ishtirok etishdi.

Markaziy saylov komissiyasi