O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi va Turkiya Oliy saylov kengashi o‘zaro hamkorlikni Memorandum bilan mustahkamladi

25.11.2026

160

msk_yangiliklari_in

Turkiya Oliy saylov kengashining taklifiga ko‘ra Markaziy saylov komissiyasi raisi Z. Nizamxodjayev boshchiligidagi delegatsiya turli davlat saylov organlari rahbarlari va ekspertlarini ilg‘or tajribalar almashish hamda saylov sohasidagi dolzarb masalalarni muhokama qilish maqsadida tashkil etilgan nufuzli xalqaro maydon bo‘lmish Xalqaro saylov forumida ishtirok etmoqda.

Tashrif dasturining muhim voqealardan biri O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi va Turkiya Oliy saylov kengashi o‘rtasida o‘zaro anglashuv to‘g‘risidagi Memorandumning imzolanishi bo‘ldi. Hujjat tizimli va uzoq muddatli hamkorlik uchun mustahkam zamin yaratadi hamda ikki tomonlama munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqadi. 

Memorandum har ikki mamlakat saylov tizimlarini modernizatsiya qilish va takomillashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli vazifalarni qamrab oladi. Birgalikdagi faoliyatning ustuvor yo‘nalishlari quyidagilardan iborat: huquqiy bazani takomillashtirish, ya’ni saylov va referendumlar to‘g‘risidagi qonunchilikni rivojlantirish sohasida tajriba almashish; texnologiyalar va xavfsizlik - zamonaviy axborot-kommunikatsiya yechimlarini joriy etish hamda saylov infratuzilmasining kiberxavfsizligini ta’minlash; saylovlarni tashkil etish va moliyalashtirish - saylov kampaniyalarini o‘tkazish va saylovlarni moliyalashtirish mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha amaliy ishlanmalarni bo‘lishish; ta’lim va ma’rifat yo‘nalishida saylov tashkilotchilarining kasbiy malakasini oshirish hamda saylov jarayoni barcha ishtirokchilarining huquqiy madaniyatini yuksaltirish.

Tomonlar belgilangan rejalarni amaliy hamkorlikning bir qator shakllari orqali amalga oshirishga kelishib olishdi.

Jumladan, hamkorlik har ikki mamlakatda saylov tartib-taomillarini o‘rganish maqsadida kuzatuvchilarni saylov va referendumlarga o‘zaro taklif etishni nazarda tutadi. Bundan tashqari, idoralar normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ham o‘z ichiga olgan axborot, uslubiy va tahliliy materiallar bilan muntazam almashib turadilar. Hamkorlik dasturi shuningdek, maslahatlashuvlar o‘tkazish maqsadida delegatsiyalar va ekspertlarning o‘zaro tashriflarini, qo‘shma konferensiyalar, seminarlar va davra suhbatlarini tashkil etishni o‘z ichiga oladi. Zarurat tug‘ilganda tomonlar o‘zaro kelishuv asosida ishning boshqa shakllaridan ham foydalanishlari mumkin bo‘ladi.

Memorandumning imzolanishi idoralarning shaffof va konstruktiv muloqot hamda bilim va ko‘nikmalarni o‘zliksiz almashinuvidan o‘zaro manfaatdorligining tasdig‘i bo‘ldi.

Delegatsiyaning Antaliyadagi xalqaro saylov forumi doirasidagi ishi davom etmoqda.

 

Markaziy saylov komissiyasi

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur