Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga koʻrsatilgan nomzodlar roʻyxatga olindi

05.06.2023

3319

msk_yangiliklari_in

Bugun, 5-iyun kuni Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi. Unda MSK aʼzolari, siyosiy partiyalar vakillari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini oʻtkazuvchi okrug saylov komissiyalarining aʼzolari ishtirok etdi.

Majlis kun tartibidan siyosiy partiyalar tomonidan koʻrsatilgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarni roʻyxatga olish toʻgʻrisidagi, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarning saylovoldi tashviqoti va ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan oʻtkazish toʻgʻrisidagi masalalar oʻrin oldi.

Taʼkidlash joizki, joriy yilning 31-may kuni Markaziy saylov komissiyasiga Oʻzbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi hamda Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – Oʻzbekiston liberal-demokratik partiyasi1-iyun kuni Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi hamda Oʻzbekiston Ekologik partiyasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga koʻrsatilgan nomzodlarni roʻyxatga olishni soʻrab murojaat etdi va nomzodlarni qoʻllab-quvvatlovchi imzo varaqalarini taqdim etdi.

Markaziy saylov komissiyasining ekspert guruhlari joriy yil 31-may – 2-iyun kunlari yuqorida qayd etilgan 4 ta siyosiy partiyalar tomonidan taqdim etilgan fuqarolarning nomzodlarni qoʻllab-quvvatlovchi imzo varaqalari toʻgʻri toʻldirilganligini saylov qonunchiligi talablariga qatʼiy amal qilgan holda tekshirdilar.

Tekshirish natijalariga koʻra ekspert guruhlari aʼzolari siyosiy partiyalar tomonidan taqdim etilgan imzolar qonunchilik talablariga muvofiq toʻplanganligini inobatga olib, barcha 4 ta siyosiy partiyalar tomonidan toʻplangan imzo varaqalari ular tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga koʻrsatilgan nomzodlarni roʻyxatga olish uchun yetarli miqdorda hamda qonunchilik talablariga mos ekanligi toʻgʻrisida xulosaga kelganlar.

Markaziy saylov komissiyasining ishchi guruhi Ekspert guruhlari tomonidan taqdim etilgan xulosalarni inobatga olgan holda hamda siyosiy partiya taqdim etgan hujjatlar qonunchilik talabiga toʻliq mos kelishi, belgilangan tartibda va muddatda murojaat qilinganligidan kelib chiqib, siyosiy partiyalar tomonidan koʻrsatilayotgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarni roʻyxatga olish yuzasidan oʻz xulosasini taqdim etgan.

Yuqoridagilarga muvofiq, majlisda Xalq demokratik partiyasidan Ulugʻbek Ilyosovich Inoyatovni, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – Oʻzbekiston liberal-demokratik partiyasidan Shavkat Miromonovich Mirziyoyevni, Oʻzbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan Robaxon Anvarovna Maxmudovani hamda Oʻzbekiston Ekologik partiyasidan Abdushukur Xudoyqulovich Xamzayevni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod etib roʻyxatga olish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilindi.

Shuningdek, majlisda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarning saylovoldi tashviqotni oʻtkazish masalalari muhokama etildi va tegishli qaror qabul qilindi.

Qaror bilan Prezidentlikka nomzodlarning saylovoldi tashviqoti 2023-yil 7-iyundan boshlanishi qayd etilib, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasining respublika va hududiy teleradiokanallarida bepul ajratiladigan efir hajmi va vaqti, “Yangi Oʻzbekiston”, “Правда Востока”, “Xalq soʻzi”, “Народное слово” kabi Respublika gazetalarida hamda 24 nomdagi mahalliy gazetalarda bepul ajratiladigan nashr maydoni tasdiqlandi.

Ommaviy axborot vositalari saylovoldi tashviqoti davrida bepul ajratiladigan efir vaqti va nashr maydoni doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarning saylovoldi tashviqoti davrida chiqishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratadi.

Yangiliklar dasturlarida va boshqa axborot materiallarida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarning saylovoldi tadbirlarini yoritishda tenglik prinsipiga rioya etishi lozim.

Majlisda ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan oʻtkazish toʻgʻrisidagi masala ham koʻrib chiqildi. Markaziy saylov komissiyasiga kelib tushgan murojaatlar asosida 9 ta mahalliy ommaviy axborot vositasining 39 nafar vakillari akkreditatsiyadan oʻtkazildi.

Markaziy saylov komissiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur