O‘zbekiston va Belarus Markaziy saylov komissiyalari raislarining uchrashuvi to‘g‘risida

23.01.2025

564

msk_yangiliklari_in

O‘zbekiston Respublikasi MSK raisi Z.Nizamxodjayev boshchiligidagi delegatsiya Belarus Respublikasi Prezidenti saylovlariga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonlari kuzatuvini boshladi.

 

Bugun Minsk shahrida O‘zbekiston MSK raisi Z.Nizamxodjayev va Belarus MSK raisi I.Karpenko o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

 

O‘zbekiston MSK raisi Z.Nizamxodjayev Belarus Prezidenti saylovlari kabi mamlakatning kelajagini belgilab beradigan muhim siyosiy tadbirda ishtirok etish uchun taklif qilgani uchun I.Karpenkoga o‘z minnatdorchiligini bildirdi.

 

 

Uchrashuv ishtirokchilari saylov sohasidagi hamkorlikning ijobiy dinamikasiga alohida e’tibor qaratdilar.

 

Ta’kidlanganidek, har ikki mamlakat MSKlari Butunjahon Saylov Organlari Assotsiatsiyasi (BSOA) va Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) davlatlari saylov organlari rahbarlarining Maslahatlashuv kengashi a’zosi hisoblanadi.

 

Ikki davlat saylov organlari saylov tizimini yanada isloh qilish, uni barqarorlik va inklyuzivlik, shaffoflik hamda qonuniylikni ta’minlashga qaratilgan faol harakatlarni amalga oshirmoqda.

 

"Umumiy maqsad va tamoyillarimizni hisobga olgan holda, o‘tgan yili hamkorligimizni rasmiylashtirib, O‘zbekiston va Belarus MSKlari o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi Protokolni imzoladik. Bu bizning sheriklik munosabatlarimizni yangi darajaga olib chiqdi", – dedi Z.Nizamxodjayev.

 

 

U, shuningdek, har ikki davlat saylov organlari o‘rtasida doimiy ravishda tajriba, axborot va ilg‘or amaliyot almashinuvi amalga oshirilayotganligini aytib o‘tdi. Milliy saylov kampaniyalarini monitoring qilish uchun kuzatuvchilarni o‘zaro taklif qilish hamkorlikning samarali shakllaridan biri ekanligi ta’kidlandi.

 

Bu galgi tashrif doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi ikki tomonlama hamkorlik doirasida nafaqat Markaziy saylov komissiyasi, balki Oliy Majlis Senati hamda Qonunchilik palatasi, Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) vakillaridan iborat tarkibda MDH Ijroiya qo‘mitasi, MDH Parlamentlararo Assambleyasi, Shanxay Hamkorlik Tashkiloti va Milliy Majlis palatalari taklifiga ko‘ra kuzatuvchi missiyasida ishtirok etmoqda.

 

 

Belarus MSK raisi I.Karpenko O‘zbekiston delegatsiyasining prezidentlik saylovlarini xalqaro kuzatishda ishtirok etayotganini qutlar ekan, mamlakat siyosiy hayotidagi muhim voqeaga bo‘lgan bunday e’tibor uchun minnatdorlik bildirdi.

 

I.Karpenko saylovga tayyorgarlik ko‘rish jarayonlari to‘g‘risida ma’lumot berdi. Belarus Prezidenti saylovini kuzatish uchun 474 nafar xalqaro kuzatuvchi akkreditatsiya qilingan bo‘lib, ular orasida MDH missiya vakillari jami 280 nafar, shundan Ijroiya qo‘mita (216 nafar) va MDH Parlamentlararo Assambleyasi (64 nafar), MDH davlatlari parlament vakillari (10 nafar), SHHT (17 nafar), KXSHT (16 nafar), Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari konferensiyasi hamda Qo‘shilmaslik harakati yoshlar tashkiloti (2 nafardan), shuningdek, 35 nafar xorijiy mamlakat saylov organi vakillari va 112 nafar mustaqil ekspert vakillari mavjud.

 

 

Shuningdek, I.Karpenko saylov uchastkalarining jihozlanishi va ovoz berishga tayyorgarligini tekshirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar haqida axborot berib, nogironlar uchun zarur shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha ko‘rilgan chora-tadbirlarga to‘xtaldi. Fuqarolarning xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha choralarga alohida e’tibor qaratilganligini, ushbu maqsadlarda saylov uchastkalarida videokuzatuv kameralari va maxsus ogohlantirish tugmalari o‘rnatilganligini ma’lum qildi.

 

I.Karpenko, shuningdek, Belarus Respublikasi Prezidenti saylovini kuzatish bo‘yicha Jamoatchilik kuzatuv markazi faoliyati boshlangani haqida ma’lumot berdi. Ushbu Markaz saylov jarayonini kuzatish uchun mamlakatning yirik jamoatchilik birlashmalari va siyosiy partiyalari vakillarini birlashtirgan. Mamlakatdagi saylov jarayonini jami 44 361 nafar mahalliy kuzatuvchilar nazorat qilmoqda.

 

 

21-yanvardan 25-yanvarga qadar mamlakat bo‘ylab o‘tkazilayotgan muddatidan oldin ovoz berish jarayoniga to‘xtalib o‘tib, u muddatidan oldin ovoz berish fuqarolarning saylov jarayonidagi faolligini namoyon etishini alohida qayd etib o‘tdi. Ikki kun davomida muddatidan oldin ovoz berishda saylovchilar ro‘yxatiga kiritilgan fuqarolarning shu vaqtga qadar 17,67 foizi ishtirok etgan.

 

Uchrashuv davomida ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

 

Uchrashuvda O‘zbekiston MSK a’zolari A.Farmanov va G.Raximovalar ham ishtirok etishdi.

 

Markaziy saylov komissiyasi

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur