O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi raisi MDHga a’zo davlatlar saylov organlari rahbarlari Maslahat kengashining yig‘ilishida ishtirok etdi

02.10.2025

201

msk_yangiliklari_in

2025-yil 30-sentabr kuni Qozog‘iston Markaziy saylov komissiyasi raisligida MDHga a’zo davlatlar saylov organlari rahbarlari Maslahat kengashining oltinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

 

Akmola viloyati Burabay shahrida bo‘lib o‘tgan majlisda Maslahat kengashi a’zolari – Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya Federatsiyasi, O‘zbekiston va Tojikiston markaziy saylov organlari rahbarlari ishtirok etdilar.

Shuningdek, majlisda maslahat ovozi huquqi bilan MDH Ijroiya qo‘mitasi va MDH PA Kotibiyati vakillari qatnashdilar.

 

Maslahat kengashi ishtirokchilariga video murojaat orqali MDH Parlamentlararo Assambleyasi Bosh kotibi D. Kobitskiy so‘z bilan chiqdi.

 

Elektoral muhokama doirasida Maslahat kengashi a’zolari 2026-yilda Armaniston Respublikasida bo‘lib o‘tadigan parlament saylovlari munosabati bilan saylov qonunchiligidagi yangiliklar, Qozog‘iston Respublikasida mahalliy saylovlar va siyosiy tizimni yanada takomillashtirish, Qirg‘iz Respublikasida 2025-yilda o‘tkazilgan saylov jarayonlari, Rossiya Federatsiyasida 2025-yil 14-sentabrda o‘tkazilgan umumiy ovoz berish kunining yakunlari, Tojikiston Respublikasida mahalliy xalq deputatlari majlislari tarkibidan chiqib ketgan deputatlar o‘rniga o‘tkazilgan saylovlar haqidagi ma’ruzalarni tingladilar.

 

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Raisi mamlakatda 2024-yilda parlament va mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlariga o‘tkazilgan saylovlardan keyingi davrda MSK faoliyatining ayrim jihatlari bo‘yicha ma’lumot berdi.

Z. Nizamxodjayev ta’kidlaganidek, saylovdan keyingi davrda saylov organlari oldidagi ustuvor vazifalardan biri – xalqaro kuzatuvchilar taqdim etgan hisobotlar, tavsiyalar va takliflarni chuqur tahlil qilishdir. Ushbu tahlil saylov jarayonining xalqaro standartlarga muvofiqligini baholash, shuningdek optimallashtirish va takomillashtirish mumkin bo‘lgan sohalarni aniqlashga qaratilgan.

 

Har bir o‘tgan saylovlarni kuzatgan xalqaro missiyalarning yakuniy hujjati bo‘yicha amaldagi qonunchilikni tushuntirgan holda sharhlar tayyorlanadi. Shu bilan birga xalqaro amaliyot, jumladan, xalqaro saylov standartlari, huquqiy baza va xorijiy mamlakatlar tajribasi tahlil qilinadi.

Natijada ularni amalga oshirish bo‘yicha ko‘rilishi mumkin yoki qabul qilingan chora-tadbirlar, saylovlarning tashkiliy-huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish yo‘nalishlari aks etgan Yo‘l xaritasi ishlab chiqildi.

 

Majlisda Maslahat kengashi huzuridagi saylov sohasida yoshlar siyosati bo‘yicha ishchi guruhi, MDH PA DRMXI va uning filiallarining MDH Parlamentlararo Assambleyasi ishtirokchi davlatlarida yoshlarning huquqiy madaniyati va saylov faolligini oshirish borasida o‘zaro hamkorligi, Maslahat kengashi a’zolarining Butunjahon saylov organlari assotsiatsiyasi (A-WEB) faoliyatida ishtirok etishi hamda boshqa tashkiliy masalalar ko‘rib chiqildi.

Joriy yilning 1-oktabr kuni “Saylov jarayoni ishtirokchilarining elektoral madaniyatini shakllantirish” mavzusida xalqaro davra suhbati o‘tkazildi.

 

Unda ishtirokchilar tajriba almashib, saylovchilar, nomzodlar, saylov komissiyalari a’zolari va boshqa ishtirokchilarning xabardorligi hamda huquqiy madaniyatini oshirish bilan bog‘liq dolzarb masalalarni muhokama qildilar.

 

Davra suhbatida O‘zbekiston MSK a’zosi G. Raximova o‘z ma’ruzasida 2024-yilda O‘zbekistonda parlament va mahalliy saylovlarga tayyorgarlik va ularni o‘tkazish jarayonida Axborot strategiyasini amalga oshirishning asosiy jihatlari haqida ma’lumot berdi. Saylov jarayoni haqida barcha ishtirokchilar uchun ma’lumotlarning ochiqligi va shaffofligini ta’minlash, shuningdek, ishtirokchilarning qoidalar va tartib-taomillar haqida xabardorligini oshirish maqsad qilib qo‘yilgani ta’kidlandi.

Maslahat kengashi tadbirlari doirasida onlayn formatda MDHga a’zo davlatlarning saylov organlari rahbarlari Maslahat kengashi huzuridagi saylov sohasida yoshlar siyosati bo‘yicha ishchi guruhning birinchi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Shuningdek, tadbir tashkilotchilari tomonidan MDHga a’zo davlatlarning saylov organlari tomonidan tayyorlangan huquqiy ma’rifat, saylovda ishtirok etish madaniyatini shakllantirish sohasidagi tajribalarni aks ettiruvchi uslubiy materiallar ko‘rgazmasi tashkil etildi.

O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi bo‘limi 2024-yilgi saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish borasida ishlab chiqilgan qator o‘quv-uslubiy va axborot materiallari bilan taqdim etildi.

MDHga a’zo davlatlar saylov organlari vakillarida interaktiv ekranlarda namoyish etilgan O‘zbekiston saylov tizimi rivojlanish tarixiga bag‘ishlangan «Saylovlar: kecha va bugun» nomli videofilm katta qiziqish uyg‘otdi.

 

Tashrif doirasida O‘zbekiston va Qozog‘iston MSK raislarining uchrashuvi hamda qator boshqa ikki tomonlama uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.

Markaziy saylov komissiyasi

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur