O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Raisi Zayniddin NIZAMXODJAYEVning Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlarga saylovlarning dastlabki natijalariga bag‘ishlangan MATBUOT ANJUMANIDAGI NUTQI

28.10.2024

3958

msk_yangiliklari_in

MSK matbuot markazi.

2024-yil 28-oktabr, soat: 11:00. 

 

Hurmatli anjuman ishtirokchilari!

Xonimlar va janoblar! 

 

Kecha, 27-oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Xalq deputatlari viloyat va Toshkent shahar, tuman va shahar kengashlariga saylovlar bo‘lib o‘tdi. 

 

Aholining Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlar deputatligiga nomzod ko‘rsatish va saylovlar jarayoniga qiziqishini sezilarli darajada oshgani kuni kecha barcha bosqichlari ochiqlik, oshkoralik va shaffoflik asosida o‘tkazilgan saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishda yaqqol sezildi.

 

Bu galgi saylovlarda mamlakatimiz tarixida birinchi marta aralash saylov tizimi sinovdan muvaffaqiyatli o‘tdi. Aralash saylov tizimining joriy etilishi siyosiy partiyalar o‘rtasidagi raqobatni kuchaytirib, jamiyatimizdagi demokratik muhitga yangi quvvat bag‘ishlagani saylovoldi tashviqoti davomida yaqqol namoyon bo‘ldi.

 

Saylovni 850 dan ortiq xorijiy va xalqaro kuzatuvchilar kuzatib bordi.

 

Ayni paytda, siyosiy partiyalardan 55 ming nafar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan 10 ming nafardan ziyod kuzatuvchi saylovni bevosita kuzatib bordi.

 

Saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish arafasida ishga tushirilgan “E-saylov” axborot tizimi yordamida saylov jarayonining ko‘plab tartib-taomillari raqamlashtirilib, byurokratik to‘siqlari keskin kamaytirildi va shaffofligi oshirildi.

 

Mamlakatimiz tarixida ilk marotaba Toshkent shahridagi ayrim saylov uchastkalarida saylov kuni elektron ovoz berish tajriba-sinov tariqasida joriy etildi.

 

Qayd etish lozimki, elektron ovoz berish uskunalari ovoz berish va saylov natijalarini tezkor aniqlash, ovoz berish jarayonlarining qonuniyligini ta’minlash, saylov komissiyalarining ish hajmini maqbullashtirishga xizmat qildi.

 

Saylov kuni saylov jarayonini real vaqt rejimida (onlayn) video-translyatsiya qilish maqsadida mamlakatimizning tuman va shaharlari hududidagi tegishli texnik talablarga muvofiq bo‘lgan saylov uchastkalarida videokameralar o‘rnatildi.

 

Bu Markaziy saylov komissiyasining Matbuot markazidagi ekranlarida, saylov.uz rasmiy veb-saytida hamda O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining “O‘zbekiston 24” va boshqa telekanallarida ovoz berish jarayonini onlayn kuzatish imkonini berdi.

 

Saylov uchastkalaridan video-translyatsiyani millionlab fuqarolar kuzatib bordi.

 

Saylov kampaniyasi davrida Markaziy saylov komissiyasining Matbuot markazi va uning viloyatlardagi filiallarida saylov jarayonining barcha ishtirokchilari uchun media-maydon yaratildi. Ularda yuzlab matbuot anjumanlari, seminarlar, brifinglar, intervyular, uchrashuvlar o‘tkazildi. 

 

Tadbirlarda Markaziy saylov komissiyasi, Oliy sudi, Bosh prokuraturasi, Tashqi ishlar, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar, Adliya, Energetika, Raqamli texnologiyalar vazirliklari, Milliy gvardiya rahbarlari, hududlardagi saylov komissiyalari raislarining axborotlari tinglandi.

 

Bularning barchasi saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishni yuksak demokratik tamoyillar darajasida tashkil etish, fuqarolarning saylov huquqlarini to‘liq amalga oshirish, davlat hokimiyati organlarini shakllantirishda siyosiy partiyalarning faol ishtirokini ta’minlash uchun keng sharoitlar yaratish imkonini berdi.

 

Hurmatli matbuot anjumani qatnashchilari!

 

Bu yilgi saylovlarning o‘ziga xos jihatlaridan yana biri – saylovchilarning fuqarolik mas’uliyati, mamlakatda amalga oshirilayotgan tub islohotlarga daxldorlik tuyg‘usining yanada oshganligi bilan bog‘liq.

 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Xalq deputatlari viloyat va Toshkent shahar, tuman va shahar kengashlariga saylovlarda jami 15 mln 27 ming 529 nafar saylovchi ovoz berdi. Bu ovoz bergan saylovchilar umumiy sonining 74,72 foizidan iboratdir. 

 

16 – 23-oktyabr kunlari bo‘lib o‘tgan muddatidan oldin ovoz berish jarayonida mamlakatimiz hududida – 1 mln 15 ming 948 nafar, xorijda esa 132 ming 667 nafar saylovchi ovoz berdi.

 

Saylovlarda xorijda istiqomat qilayotgan barcha vatandoshlarimiz uchun ovoz berish imkoniyati yaratildi. 40 ta mamlakatda tashkil etilgan 57 ta saylov uchastkalarida jami 140 ming 388 nafar saylovchi ovoz berdi.

 

Saylov kodeksiga ko‘ra, Qonunchilik palatasiga saylovda yagona saylov okrugi bo‘yicha ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning kamida yetti foiz ovozini olgan siyosiy partiya belgilangan tartibda mandatga ega bo‘ladi.

 

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Yagona saylov okrugi bo‘yicha Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga deputatlar saylovi natijalari quyidagicha bo‘ldi:

 

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi – 5 mln 194 ming 41 ta yoki 34,75 foiz ovoz to‘pladi va taqsimotga ko‘ra 26 ta deputatlik o‘rniga ega bo‘ldi;

O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi – 2 mln 812 ming 493 ta yoki 18,82 foiz ovoz to‘pladi va taqsimotga ko‘ra 14 ta deputatlik o‘rniga ega bo‘ldi;

O‘zbekiston Ekologik partiyasi – 1 mln 960 ming 764 ta yoki 13,12 foiz ovoz to‘pladi va taqsimotga ko‘ra 10 ta deputatlik o‘rniga ega bo‘ldi;

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi – 2 mln 558 ming 16 ta yoki 17,11 foiz ovoz to‘pladi va taqsimotga ko‘ra 13 ta deputatlik o‘rniga ega bo‘ldi;

O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi 2 mln 420 ming 857 ta yoki 16,20 foiz ovoz to‘pladi va taqsimotga ko‘ra 12 ta deputatlik o‘rniga ega bo‘ldi.

 

 

Saylovda bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning boshqa nomzodlarga nisbatan ko‘proq ovozini olgan nomzod saylangan deb hisoblanadi.

 

Bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha Qonunchilik palatasiga saylangan 75 nafar deputatlar tarkibining partiyaviy mansubligi quyidagicha:

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi – 38 nafar,

O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi – 15 nafar, O‘zbekiston Ekologik partiyasi – 6 nafar,

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi – 7 nafar,

 O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi – 9 nafar deputat etib saylandi. 

 

Ikkita saylov tizimi bo‘yicha, ya’ni deputatlikka nomzodlarga va partiyalarga berilgan ovozlar bo‘yicha Qonunchilik palatasiga saylangan jami 150 nafar deputatlar tarkibining partiyaviy mansubligi quyidagicha:

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan – 64 ta o‘rin yoki 42,7 foiz,

O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan – 29 ta o‘rin yoki 19,3 foiz,

O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan – 21 ta o‘rin yoki 14 foiz, 

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan – 20 ta o‘rin yoki 13,3 foiz,

O‘zbekiston Ekologik partiyasidan – 16 ta o‘rin yoki 10,7 foiz

 

Davlat hokimiyati vakillik organlariga o‘tkazilgan saylovlar bo‘yicha saylovga doir qonunchilik talablari qo‘pol ravishda buzilganligi holatlari haqida xabar va ma’lumotlar tushmadi.

 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlariga 27-oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan saylov demokratik huquqiy davlat qurish va fuqarolik jamiyatini shakllantirish, aholi farovonligini yanada yuksaltirish, o‘z oldimizga qo‘ygan yuksak maqsadlarga erishish yo‘lida xalqimiz ahillik, o‘zaro hamjihatlikda harakat qilayotganini yana bir bor namoyish etdi. 

 

Shu bilan birga, yuqori turuvchi saylov komissiyalari tomonidan ovoz berish jarayonini tashkil etish bo‘yicha uchastka saylov komissiyalari faoliyatini monitoring qilish natijasida ayrim kamchiliklar ham aniqlandi. Jumladan:

 

– ayrim saylov uchastkalaridagi ovoz berish xonalarida saylov jihozlarini Markaziy saylov komissiyasi tomonidan belgilangan talablar asosida joylashtirilmaganligi;

– ba’zi saylov uchastkalarida uchastka saylov komissiyalari a’zolari fuqaroga shaxsini tasdiqlovchi hujjatning mobil telefondagi elektron fotosurati asosida saylov byulletenlari berish holatlari;

– uchastka saylov komissiyalar faoliyatiga ko‘ngillilarni jalb qilib, ulardan foydalanganligi;

– saylovchilar ro‘yxatida bo‘lmagan fuqaroni saylovchilar ro‘yxati ilovasiga kiritishda Markaziy saylov komissiyasining qarorida belgilangan harakatlar ketma-ketligiga to‘liq rioya etilmaganligi;

– bitta yashirin ovoz berish kabinasiga bir nechta saylovchilarning bir vaqtning o‘zida ovoz berishiga ayrim komissiyalar tomonidan yo‘l qo‘yib berilganligi;

 

Alohida ta’kidlash kerakki, qonunchilikka asosan javobgarlikka olib keladigan holatlar yuqori turuvchi saylov komissiyalari tomonidan batafsil o‘rganib chiqildi.

 

Shuningdek, ayrim hududlarda kunning birinchi yarmida vaqti vaqti bilan Saylov jarayonlarini boshqarish axborot tizimida qisqa muddat texnik uzilishlar kuzatilgan. Lekin bu uzilishlar uchastka saylov komissiyalarining faoliyatiga yoki saylovchilarning ovoz berishiga hech qanday ta’sir ko‘rsatmadi. Sababi ovoz berish jarayonlari axborot tizimiga bog‘liq emas, saylovchilar ro‘yxatlari dastlab chop etilgan bo‘ladi. Saylov kuni mazkur axborot tizimidan faqatgina ovoz bergan saylovchilar sonini belgilash hamda, zarur bo‘lganda, ro‘yxatda bo‘lmagan saylovchining aniqlash uchun foydalaniladi. Barcha muammolar Raqamli texnologiyalar vazirligi mutaxassislari tomonidan tezkorlik bilan bartaraf etildi.

 

Umuman olganda yuqorida qayd etilgan kamchiliklar saylovlarni tashkil etish va o‘tkazish hamda ularning natijalarini chiqarishning qonuniyligiga ta’sir ko‘rsatmaydi.

 

Biz bo‘lib o‘tgan saylov jarayonlari bilan bog‘liq barcha ma’lumotlarni tizimli o‘rganib, uning xulosalarini xalqaro kuzatuvchilar hamda ekspertlar ishtirokida muhokama qilishni rejalashtirdik. Bu muhokamalarda o‘tgan saylov jarayonlari atroflicha tahlil qilib, saylov qonunchiligi va amaliyotini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari belgilab olinadi.

 

 

Fursatdan foydalanib, saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish va uni yuqori saviyada o‘tkazishda o‘z xissasini qo‘shgan saylov komissiyalari a’zolariga, vazirlik va idoralarga, shuningdek, saylovlarni keng yoritishda ko‘maklashgan ommaviy axborot vositalariga o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz. Barchaga tashakkur.

 

E’tiboringiz uchun rahmat!

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur