O‘zbekiston delegatsiyasi Qozog‘istonda bo‘lib o‘tgan konstitutsiyaviy referendum jarayonlari kuzatuvida ishtirok etdi

16.03.2026

226

msk_yangiliklari_in

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisi Z. Nizamxodjayev boshchiligidagi delegatsiya 2026-yilning 15-mart kuni bo‘lib o‘tgan Qozog‘iston Respublikasi yangi Konstitutsiyasi loyihasi bo‘yicha respublika referendumiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonini xalqaro kuzatuv dasturida ishtirok etdi.

 

Qozog‘iston Respublikasi Referendum bo‘yicha markaziy komissiyasi tomonidan 38 ta xorijiy davlat va 11 ta xalqaro tashkilotdan 359 nafar vakillar akkreditatsiyadan o‘tkazildi.

 

O‘zbekiston delegatsiyasi MSK a’zolari va MSK Kotibiyati xodimlaridan iborat bo‘ldi. Shuningdek, delegatsiya tarkibiga parlament palatalari a’zolari hamda Toshkent, Sirdaryo va Jizzax viloyatlari hududiy saylov komissiyalari vakillari ham kiritildi.

 

14-mart kuni delegatsiya a’zolari Qozog‘iston RMK tomonidan tashkil etilgan brifingda ishtirok etdilar.

 

 

 

Ta’kidlanganidek, referendumga quyidagi savol qo‘yildi: “2026-yilning 12-fevral kuni ommaviy axborot vositalarida e’lon qilingan Qozog‘iston Respublikasining yangi Konstitutsiyasi loyihasini qabul qilasizmi?”.

 

Respublika referendumi tayinlangan paytdan boshlab tegishli saylov komissiyalari referendum komissiyalari funksiyalarini bajarib, referendumga tayyorgarlik va o‘tkazishni amalga oshirdilar. Referendum tayinlangan kundan boshlab ovoz berish kunigacha bo‘lgan saylov kampaniyasining umumiy davomiyligi 32 kunni tashkil etdi.

 

 

 

Referendumga tayyorgarlik jarayonida jami 10 388 ta ovoz berish uchastkasi tashkil etildi. Uchastkalar fuqarolarning doimiy yashash joylarida hamda vaqtincha bo‘lib turgan joylarida tashkil qilindi. Shu bilan birga, 64 ta xorijiy davlatda 82 ta uchastka joylashtirildi. Referendum kuni 55 ta xorijiy davlatda 71 ta uchastka faoliyat yuritdi.

 

Referendumda ishtirok etish huquqiga ega bo‘lgan fuqarolarning umumiy soni 12 461 796 nafarni tashkil etdi.

 

Ta’kidlanganidek, tayyorgarlik jarayonida komissiya a’zolarini o‘qitishga alohida e’tibor qaratildi. Turli darajadagi komissiya a’zolarining 71 ming nafardan ortig‘ini qamrab olgan 5 800 dan ziyod o‘quv seminarlar o‘tkazildi. Bundan tashqari, hududlarda referendum jarayoni ishtirokchilarining qariyb 3 800 nafari qatnashgan 170 dan ortiq mavzuga oid seminarlar tashkil etildi.

 

Ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash maqsadida Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasining Saylov ta’limi markazi platformasida akkreditatsiyadan o‘tgan jamoat birlashmalari, nodavlat notijorat tashkilotlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari uchun maxsus onlayn seminar tashkil etildi. Tadbirda 500 nafardan ortiq kishi ishtirok etdi.

 

Kunning ikkinchi yarmida O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari Z. Nizamxodjayev Qozog‘iston RMK raisi N. Abdirov bilan uchrashuv o‘tkazdi. 

 

   

 

Uchrashuv doirasida konstitutsiyaviy referendumga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishning joriy holati haqida batafsil ma’lumot taqdim etildi.

 

Bundan tashqari, ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlash va rivojlantirish masalalari ham ko‘rib chiqildi.

 

 

Sukunat kuni delegatsiya a’zolari referendumni o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida poytaxtdagi komissiyalar faoliyati bilan tanishdilar.

 

   

 

15-mart kuni delegatsiya a’zolari referendumni xalqaro kuzatish missiyalari doirasida Ostona shahri va uning atrofida, shuningdek Sariag‘ash va Chimkent shaharlarida joylashgan uchastkalarga tashrif buyurdilar.

 

 

 

 

Ovoz berish jarayoni mahalliy vaqt bilan soat 7:00 dan 20:00 gacha davom etdi.

 

Delegatsiya a’zolari referendum uchastkalarida ovoz berish jarayonini qulay va to‘sqinliksiz sharoitlarda o‘tkazish uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilganini qayd etdilar.

 

   

 

Referendum o‘tkazilayotgan davrda ushbu shaharlarda bo‘lgan fuqarolar rasmiy hujjat hisoblangan va doimiy ro‘yxatdan o‘tgan joyidan tashqarida ya’ni o‘zlari tanlagan istalgan ovoz berish uchastkasida ovoz berish imkonini beruvchi ovoz berish guvohnomasidan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

 

     

 

Uchastkalarda yangi Konstitutsiya loyihasi matni bilan tanishish, shuningdek uning qozoq va rus tillaridagi audio versiyasini tinglash imkoniyati ham ta’minlandi.

 

 

16-mart kuni O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari referendumning dastlabki natijalari taqdim etilgan RMK brifingida ishtirok etdilar.

 

   

 

Ma’lum qilinishicha, Qozog‘iston qonunchiligiga muvofiq referendumning yakuniy natijalari RMK tomonidan chiqariladi hamda ular ovoz berish kunidan keyin yetti kun ichida e’lon qilinishi lozim.

 

E’lon qilingan dastlabki natijalarga ko‘ra, butun Qozog‘iston bo‘yicha ovoz berishda qatnashganlar soni ovoz berish ro‘yxatlariga kiritilgan fuqarolarning 73,12 foizini tashkil etdi.

 

Referendumga qo‘yilgan masala bo‘yicha ijobiy qarorni qo‘llab-quvvatlab ovoz bergan fuqarolar soni 7 million 954 ming 667 nafarni yoki 87,15 foizni tashkil etdi.

 

 

Shuningdek, delegatsiya a’zolari Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Shanxay Hamkorlik Tashkiloti va Turkiy Davlatlar Tashkilotidan referendumni kuzatish bo‘yicha missiyalar brifinglarida ham ishtirok etdilar.

 

 

 

Delegatsiya tashrifi doirasida MSK raisi Z. Nizamxodjayev xorijiy hamkasblari va xalqaro kuzatuv missiyalari rahbarlari bilan ham uchrashuvlar o‘tkazdi.

 

Markaziy saylov komissiyasi

 

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur