O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi eng yaxshi amaliyotlar va tashabbuslar uchun mukofoti g‘olibi bo‘ldi

19.10.2026

228

msk_yangiliklari_in

2026-yil 13-17-oktabr kunlari Filippin Respublikasining Manila shahrida Butunjahon Saylov Organlari Assotsiatsiyasining (A-WEB) 7-Bosh assambleyasi bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbir saylov organlari assotsiatsiyasiga a’zo bo‘lgan turli davlatlarning milliy saylov organlari vakillarini bir maydonda jamlab, saylov tizimlarini rivojlantirish, saylov jarayonlarini takomillashtirish hamda xalqaro hamkorlikni mustahkamlashning dolzarb masalalarini muhokama qilish imkonini berdi.

 

Assambleya doirasidagi tadbirlarda mamlakatimiz nomidan Markaziy saylov komissiyasi raisi o‘rinbosari B. Kuchkarov va Komissiya a’zosi G. Raximovalar ishtirok etdi.

 

Forum doirasida O‘zbekiston uchun muhim voqealardan biri mamlakatimizning saylov tizimini raqamlashtirish sohasida erishgan yutuqlari xalqaro miqyosda e’tirof etilgani bo‘ldi.

 

 

 

BSOA Ijroiya kengashining 14-yig‘ilishi doirasida tashkil etilgan tanlov yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi eng yaxshi amaliyotlar va tashabbuslar uchun BSOA mukofotiga sazovor bo‘lib, g‘oliblar qatoriga kirdi.

 

Mukofot sovrindorlarining yakuniy soni arizalar topshirishdagi umumiy faollik, mukofotning yuksak maqomi va baholash ballarining taqsimoti  hisobga olgan holda o‘tkazilgan atroflicha tahlil asosida shakllantirildi. Kuchli raqobat sharoitida O‘zbekiston MSK loyihasi g‘oliblar qatoriga kiritilgani uning saylov tizimlarini rivojlantirish va saylovlarni boshqarish amaliyotini takomillashtirishga qo‘shgan salmoqli hissasi e’tirof etilganidan bevosita dalolat beradi.

 

O‘zbekiston bilan bir qatorda Albaniya Markaziy saylov komissiyasi (xorijda istiqomat qiluvchi saylovchilarni ro‘yxatga olish va saylovchilar ro‘yxatlarini boshqarish uchun elektron platformani ishlab chiqqani) va  Meksika Milliy saylov instituti (yangi saylov islohoti doirasida saylov jarayonini muvaffaqiyatli tashkil etgani uchun) yuksak mukofotlarga sazovor bo‘ldi.

 

 

G‘olib deb topilgan tashabbuslar Butunjahon Saylov Organlari Assotsiatsiyasining veb-portalida e’lon qilinadi. Mazkur platforma saylovlarni boshqarish sohasidagi bilimlar va ilg‘or tajribalarning yagona bazasi vazifasini bajarib, dunyoning 110 ta mamlakatida faoliyat yuritayotgan BSOAga a’zo 120 ta tashkilot uchun strategik ishlanmalar va ilg‘or tajribalardan foydalanish imkoniyatini yaratadi.

 

 

Mamlakatimizning saylov sohasidagi yutuqlari xalqaro miqyosda e’tirof etilgani saylovlarni tashkil etish va boshqarishda raqamli vositalarni joriy etish borasida O‘zbekiston tajribasiga xalqaro qiziqish yuqori ekanining yorqin tasdig‘i bo‘ldi. Shuningdek, mazkur e’tirof ilg‘or tajribalar almashinuvi hamda saylovlarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirishda zamonaviy texnologiyalardan foydalanish muhim ahamiyatga ega ekanini yana bir bor namoyon etdi.

 

Markaziy saylov komissiyasi

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur