01.09.2026

87

msk_yangiliklari_in

Shu kunlarda mamlakatimizda jonajon Vatanimiz — O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi ko‘tarinki ruh va bayramona kayfiyat bilan keng nishonlanmoqda. Barcha yurtdoshlarimizni ana shu ulug‘ va muqaddas ayyom bilan chin qalbdan tabriklaymiz.

 

Bu yil eng aziz bayramimiz “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” degan ezgu g‘oya asosida nishonlanayotgani chuqur ramziy ma’noga ega. Zero, o‘tgan o‘ttiz besh yil davomida erishgan barcha yutuqlarimiz zamirida xalqimizning birdamligi, mehnatsevarligi va Vatanga bo‘lgan cheksiz muhabbati mujassamdir.

 

Bugungi kunda mamlakatimizda ta’lim va tarbiya, aholi farovonligi, ijtimoiy himoya hamda inson salohiyatini ro‘yobga chiqarish islohotlarning asosiy ustuvor yo‘nalishlari sifatida mustahkam qaror topgan. Yurtimizning tinchligi va osoyishtaligi, qo‘shni davlatlar bilan do‘stona va o‘zaro manfaatli munosabatlarimiz esa xalqimiz farovon hayotining eng mustahkam kafolatidir.

 

Alohida quvonarli jihati shundaki, bugun mustaqillik yillarida tug‘ilib, voyaga yetgan avlod yurt taraqqiyotining faol ishtirokchisiga aylandi. 1991-yilda tug‘ilgan yoshlar bugungi kunda davlat boshqaruvida, iqtisodiyot, ilm-fan, ta’lim va yuqori texnologiyalar sohalarida dadil faoliyat yuritmoqda. Ana shu yangi avlodning bilimi, izlanuvchanligi va Vatanga daxldorlik tuyg‘usi — mustaqilligimizning eng qimmatli va eng ishonchli natijasidir.

 

Bugun ozod va obod Vatanimizda yashayotganimizdan faxrlanish barobarida, mustaqilligimizning qadriga yetish, uni asrab-avaylash va yurtimiz ravnaqi yo‘lida har birimiz o‘zimizning munosib hissamizni qo‘shishimiz muqaddas burchimizdir.

 

Ushbu muborak kunlarda eng avvalo, el-yurtimizga tinchlik-xotirjamlik, qut-baraka, barchangizga mustahkam sihat-salomatlik, oilaviy baxt va uzoq umr tilaymiz. Hayotingizdan, xonadoningizdan hech qachon fayz-u baraka, quvonch va totuvlik arimasin. Vatanimiz ravnaqi yo‘lidagi xayrli ishlaringizda hamisha yuksak muvaffaqiyatlar yor bo‘lsin!

 

Mustaqillik bayramingiz muborak bo‘lsin!

 

O‘zbekiston Respublikasi
Markaziy saylov komissiyasi jamoasi

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur